Butun Frantsiya boʻylab yuz bergan tartibsizliklardan soʻng Parij markazining bir qismida va boshqa shaharlarda komendantlik soati joriy etildi
Bu mamlakat ichki ishlar vaziri politsiya baʼzi shaharlarda «nazoratni yoʻqotganini» tan olganidan keyin yuz berdi.

**Frantsiya boʻylab yuz bergan tartibsizliklardan soʻng Parij markazining bir qismida va boshqa shaharlarda komendantlik soati joriy etildi**
Frantsiya hukumati mamlakat boʻylab dam olish kunlarida yuz bergan tartibsizliklar va talonchiliklardan soʻng Parij markazining bir qismida va boshqa shaharlarda tungi komendantlik soatini joriy etdi.
Parij politsiyasining maʼlum qilishicha, komendantlik soati mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan (Grinvich boʻyicha 21:00) 06:00 gacha dam olish kunlari namoyishchilar toʻplangan Respublika maydonida (Place de la République) va Le-Al (Les Halles) savdo hududida amal qiladi. Shu bilan birga, shahar markazining boshqa bir qancha hududlarida ham ruxsat etilmagan yigʻilishlarga taqiq qoʻyilgan.
Yoshlarning harakatlanishini va yigʻilishlarni cheklaydigan qisman komendantlik soati janubdagi Marsel, Nitstsa va Lion, shuningdek, shimoldagi Lill va boshqa shaharlarda eʼlon qilindi.
Avvalroq, isteʼfosi Prezident Emmanuel Makron tomonidan rad etilgan Ichki ishlar vaziri Loran Nunyes baʼzi shaharlarda politsiya "nazoratni yoʻqotganini" tan olgan edi.
Tartibsizliklar oʻtgan oyda talabalarning maktablardagi sharoitlarni yaxshilashni talab qilishi bilan boshlangan edi, ammo shundan beri noroziliklar kengayib, boshqa eʼtirozlarni ham qamrab oldi.
Rasmiylar 2500 dan ortiq kishi hibsga olinganini maʼlum qildi. AFP axborot agentligiga koʻra, politsiyaning olomonni tarqatish uchun moʻljallangan granatasi portlashi oqibatida bir namoyishchining qoʻli uzilib ketgan. 1000 ga yaqin politsiya xodimi jarohat olgan.
Dunshanba kuni boʻlib oʻtgan inqirozli yigʻilishdan soʻng, bosh vazir qaysi shaharlar jabrlanishini aytmagan holda, mahalliy merlarga "zarur deb topgan joylarida" komendantlik soati joriy qilish vakolati berilayotganini aytdi.
Mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilish ehtimolini inkor etmagan Bosh vazir Sebastyan Lekornyu, shuningdek, hukumat zarar koʻrgan hududlarni qayta tiklashga yordam berish uchun mablagʻ ajratishini, bu mablagʻlar vandalizm uchun javobgarlardan undirib olinishini taʼkidladi.
"Mulkka zarar yetkazganlar uni toʻlashini taʼminlash yoʻllarini topish uchun qonun qabul qilinadi", dedi Lekornyu.
U, shuningdek, tartibsizliklar va talonchiliklar sababli ishlay olmagan odamlar uchun qisman ishsizlik jamgʻarmasini eʼlon qildi.
Shu bilan birga, Nunyes 200 nafar tergovchi ehtimoliy tashkilotchilarni aniqlash maqsadida kuzatuv kameralari tasvirlarini oʻrganayotganini aytdi.
Nunyes yakshanba kuni isteʼfoga chiqishga urindi, ammo Makron "huquqni muhofaza qilish organlarini uzluksiz boshqarish zaruratini hisobga olgan holda" buni rad etdi, deb xabar berdi Yelisey saroyi. Bayonotda aytilishicha, Nunyes Makron "razvedka va oldindan koʻra bilmaslikdagi kamchiliklar" deb atagan holatlar boʻyicha shaffof boʻlishi kerak.
Frantsiya Savdo-sanoat palatalari (CCI) rahbarining aytishicha, dam olish kunlaridagi zoʻravonliklardan 2000 dan ortiq doʻkon va boshqa korxonalar bevosita zarar koʻrgan.
CCI rahbari Alen Di Kreshentso Frantsiyaning RTL telekanaliga tartibsizliklardan koʻrilgan zarar "yuzlab million yevro"ga baholanganini aytdi. CCI’ning Marsel filiali prezidenti Jan-Lyuk Shoven BBC’ga shahardagi koʻplab doʻkon egalari "chuqur qaygʻuda" ekanini va oʻzining omon qolishidan xavotirda ekanini aytdi.
Frantsiya hukumatining ikki vaziri talon-toroj qilingan tovarlar baʼzi savdo platformalarida sotuvga qoʻyilganini aytdi. Vinted vakili oʻgʻirlangan tovarlarni sotish yoki taklif qilish "qatyiyan taqiqlanganini" bildirdi.
"Shu dam olish kunlaridan beri jamoalarimiz talonchilik bilan bogʻliq eʼlonlarni aniqlash va oʻchirish boʻyicha zudlik bilan choralar koʻrdi va biz shubhali eʼlonlarni nazorat qilishni kuchaytirdik", deyiladi xabarda.
Dam olish kunlari 550 000 ga yaqin namoyishchi yoqilgʻi narxining oshishi, yashash qiymati va davlat xizmatlari, jumladan, maktablar ahvoli yomonlashganiga norozilik bildirib koʻchalarga chiqdi.
Parij, Marsel va boshqa shaharlar hamda kichik shaharchalarda qora kiyingan, niqob va balaklava kiygan tartibsizlar guruhi mashinalar va binolarga oʻt qoʻygani hamda korxonalarni talon-toroj qilgani koʻringan.
Markaziy Limoj shahrida 19-asrga oid hashamatli shahar meriyasi binosi shanba kuni tartibsizlik uyushtirganlar tomonidan chiqarilgan yongʻin oqibatida vayron boʻldi, olov tarqalishi bilan uning soat minorasi va tomi qulab tushdi.
AQShning Frantsiyadagi elchixonasi oʻz fuqarolariga soʻnggi namoyishlar taʼsir koʻrsatgan hududlardan qochishni tavsiya qiluvchi ogohlantirish chiqardi.
Ogohlantirishda, agar ular katta yigʻilishlar yaqinida boʻlib qolishsa, "ehtiyotkorlik koʻrsatish" aytiladi. Xitoy va Germaniya ham shunga oʻxshash ogohlantirishlar bergan.
Baʼzi siyosatchilar chapchi "La France Insoumise" (Egilmas Frantsiya) partiyasini zoʻravonliklarda rol oʻynaganlikda aybladi, Lekornyu avvalroq oʻtkazilgan matbuot anjumanida baʼzi guruhlar "prezidentlik saylovlarigacha mamlakatimizda tartibsizlik yaratishni xohlaydi", deb taʼkidladi.
Partiya yetakchisi, kelasi yili boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovlarida nomzodini qoʻyadigan Jan-Lyuk Melanshon Frantsiya Bosh vazirini "ayblovini isbotlashga" yoki "kechirim soʻrashga, jim boʻlishga va tartibsizliklarni avj oldirishni toʻxtatishga" chaqirdi.

