Mahalliy

Buxorodagi Sarrofon hammomini o‘z mablag‘idan restavratsiya qilgan oila uni boshqarish huquqini yo‘qotishi mumkin

1990-yil Buxoro shahri hokimi tadbirkor Rashid Abdullayevga Sarrofonning restavratsiyasini taklif qiladi. Hammomni tiklagan oila bugun uning boshqaruvini yo‘qotishi mumkin. Madaniy meros agentligi bilan nizo ortida investitsiya majburiyati va hammomning qanday ishlatilishi haqidagi qarshi pozitsiyalar turibdi.

Buxorodagi Sarrofon hammomini o‘z mablag‘idan restavratsiya qilgan oila uni boshqarish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin

Buxorodagi XVI asrga oid Sarrofon hammomi qariyb 30 yil davomida xususiy investor va uning oilasi hisobidan restavratsiya qilinib, asrab-avaylab kelinmoqda. 2019-yilda investor vafotidan keyin bino madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan. 2021-yilda esa u investorning bevasi asoschisi bo‘lgan “Shergiron” MCHJga 30 yil muddatga foydalanish uchun ijaraga berilgan.

Shundan so‘ng obyektdagi investitsiya majburiyatlari hamda ijara shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalasi yuzasidan ijaraga beruvchi davlat organi bilan “Shergiron” o‘rtasida sud tortishuvlari boshlangan.

2026-yil 25-avgust kuni Oliy sud kadastr komissiyasining Sarrofon hammomi bo‘yicha ijara huquqini bekor qilgan qarorini haqiqiy emas deb topib, “Shergiron” foydasiga hukm chiqargan. Biroq bu bilan hammom atrofidagi bahslar to‘liq yakun topmagan.

Sarrofonning bugungi holatini anglash uchun XX asrga qaytish kerak. Buxoroda jamoat hammomlariga borish an’anasi asrlar davomida davom etib kelgan. Bundan 100−120 yil avval ham Eski shahar qismida 19 ta jamoat hammomi mavjud bo‘lgan. Qizil armiyaning 1920-yilda Buxoro amirligini tugatishga qaratilgan bosqini oqibatida shahardagi ko‘plab bino va inshootlar qatori hammomlar, jumladan, o‘zining arxitekturaviy yechimlari bilan Sharq hammom uslubining muhim namunasi sanaladigan Sarrofonga ham zarar yetgan.

Madaniy meros agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Sarrofonning pol ostidagi isitish tizimi sovet davridagi ilmiy-tadqiqot ishlari vaqtida jiddiy shikastlangan va hammom foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan.

“1990-yillarning boshida Buxoro shahri hokimi bo‘lgan Karim Kamolov tadbirkor Rashid Abdullayevga ushbu obidani restavratsiya qilishni taklif qilgan. Hokimlikda barcha yodgorliklarni qayta tiklash uchun yetarli mablag‘ bo‘lmagan. Shuning uchun ular tadbirkorlarga murojaat qilishgan”, — deydi Rashid Abdullayevning kelini Suna Abdullayeva.

Rashid Abdullayev sovet davridayoq Buxoroda turizm sanoatini rivojlantirgan. U shaharda birinchilardan bo‘lib, italyan djelatosiga o‘xshash mevalardan foydalanib tabiiy muzqaymoq ishlab chiqargan, muzqaymoq salonlari tarmog‘iga asos solgan, Zarafshon mehmonxonasida kichik restorani ham bo‘lgan.

U hokim taklifiga javoban konservatsiya shartnomasi asosida hammomlarni qayta tiklashga va’da beradi. Investor avvaliga Sarrofonni to‘laqonli hammom majmuasiga aylantirmoqchi bo‘lgan. Ammo shaharda kanalizatsiya tizimi va zamonaviy infratuzilma yo‘qligi sabab bu texnik jihatdan imkonsiz bo‘lib chiqadi.

