“Byudjetdan yetarli mablagʻ ajratilgan” — deputat taʼlim muassasalarini jihozlash va bemorlarni bepul dorilar bilan taʼminlash kechikayotganini tanqid qildi

“Byudjetdan yetarli mablagʻ ajratilgan” — deputat taʼlim muassasalarini jihozlash va bemorlarni bepul dorilar bilan taʼminlashdagi kechikishlarni tanqid qildi
Oʻzbekistonda taʼlim va tibbiyot tizimlarida davlat byudjeti ijrosining oʻz vaqtida bajarilmayotgan holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda deputat Sharofiddin Nazarov 15-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida maʼlum qildi.
Deputatlar 2026-yilning birinchi yarmida davlat byudjeti ijrosi qay darajada amalga oshirilganini muhokama qildi. Yigʻilishda Sharofiddin Nazarov byudjetdan mablagʻ ajratilgan boʻlsa-da, taʼlim muassasalarini jihozlash, bemorlarni bepul dori vositalari va tibbiy uskunalar bilan taʼminlash kechikayotganini aytdi.
“Ayrim davlat agentliklari va idoralari byudjet xarajatlari ijrosini nihoyatda sust olib borgan. Markazlashgan investitsiya loyihalari, fan, taʼlim sohasini rivojlantirish hamda hududlarni obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirishda kutilgan natijalarga erishilmagan holatlar ham tanqidiy koʻrib chiqildi”, dedi u.
Sharofiddin Nazarov infratuzilma dasturlariga kiritilgan yangi obyektlar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ham oʻz vaqtida tasdiqlanmaganini bildirdi. Deputat bu holat ijtimoiy va taʼlim muassasalarini vaqtida topshirmaslik xavfini yuzaga keltirayotganini taʼkidladi.
“Investitsiya loyihalarining biznes rejalari va qaytarilish xatarlarini oldindan baholash tizimini qayta koʻrib chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashdagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar belgilash talab etiladi”, deb aytdi Qonunchilik palatasi vakili.
Sharofiddin Nazarovning taʼkidlashicha, Hisob palatasi bergan xulosalarda qator muhim moliyaviy koʻrsatkichlar aks etmay qolmoqda. Eng xavotirlisi esa, soliq va byudjet koʻrsatkichlari bir-biriga mos kelmaydi.
“Soliq organlarining axborot tizimlari va byudjet hisoblari oʻrtasida jiddiy tafovutlar saqlanib qolmoqda. Hisobotlarda yuridik shaxslarning jami soliq qarzdorligi hamda tadbirkorlar tomonidan ortiqcha toʻlangan soliq summalari toʻliq aks ettirilmagan. Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliq qarzdorliklari esa bundan chetda qolayotgani tashvishlanarli. Shundan kelib chiqib, Soliq qoʻmitasi axborot tizimlarini byudjet hisobotlariga toʻliq integratsiya qilish orqali real soliq qarzdorligi va ortiqcha toʻlovlar shaffofligini taʼminlash, shuningdek, boqimanda qarzdorlikni undirish boʻyicha taʼsirchan va tezkor choralar koʻrish zarur deb hisoblaymiz”, dedi deputat.

