Centrum Air Samara — Toshkent reysiga yoʻlovchining qoʻyilmaganiga izoh berdi
Centrum Air Samara — Toshkent reysiga qoʻyilmagan bloger komil_vlogs’ning xabariga izoh berdi. U bortkuzatuvchidan faqat oʻzbek tilida gapirishni iltimos qilganini daʼvo qilgan. Kompaniya esa erkak oʻzini agressiv tutganini maʼlum qildi. Instagramdagi videosida u bortkuzatuvchilar haqida haqoratli fikrlar bildirgan.

Centrum Air Samara — Toshkent reysiga yoʻlovchi nima sababdan qoʻyilmaganiga izoh berdi
Centrum Air aviakompaniyasi 5 oktyabr kuni C6468 Samara — Toshkent reysi bilan uchgan bloger komil_vlogs’ning bortkuzatuvchidan u bilan oʻzbek tilida gaplashishni soʻraganidan keyin bortga qoʻyilmagani haqidagi xabariga munosabat bildirdi.
«Centrum Air — koʻp millatli Oʻzbekistonda tashkil etilgan va rivojlanayotgan aviakompaniya. Barcha bortkuzatuvchilarimiz oʻzbek, rus va ingliz tillarini bilishadi va yoʻlovchilar bilan ular uchun qulay tilda muloqot qilishadi», — deb xabar berdi tashuvchi matbuot xizmati.
Aviakompaniyaning bildirishicha, yoʻlovchi «bortkuzatuvchiga nisbatan oʻzini tajovuzkor tutgan: qoʻpol shaklda talablar qoʻygan, xodimni haqorat qilgan va yoʻlovchilarni bortga chiqarish vaqtida uning ishiga toʻsqinlik qilgan».
«Bunday xatti-harakatlar bortdagi xavfsizlik va tartibga tahdid solishi mumkin edi, shu sababli havo kemasi komandiri yoʻlovchini parvozga qoʻymaslik haqida qaror qabul qildi. Biz bu qarorni toʻliq asosli deb hisoblaymiz», — deya maʼlum qildi Centrum Air.
«Hodisaning barcha tafsilotlari hujjatlashtirilgan. Aviakompaniya ushbu fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda», — deya qoʻshimcha qildi kompaniya.