Rashid Abdullayev Madaniyat yodgorliklarini konservatsiya va restavratsiya qilish instituti ishlab chiqqan loyiha asosida 2 million dollardan oshiq shaxsiy mablag‘i evaziga ob’ektning tarixiy qiyofasini tiklaydi. Natijada hammom hududining 70 foiz devorlari qayta tiklanadi, tom qismi va muhandislik infratuzilmasi quriladi, qo‘lda tayyorlangan bezak koshinlari hamda yoritish tizimi o‘rnatiladi.

Abdullayev bu jarayonda hammomning kirish qismini yaratish uchun qo‘shni do‘konlarni sotib oladi va o‘sha yerda Sarrafon restoraniga asos soladi. Hammomning o‘zidan tijorat maqsadida foydalanilmaydi. Ammo to‘liq restavratsiya qilingani sababli 1996-yildan boshlab keng jamoatchilikka muzey sifatida ochiladi. Restoranga kirganlar muzeyga ham kirib, ta’mirlangan yodgorlikni ko‘rib chiqishadi.

“2019-yilda qaynotam Rashid Abdullayev vafot etgach, obyekt madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi. Ungacha 1999-yilda Buxoro viloyat madaniyat yodgorliklarini saqlash davlat boshqarmasi tomonidan tuzilgan muhofaza shartnomasi amal qilardi. Shartnomaga ko‘ra, oilamizga hammomdan „Buxoroda XVIII-XX asrdagi hammomlar muzeyi“ sifatida foydalanish va uni saqlash majburiyati yuklatilgan”, — deydi Suna Abdullayeva.

2021-yilda Hukumat qaroriga asosan obida 30 yil muddatga investorning bevasi Firuza Abdullayeva ta’sischi bo‘lgan “Shergiron” MCHJga ijaraga beriladi. Ijarachiga hammom uchun 3 milliard so‘m investitsiya kiritish majburiyati yuklatiladi.

Ijara obyektining loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun O‘zbekistondan mutaxassis topilmagach, Abdullayevlar oilasi Erondagi UNESCO obyektlarini saqlash bo‘yicha yetakchi “Emarat Khorshid Engineers” kompaniyasiga murojaat qiladi. Kompaniya hammomdagi 4 yillik ilmiy tadqiqotlari natijasida 180 betlik ilmiy hisobot va Sarrofon hammomini zamonaviylashtirish bo‘yicha batafsil loyiha ishlab chiqadi.

Undan ma’lum bo‘lishicha, mazkur obyektda zamonaviy hammom majmuasini yaratish uchun zarur investitsiya miqdori dastlab belgilangan 3 milliard so‘mdan olti-yetti barobar ko‘p, ya’ni 1,5 million dollarni tashkil qiladi.

“Bu oilamiz tomonidan shu paytgacha hammomni tiklash uchun sarflangan investitsiyani sezilarli darajada oshiradi. Eronlik mutaxassislar tayyorlagan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishiga tayangan holda kommunikatsiya, gaz, elektr energiyasi va suv kabi asosiy xarajatlari hisoblaganimizda katta miqdor kelib chiqdi. Gap Markaziy Osiyo hududidagi eng yirik tarixiy hammomlardan biri haqida ketmoqda. Doimiy ravishda isitilishi, xizmat ko‘rsatilishi va saqlanishi kerak bo‘lgan maydon juda katta”, — deydi u.

Oila taxminiy xarajatlarni obyektning ehtimoliy daromadi bilan taqqoslaydi. Hisob-kitob uchun shaharda faoliyat yuritayotgan ikkita qadimiy hammom — Bozori Kord va Kunjak hammomlariga tashrif buyurishning o‘rtacha narxiga tayanishadi.

Shuningdek, Sarrofonning o‘tkazuvchanlik qobiliyati hamda maksimal yuklama paytidagi ehtimoliy tushumini ham hisoblab chiqishadi. Obyekt to‘liq yuklama bilan ishlagan taqdirda ham, hisoblangan tushum taxmin qilingan xarajatlarni qoplashga yetmasligi aniqlanadi. Ya’ni loyiha foyda tugul, hatto zararsizlik nuqtasiga ham chiqa olmasligi ma’lum bo‘ladi.

