Buxoroda Somoniylar davriga oid ganch panel qoldiqlari aniqlandi
Buxorodagi Shahriston yodgorligida Somoniylar davriga (IX-X asrlar) oid jome masjidining ganch panel qoldiqlari aniqlandi. To‘liq va yaxshi saqlanmagan panel restavratsiya va konservatsiya qilinmoqda. U Somoniylar davri me’morchiligini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi.

Buxoroda Somoniylar davriga oid ganch panel qoldiqlari topildi
Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida Somoniylar davriga (IX-X asrlar) mansub jome masjidining me’moriy bezaklari tarkibiga kiruvchi, kufiy yozuvlar bitilgan ganch panel qoldiqlari aniqlandi.
Bu topilma O‘zbekiston-AQSh xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi olib borgan tadqiqotlar jarayonida qo‘lga kiritildi. Arxeologik izlanishlarda O‘zbekiston va AQSh mutaxassislari bilan birga Rossiya va Eron arxeologlari, rassomlar, chizmachilar hamda “Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari ham qatnashmoqda.
Ekspeditsiya rahbari Jamoliddin Mirzahmedovning aytishicha, aniqlangan ganch panel qoldiqlari to‘liq va yaxshi saqlangan holatda saqlanib qolmagan. Shu bois topilmani asrab qolish maqsadida mutaxassislar tomonidan restavratsiya va konservatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu topilma Buxoroning Somoniylar davri me’morchiligi, ayniqsa ganch o‘ymakorligi va epigrafik bezak an’analarini o‘rganishda muhim ilmiy manba sanaladi.
Hozirda Shahriston arxeologik yodgorligida arxeologik tadqiqotlar bilan birga aniqlangan me’moriy ganch bezaklarini mustahkamlash, konservatsiya qilish va ilmiy jihatdan o‘rganish ishlari ham davom etmoqda.

