Mahalliy

Buxoro ko‘chalarida «Arshin mol olon» kezdi (foto)

Qardosh xalqlar do‘stligi san’at orqali yana bir bor namoyon bo‘ldi

Buxoro ko‘chalarida «Arshin mol olon» kezdi (foto)

«Arshin mol olon» operettasi ozarbayjonlik mehmonlar va buxorolik tomoshabinlarga unutilmas taassurot qoldirib, qardosh xalqlar do‘stligini san’at orqali yana bir bor namoyon etdi.

Qadimiy Buxoroda o‘tkazilgan Ozarbayjon madaniyati kunlari ulkan tarix, milliy san’at va qardosh xalqlar birligini aks ettirgan xalqlar do‘stligi hamda madaniy muloqot maydoniga aylandi. Shaharda tashkil etilgan «Ozarbayjon madaniyati kunlari» doirasida ozarbayjonlik mehmonlar o‘z xalqining boy madaniyati, milliy san’ati va an’analarini buxoroliklar bilan o‘rtoqlashdi.

Tantanali uchrashuvlarda o‘zbek va ozarbayjon xalqlarini asrlar davomida bog‘lab kelayotgan mushtarak tarix, til, urf-odatlar va ma’naviy qadriyatlar alohida qayd etildi.

— O‘zbekiston va Ozarbayjonni faqat qo‘shnichilik yoki diplomatik munosabatlargina emas, ko‘p asrlik tarix, mushtarak qadriyatlar va xalqlarimiz o‘rtasidagi samimiy mehr-oqibat ham bog‘lab turadi. Buxoroyi Sharifdek buyuk tarixga ega shaharda madaniyatimizni namoyon etish biz uchun katta mamnuniyat. Bu uchrashuvlar xalqlarimiz o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlashiga ishonaman, — dedi Rashad Mammadov.

Madaniyat kunlari doirasida Buxoro shahridagi Yoshlar markazida hamda tarixiy «Ko‘kaldosh» madrasasida madaniy tadbirlar uyushtirildi.

Ozarbayjonning milliy kuy-qo‘shiqlari, jo‘shqin ijrolari va o‘ziga xos musiqiy an’analari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Ayniqsa, Buxoro davlat universitetida buyuk ozarbayjon bastakori Hojibekovning mashhur «Arshin mol olon» operettasi namoyishi madaniy dasturning yorqin voqealaridan biri bo‘ldi.

— «Arshin mol olon» navosi Buxoroyi Sharifning eski shahri bo‘ylab taralganida, atrofda oyoq qo‘yguli joy topilmadi. Odamlar shu qadar oqib kelishdiki, ularning san’atga, musiqa ohangiga oshuftaligi, qo‘shilishib raqslar tushib, ijrolarni o‘zlari davom ettirishi bizning yanada mehrimizni oshirdi,

— dedi jo‘shqinlik bilan elchi.

Shuningdek, Ozarbayjon elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining «Xoribulbul» teatri truppasi tomonidan sahnalashtirilgan spektakl tomoshabinlarga milliy teatr san’atining o‘ziga xos jihatlarini kashf etish imkonini berdi.

Rashad Mammadov Buxoro davlat universitetida «Ozarbayjon—O‘zbekiston tarixiy-madaniy aloqalari» mavzusida o‘tgan seminar-uchrashuvlardan katta taassurot olganini aytdi. Mazkur uchrashuvlarda talabalarga o‘zbek tilida nashr etilgan «Irs-Miras» jurnalining 2025–2026-yilgi qishki soni taqdim etildi. «Ozarbayjonni kashf etish» shiori ostida chop etiladigan nashr tarix, madaniyat va antropologiyaga oid materiallar orqali ozarbayjon xalqining boy merosini o‘zbek kitobxonlariga tanishtirishga xizmat qiladi.

— Ozarbayjonlik mehmonlarimizning Buxorodan olib ketadigan eng qimmatli taassurotlaridan biri, shubhasiz, xalqimizning ko‘rsatgan mehmondo‘stligi va samimiy munosabati bo‘ldi. Bu uchrashuvlar ikki xalqning bir-birini yanada yaqinroq anglashiga, yosh avlodning madaniy merosga hurmat ruhida kamol topishiga va yangi hamkorlik tashabbuslariga yo‘l ochadi,

— dedi viloyat hokimi Botir Zaripov.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.