“Aynan shuning uchun bunday investitsiya maqsadga muvofiq emas degan xulosaga keldik. Qolaversa, bino hech qachon investorning mulki bo‘lmasligi faktini hisobga olsak — bu jiddiy investitsion xatarlarni keltirib chiqaradi. Chunki istalgan vaqtda qonunchilik yoki tartib o‘zgarishi mumkin va kiritilgan barcha mablag‘lar yo‘qotilish xavfi ostida qoladi”, — deydi Suna Abdullayeva.

Bundan tashqari, arxeologik qazishmalarda bevosita qatnashgan bir qator olimlar zamonaviy hammomni aynan Sarrofon hammomi hududida tashkil etishga qarshi fikr bildiradi. Ular suvdan faol foydalanish tarixiy obyektga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidlaydi.

“Ilmiy xulosalardan kelib chiqib, Madaniy meros agentligiga hammom o‘rnida “An’anaviy cho‘milish amaliyotlari muzeyi”ni tashkil etish va davlat-xususiy sheriklik shartlariga o‘tish bo‘yicha murojaat qildik. Ammo agentlik bu taklifni rad etdi”, — deydi Suna Abdullayeva.

Shundan keyin ushbu tarixiy yodgorlik atrofida xususiy investor merosxo‘rlari va davlat idoralari o‘rtasida murakkab huquqiy nizo yuzaga keladi va u hanuz davom etmoqda.

Abdullayevlar oilasi Eron kompaniyasi tayyorlagan loyiha agentlik tomonidan umuman o‘rganib chiqilmagani haqida e’tiroz bildiradi. Buning sababini so‘raganimizda agentlik “oila tomonidan bunday loyiha taqdim qilinmagan” deya javob berdi.

Suna Abdullayeva esa loyiha hujjatlarini agentlikka topshirish masalasi bir necha bor og‘zaki ko‘tarilganini, biroq Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi xodimlari “hali vaqt bor” degan vaj bilan hujjatlarni qabul qilishni keyinga surganini aytadi.

“Loyiha hujjatlarini birinchi marta yozma ravishda 2025-yil 22-sentabrda Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasiga taqdim etganmiz. Boshqarma 23-sentabrdagi javob xatida ishga aloqador sudlar tugamaguncha loyiha hujjatlarini ishchi organga yubormasligini ma’lum qilgan.

2025-yil 9-oktabrda (penya undirishni bekor qilish haqidagi) sud qarorlari qonuniy kuchga kirganidan so‘ng Sarrofon hammomi va “Eski ZAGS” binolarini restavratsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha loyiha hujjatlarini boshqarmaga takroran taqdim etganmiz. Ammo ular loyihani o‘rganuvchi kengash tuzilmagani uchun uni ko‘rib chiqish va respublika darajasiga o‘tkazishning imkoni yo‘qligini aytgan”, — deydi Suna Abdullayeva.

Rashid Abdullayevning farzandlari otasi qariyb 30 yil davomida shaxsiy mablag‘i hisobidan restavratsiya qilgan obyektni boshqarish va undan foydalanish imkonini saqlab qolishni istaydi.

“Rahmatli qaynotam hammomni tiklaguncha uzoq va mashaqqatli mehnatni boshidan o‘tkazdi. Biroq bu nafaqat uning, balki butun oilaning fidoyiligi edi. Qaynonamning aytishicha, oilamizning boshqa loyihalaridan tushgan mablag‘larning barchasi ushbu tarixiy obidani restavratsiya qilishga yo‘naltirilgan. Sarrofon hammomi qaynotamning eng qimmat va oxirgi loyihasi edi”, — deydi Suna Abdullayeva.

