Buxoroda voyaga yetmagan bolani kaltaklaganlarga nisbatan «ish» ochildi
Tergovga qadar tekshiruv doirasida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi natijasiga ko‘ra, bolaning tanasining turli sohalarida jarohatlar borligi

Buxoroda voyaga yetmagan bolani kaltaklagan shaxslarga nisbatan «ish» qo‘zg‘atildi
Buxoro viloyatida voyaga yetmagan bolaga zo‘ravonlik qilingani haqidagi ijtimoiy tarmoqlar hamda ayrim OAVda tarqalgan xabarlarga Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 28-avgust kuni Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro E.R. qizi O.D. bilan uchrashish uchun kelgan 2009-yilda tug‘ilgan E.O.ni uning xohish-irodasiga zid ravishda avtomashinada qarindoshi F.F.ning uyiga olib borgan.
U yerda E.R. va boshqa shaxslar voyaga yetmagan bolani kaltaklagani aytilmoqda.
Tergovga qadar tekshiruv doirasida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi natijasiga ko‘ra, bolaning tanasining turli joylarida jarohatlar borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan 7-sentyabr kuni E.R. va F.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi «a», «v» bandlari hamda 105-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan jabrlanuvchining protsessual huquqlari ta’minlanishi ustidan nazoratni davom ettirishini bildirdi.
Shuningdek, bolaning manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmatini hisobga olgan holda, jinoyat ishiga oid tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirildi.

