BUTTERFLY guruhi Oʻzbekiston tizimlarida zaifliklar aniqlanganini maʼlum qildi
BUTTERFLY xakerlari avval 27 mln fuqaroning maʼlumotlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlganliklarini bildirishdi, ammo keyinchalik ularning oshkor etilgani fakt-isbotini inkor etishdi va zaifliklar aniqlangani haqida xabar berishdi.

BUTTERFLY guruhi Oʻzbekiston tizimlarida zaifliklar aniqlanganini maʼlum qildi
BUTTERFLY xakerlar guruhi Oʻzbekiston davlat axborot tizimlarida, jumladan, sobiq Personallashtirish agentligi infratuzilmasida zaifliklarni aniqlaganini xabar qildi. Shu bilan birga, guruh vakillari 27 milliondan ortiq fuqaroga oid maʼlumotlar bazasi tarmoqqa haqiqatan ham sizib chiqqanini rad etdi.
Avvalroq internetda BUTTERFLY sobiq Personallashtirish agentligining axborot tizimlariga kirish huquqini qoʻlga kiritgani va yirik shaxsiy maʼlumotlar bazasiga ega ekani haqida xabarlar paydo boʻlgan edi. Guruh, shuningdek, davlat organlaridan ular bilan aloqaga chiqishni talab qilib, aks holda bazani darknetda sotuvga qoʻyish bilan tahdid qilgan.
Guruh aʼzolari oʻz gaplarini tasdiqlash uchun raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning shaxsiy maʼlumotlarini eʼlon qildi. Biroq, mavjud maʼlumotlarga koʻra, butun maʼlumotlar bazasi xavf ostida qolganining mustaqil tasdigʻi yoʻq.
Keyinchalik BUTTERFLY bayonot eʼlon qilib, unda oʻzini eʼtiborli (etik) xakerlar jamoasi deb atadi. Guruh aʼzolarining taʼkidlashicha, ular oʻz oldiga vayronkor maqsadlarni qoʻymaydi va mamlakatda kiberxavfsizlik darajasini oshirishga hissa qoʻshmoqchi.
Ularning soʻzlariga koʻra, avvalroq tarqatilgan materiallar maʼlumotlarning real sizib chiqishi yoki zararli buzib kirish natijasi emas, balki ogohlantirish boʻlgan. Guruh davlat raqamli platformalarida bir qator kritik zaifliklar va sizishlarni aniqlaganini maʼlum qildi, shuningdek, sohaviy tuzilmalarni axborot tizimlari himoyasiga yetarlicha eʼtibor qaratmaslikda aybladi.
BUTTERFLY aʼzolari raqamli texnologiyalar vaziri haqida eʼlon qilingan maʼlumotlar, ularning taʼkidlashicha, avvalroq ochiq manbalarda boʻlgani va OSINT usullari yordamida topilishi mumkinligini alohida tushuntirib oʻtdi. Guruh, shuningdek, aniqlangan tahdidlar va zaifliklar haqidagi maʼlumotlarni muntazam ravishda eʼlon qilish niyatida ekanini xabar qildi.
Bayonotda BUTTERFLY oʻz jamoasiga yangi ishtirokchilarni jalb qilish rejalarini ham eʼlon qildi. Tanlov shartlari keyinroq eʼlon qilinishi aytilmoqda.
Hodisa taʼsir qilgan deb taxmin qilinayotgan sobiq Personallashtirish agentligi tuzilmasi 2026 yil yanvar oyida Ichki ishlar vazirligi tizimiga oʻtkazilgan edi.
Hozirgi vaqtda guruhning aniqlangan zaifliklar va davlat axborot tizimlariga kirish ehtimoli haqidagi bayonotlari mustaqil tasdiqlangani yoʻq. Hodisaning haqiqiy miqyosi va daxldor platformalarning xavfsizlik holati vakolatli organlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruv yakunlariga koʻra aniqlanishi mumkin.