Ular Sarrofon hududida muzey ochish orqali hammomni shunchaki me’moriy obyekt sifatida saqlab qolish emas, balki uni Markaziy Osiyo hammomlari madaniyati tarixi muzeyi sifatida taqdim etishni maqsad qilgan. Bunda tashrif buyuruvchilarga hammom tarixan qanday tuzilgani, unga tashrif bilan bog‘liq qanday an’ana va urf-odatlar bo‘lgani, qanday muolajalar o‘tkazilgani haqida ma’lumot berish rejalashtirilgan. Qolaversa, hammomning islom sivilizatsiyasidagi ahamiyati — uning madaniyat, gigiyena, ijtimoiy an’analar va diniy turmush tarzi nuqtai nazaridan tutgan o‘rniga ham alohida e’tibor qaratiladi.

“Ya’ni, gap shunchaki binoni saqlab qolish haqida emas, balki obyektning o‘zi orqali mintaqaning tarixi, an’analari va madaniy merosi haqida so‘zlab berish mumkin bo‘lgan makon yaratish haqida bormoqda. Agentlik nima uchun ushbu taklifni rad etgani biz uchun haligacha tushunarsiz”, — deydi Suna Abdullayeva.

Agentlik esa mazkur taklif ham belgilangan tartibda rasmiy shaklda taqdim etilmaganini aytadi.

Oila bunga e’tiroz bildirib, agentlikning mas’ul xodimlari murojaatchi bilan suhbat o‘tkazgani va uning yakunlari bo‘yicha 2024-yil 6-iyunda dalolatnoma rasmiylashtirilib, imzolanganini aytadi. Dalolatnomada murojaat Bosh vazir o‘rinbosarining 2024-yil 20-apreldagi Hukumat komissiyasi yig‘ilishining 64-sonli bayoni, 7-ilova, 83-bandida belgilangan topshiriq ijrosini ta’minlash doirasida ko‘rib chiqilgani ham qayd etilgan.

“Ushbu tashabbusning Hukumat komissiyasi bayonnomasiga kiritilgani va agentlikka tegishli topshiriq berilgani uning davlat organlariga rasmiy ravishda yetib borganini ko‘rsatadi”, — deydi Suna Abdullayeva.

Sarrofon atrofidagi nizo — xususiy investorning madaniy meros obyektini yillar davomida saqlab, keyin undan foydalanish huquqini yo‘qotishi bilan bog‘liq yagona holat emas. Buxorodagi Abdullaxon Tim savdo gumbazi bilan ham shunday vaziyat yuz bergan.

1997-yilda o‘sha paytda avariya holatida bo‘lgan tarixiy binoni rekonstruksiya qilish Bahshand Fayziyevaga topshiriladi. Fayziyeva va uning oilasi 30 yil davomida binoni o‘z mablag‘i hisobidan ta’mirlab, saqlab keladi, shu yerda qadimiy to‘qimachilik an’analarini tiklash va hunarmandchilikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Biroq ular 2024-yilda timdan chiqarib yuboriladi.

Bu haqda Human House galereyasi egasi Lola Sayfi o‘zining Facebook sahifasida bir nechta postlar, Bahshand Fayziyevaning prezidentga murojaatlarini qoldirgan.

Suna Abdullayevaning aytishicha, shunga o‘xshash holat Toshkentdagi tarixiy timlardan birini 1990-yillarda qayta tiklagan boshqa bir oilada ham yuz bermoqda.

Bu holatlar xususiy investorning tarixiy obidani restavratsiya qilish va uzoq vaqt saqlashga sarflagan mablag‘i keyinchalik uning ushbu obyektni boshqarish yoki undan foydalanish huquqiga ta’sir qiladimi yoki yo‘q, ular uchun qonunchilikda qandaydir maqom bormi, degan savollarni yuzaga keltiradi.

Madaniy meros agentligi ma’lum qilishicha, investorning obidani restavratsiya qilishga sarflagan mablag‘lari va uni saqlashga qo‘shgan hissasi unga obyektni boshqarish yoki undan foydalanish huquqini avtomatik tarzda bermaydi.

