Buxoroning tarixiy qismida yoʻlovchi tashishga moʻljallanmagan vositalar harakati cheklanadi
Ark qoʻrgʻonidan Poyi kalon ansambli, Haqiqat koʻchasi boʻylab, Labi-hovuz ansambligacha boʻlgan hududda elektroskuter, riksha, moped, 4 gʻildirakli velosiped, elektrosamokat, karting, ot va tuyada harakatlanish cheklanadi.

Buxoroning tarixiy qismida yoʻlovchi tashishga moʻljallanmagan vositalar harakati cheklanadi
Buxoro shahrining tarixiy qismida yoʻlovchi tashishga moʻljallanmagan vositalar harakati cheklanadi. Bu haqda Buxoro shahri hokimining qarorida belgilangan.
Ayrim hollarda xorijiy va mahalliy sayyohlar sogʻligʻiga, ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soluvchi, madaniy meros obyektlari hududida ruxsat etilmaydigan yoʻlovchi tashish vositalarida harakatlanish oqibatida zarar yetkazish holatlari kuzatilmoqda.
Buxoro shahrining Ark qoʻrgʻonidan Poyi kalon ansambli, Haqiqat koʻchasi boʻylab, Labi-hovuz ansambligacha boʻlgan hududida fuqarolar va ayrim yuridik shaxslar tomonidan yoʻlovchi tashishga moʻljallanmagan hamda amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq kelmaydigan harakatlanish vositalari soni keskin oshgan.
Buning natijasida yoʻl harakati ishtirokchisi sifatida tartibsiz harakatlanishlar, tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlarning erkin va xavfsiz harakatlanishiga xavf tugʻdirayotgani hamda piyodalarning sogʻligʻiga shikast yetkazilishi bilan bogʻliq holatlarga yoʻl qoʻyilgan.
Qarorga koʻra, Ark qoʻrgʻonidan Poyi kalon ansambli, Haqiqat koʻchasi boʻylab, Labi-hovuz ansambligacha boʻlgan hududda qonunchilik talablariga muvofiq boʻlmagan yoʻlovchi tashish va individual harakatlanish vositalari, jumladan elektroskuter, riksha, moped, 4 gʻildirakli velosiped, elektrosamokat, karting, ot va tuyada harakatlanishini cheklashga oid barcha kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻriladi.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq yoʻlovchi tashish boʻyicha belgilangan talablarga javob bermaydigan vositalar orqali yoʻlovchi tashishga yoʻl qoʻyilishi holatlari uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari qoʻllaniladi.
Qaror 2026-yil 1-oktabrdan boshlab kuchga kiradi.

