Buxoroda 211 marta qoidabuzarlik qilgan Tracker jarima maydonchasiga joylashtirildi

Buxoroda 211 marta qoidabuzarlik qilgan Tracker jarima maydonchasiga joylashtirildi
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida 211 ta ma’muriy jarimasi bor avtomobil aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, Buxoroda o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida 2,6 milliard so‘mlik 114 ta ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlar nomidagi 98 ta avtotransport vositasi jarima maydonchalariga joylashtirilib, 70 ta 741 million so‘mlik ijro hujjatining ijrosi amalda ta’minlangan.
Ma’muriy jarimalarni undirish yuzasidan olib borilgan ishlar jarayonida Romitan tumanida yashovchi fuqaro o‘ziga tegishli Tracker 2 avtomobilini yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmagan holda boshqargani sabab 211 ta qoidabuzarlik sodir etgani ma’lum bo‘lgan. Uning jami 137 million so‘mlik ma’muriy jarimasi mavjud edi.
Qidiruv tadbirlari davomida mazkur avtomashina topilib, vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Ayni paytda qarzdorlarga tegishli bo‘lgan qidiruvdagi avtotransport vositalarini aniqlash bo‘yicha reyd tadbirlari davom etmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida haydovchi Spark’da 344 marta qoida buzgani haqida xabar berilgandi. Transport vositasi egasiga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun 175 million so‘mdan ortiq jarima hisoblangan.