“Bunday huquqlar qonunchilik va tegishli shartnoma asosida belgilanadi. Shu bilan birga, shaxsiy mablag‘i hisobidan madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilgan yoki saqlagan shaxslar uchun hech qanday maqom ham mavjud emas”, — deyiladi agentlik javobida.

Sarrofon hammomi va Abdullaxon timi bilan bog‘liq holat tarixiy obidalarni saqlash uchun xususiy mablag‘ va tashabbusga tayangan hollarda, investorning yillar davomida qilgan xarajatlari va mehnati keyinchalik qanday baholanishi kerakligi bo‘yicha alohida huquqiy mexanizm ishlab chiqishga ehtiyoj borligini ko‘rsatmoqda.

Suna Abdullayeva so‘nggi ikki yilda Sarrofon hammomi bilan bog‘liq turli sudlar, tekshiruvlar va hujjat talab qilishlar davomida na agentlik rahbariyati, na yuqori turuvchi idoralardan biror vakil ular bilan yuzma-yuz uchrashib, vaziyatni muhokama qilishni tashkil etmaganini aytadi.

“Agar gap chindan ham faqat qonunga rioya qilish haqida ketayotgan bo‘lsa, nega ochiq muloqotning har qanday imkoniyati izchil ravishda rad etildi? Nega ikki yil davomida ma’muriy bosimdan tashqari biror yechim topishga urinish bo‘lmadi? Bu voqealarning barchasini tahlil qilgan sari, oilamizni hammomni boshqarish huquqidan mahrum etish ortida madaniy merosni himoya qilishdan ancha kengroq manfaatlar yotgandek taassurot paydo bo‘lyapti”, — deydi u.

Abdullayeva madaniyat va madaniy meros sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan loyihalarning ko‘lami va ahamiyatini e’tirof etgan holda, madaniy merosni asrash va keyingi avlodlarga yetkazishda hissa qo‘shayotgan oddiy fuqarolar bilan yuz berayotgan muammolarga befarq bo‘lmaslikni so‘raydi.

“O‘zbekistonga tashrif buyurayotganlar sonining ta’sirli statistikasi, turizm rivojlanishi, xalqaro e’tirof, dunyoning nufuzli nashrlari muqovalarida O‘zbekistonning paydo bo‘lishi juda quvonarli. Ammo yorqin loyihalar va tantanalar ortida mamlakat ichidagi tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish zarurati hanuz dolzarbligicha qolmoqda.

Yaqinda davlat rahbariga taqdim etilgan ushbu sohaga oid loyihalarning juda katta qismi xalqaro aloqalarga qaratilgan ko‘rgazmalar, konsertlar va boshqa tashabbuslardan iborat. Biroq Sarrofon hammomi misolida va yana qator boshqa holatlarda yaqqol ko‘rinib turgan ichki tizimni isloh qilish, uni takomillashtirish bo‘yicha birorta ham taklif ilgari surilmadi.

Xalqaro hamjamiyat e’tirofiga erishishga intilar ekanmiz, nega yodgorliklarni asrashga hissa qo‘shgan mahalliy hamjamiyatlar, ularning haqiqiy posbonlari, kamtarin hunarmandlar va befarq bo‘lmagan fuqarolar e’tibordan chetda qolmoqda? Nega ayrim hollarda ular nazorat qiluvchi idoralar tomonidan ochiqchasiga bosim ostiga olinmoqda?”, — deydi Suna Abdullayeva.

Abdullayevlar oilasi bilan ijara shartnomasi bekor qilinsa, hammomdan qanday maqsadda foydalaniladi? Restavratsiya va saqlash xarajatlarini kim moliyalashtiradi? Agar yangi investor yoki ijarachi jalb etilsa, u qanday mezonlar asosida tanlanadi? Agentlikning bu savollarga umumiy javobiga ko‘ra, mazkur masalalar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari (1, 2) bilan tartibga solinadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.