Mahalliy

Buxoro «Karvon bozor»idagi yong‘in oqibatida 2 200 kvadrat metr maydon zararlandi

Yong‘inni o‘chirishga Buxoro viloyati FVBga qarashli 35 ta ekipaj, 375 nafar o‘t o‘chiruvchi jalb qilindi

Buxorodagi «Karvon bozor»da yuz bergan yong‘in natijasida 2 200 kvadrat metr maydon zarar ko‘rdi

Buxorodagi «Karvon bozor» hududida chiqqan kuchli yong‘in minglab tadbirkorlarga katta zarar yetkazdi.

Bozorning umumiy yer maydoni 94 800 kv metr bo‘lib, savdo faoliyati uchun ajratilgan qismi — savdo rastalari hamda savdo va xizmat ko‘rsatuvchi turg‘un shoxobchalar uchun 5 200 kv metrni tashkil etadi. Bozor jami 4 ta blokdan iborat bo‘lib, bu yerda 880 ta savdo do‘koni aholiga xizmat qilib kelgan.

Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga bildirishicha, yong‘inni o‘chirish uchun Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qarashli jami 35 ta ekipaj va 375 nafar o‘t o‘chiruvchi safarbar etilgan.

Yong‘in yuz bergan hududda jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar mulkini himoya qilish maqsadida Buxoro viloyati IIBning 743 nafar shaxsiy tarkibi va Milliy gvardiyaning Buxoro viloyatidagi 200 nafar xodimi xizmatga jalb qilinib, bozor atrofiga xalqa shaklida joylashtirilgan.

«Navoiy viloyati FVB tomonidan ham tezkor tarzda yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib keldi», — dedi axborot xizmati rahbari.

Tadbirkorlar va guvohlarning aytishicha, yong‘in rasmiy ma’lumotlarda ko‘rsatilganidek soat 00:12 da emas, balki tungi 02:30 larda to‘liq bartaraf etilgan.

«Biz mahsulotlarimizni yig‘ishtirib olishga ulgurolmadik. Soat chamasi tungi 01:30 lar edi. Yong‘in to‘la o‘chirib ulgurilmagan hamda endigina Navoiydan yong‘in-qutqaruv mashinalari yetib kelgan edi», — deydi tadbirkorlardan biri.

Turli do‘konlarda, xususan, maishiy texnika va parfyumeriya bo‘limlarida cho‘g‘larning qolib ketgani, yog‘och va yengil konstruksiyali binolarning haddan tashqari qizib ketgani hamda shu ta’sirda mahsulotlarning portlashi hududda qayta-qayta kichik olov o‘choqlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

«Nima bo‘lganda ham aholi va talaba-yoshlarning bir tanu bir jon bo‘lib, to tongga qadar yordamga oshiqqani, mahsulotlarimizni xavfsiz joyga ko‘chirishga bergan ko‘magi ko‘nglimizga taskin berdi», — deydi jabrlangan tadbirkorlar.

Yong‘in sodir bo‘lgan hududga yaqin joylashgan Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Osiyo xalqaro universitetining minglab talabalari chin dildan yordam ko‘rsatishgan. Yo‘ldan o‘tayotgan haydovchilar ham befarq qolmay, ko‘makka shoshilishgan.

Ushbu yong‘in «Karvon bozor»ning 2 200 kvadrat metr maydoniga jiddiy zarar yetkazgan. Hozirda holat yuzasidan tegishli huquq-tartibot organlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari boshlangan. Batafsil ma’lumotlar taqdim etiladi», — dedi FVB axborot xizmati rahbari.

Viloyat rahbari yong‘in sodir bo‘lgan hududda tadbirkorlar va fuqarolar bilan uchrashdi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning muammolarini tezkor hal etish maqsadida maxsus shtab tashkil etilgan.

Yong‘in oqibatida jarohatlanganlar va vafot etganlar yo‘q. Hozirda viloyat FVB xodimlari tomonidan yong‘in sabablari o‘rganilmoqda. Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.