Mahalliy

Buxoroda somoniylar davriga oid noyob ganch lavha qoldiqlari topildi

Shunchaki arxeologik osoriatiqa emas, balki Buxoroning somoniylar davridagi me’moriy va badiiy muhitini ko‘z oldimizga keltirishga

**Buxoroda somoniylar davriga oid noyob ganch lavha qoldiqlari aniqlandi**

Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida olib borilayotgan xalqaro tadqiqotlar jarayonida somoniylar davriga mansub muhim topilma qo‘lga kiritildi. Izlanishlar davomida jome masjidi me’moriy bezaklariga oid, kufiy bitiklar tushirilgan ganch lavha bo‘laklari topildi. Buxoro viloyati hokimligi mas’ul xodimining «Xabar.uz»ga bildirishicha, qazishmalar O‘zbekiston-AQSh xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ekspeditsiya tarkibida O‘zbekiston va AQSh mutaxassislari bilan birga Rossiya va Eron arxeologlari, rassomlar, chizmachilar hamda «Buxoro» davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari ham ishtirok etmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, topilgan ganch lavha parchalari bizgacha yaxlit va yaxshi holatda yetib kelmagan. Shu sababli hozirda topilmani asl ko‘rinishida saqlab qolish, yemirilishdan asrash va ilmiy ahamiyatini yo‘qotmaslik maqsadida restavratsiya hamda konservatsiya ishlari boshlangan.

Ekspeditsiya rahbari Jamoliddin Mirzaahmedovning aytishicha, ganch lavhadagi kufiy bitiklar va me’moriy bezak namunalari somoniylar davri badiiy hamda me’morchilik an’analarini o‘rganishda juda muhim ahamiyatga ega.

«Topilgan ganch bezaklari shunchaki arxeologik osoriatiqa emas, balki Buxoroning somoniylar davridagi me’moriy va badiiy muhitini ko‘z oldimizga keltirishga xizmat qiladigan muhim ilmiy manbadir. Ayniqsa, kufiy bitiklardan omon qolgan parchalar o‘sha davr epigrafik bezak an’analarini tadqiq etishda qimmatli ma’lumotlar beradi»,

— dedi Jamoliddin Mirzaahmedov.

Tadqiqotchilar uchun bu topilma me’moriy bezak, ganch o‘ymakorligi va epigrafika (bitiklar) san’atini yagona majmuada aks ettirgani bilan nihoyatda qadrli hisoblanadi. Bu esa somoniylar davrida Buxoro me’morchilik san’ati va bezakchilik maktabi qay darajada rivojlanganini o‘rganish uchun yangi ilmiy imkoniyatlar yaratadi.

Hozir Shahriston arxeologik yodgorligidagi qazishmalar bilan bir qatorda topilgan ganch bezaklarini mustahkamlash, konservatsiya qilish hamda ularni ilmiy jihatdan hujjatlashtirish ishlari ham faol davom etmoqda.

Mutaxassislar ayni paytda topilmaning tarkibi, bezak uslubi, bitiklari va me’moriy jihatlarini o‘rganmoqda. Uni somoniylar davri Buxorosi tarixini yorituvchi muhim arxeologik manba sifatida ilmiy muomalaga kiritish ishlari boshlangan. Bu izlanishlar Buxoroning somoniylar davri me’morchiligini yanada chuqurroq tadqiq etish bilan birga, o‘sha davr ganch o‘ymakorligi hamda epigrafik bezak san’ati taraqqiyotini tahlil qilishda mustahkam ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.