“Bundan buyog‘iga termada faqat eng loyiqlar o‘ynaydi” — Fabio Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Eronga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidan keyin jamoaning yangi taktik sxema, qisqa tayyorgarlik jarayoni va futbolchilarning o‘yini haqida gapirdi. U endi tarkibda faqat eng loyiq futbolchilar o‘ynashini ta’kidladi.

“Bundan buyog‘iga termada faqat eng loyiqlar o‘ynaydi” — Fabio Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Eronga qarshi o‘yindan (3:1) so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob berdi.
U yangi taktik sxema, Abduvohid Ne’matovning jarohati, tarkibdagi raqobat, ikki markaziy himoyachi bilan o‘ynash hamda Osiyo kubogiga tayyorgarlik borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
Kannavaro uchrashuv oson bo‘lmaganini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, jamoa o‘yinga tayyorlanish uchun atigi uch kun vaqtga ega bo‘lgan. Shu qisqa muddat ichida futbolchilarga yangi taktik tizimni tushuntirishga, ayniqsa uchrashuvning dastlabki 20 daqiqasida hushyor bo‘lish zarurligini uqtirishga harakat qilingan.
Bosh murabbiy Eronni bir necha o‘yin orqali tahlil qilganini va raqib asosan standart vaziyatlar — jarima hamda burchak to‘plaridan xavf tug‘dirishini aniqlaganini aytdi.
“Futbolchilar juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Ular terma jamoa uchun qayg‘urishini va jamoa bo‘lib harakat qilsak, har qanday raqibga qarshi o‘ynay olishimizni ko‘rsatishdi. Ba’zan yutiladi, ba’zan yutqaziladi, lekin men futbolchilardan maydonda borini berishni so‘rayman. Bugun hatto o‘yinning so‘nggi olti-yetti daqiqasida maydonga tushganlar ham jamoa uchun faxrlanishga arziydigan harakat qildi”, — dedi murabbiy.
Kannavaro shu bilan birga, Eron ustidan qozonilgan g‘alabani ortda qoldirib, endi Suriyaga qarshi navbatdagi o‘yinga e’tibor qaratish kerakligini bildirdi.
— Uchrashuvdan oldin Abduvohid Ne’matovning jarohati ma’lum bo‘ldi.
Men barcha futbolchilarimga ishonaman. Ne’matov kecha jarohat oldi, shu sababli bugun o‘ynay olmadi. Vladimir Nazarovni ham Chempionlar ligasidagi so‘nggi o‘yinida kuzatgandik va u yerda yaxshi o‘ynagandi.
Terma jamoaga chaqirilgan barcha futbolchilar o‘ynashga loyiq. Kecha ham aytdim: terma jamoa eshiklari hamma uchun ochiq. Jahon chempionati saralashi davrida ayrim futbolchilarga berilgan qo‘shimcha bonuslar endi tugadi. Bundan buyon tarkibda faqat eng loyiq va tayyor futbolchilar o‘ynaydi. Oldinda Osiyo kubogi bor va unga yuqori formada yetib borishimiz kerak.
— Albatta, ko‘p yaxshi jihatlarni ko‘rdim. Lekin murabbiy sifatida doimo yaxshilashimiz mumkin bo‘lgan nuqtalarni izlayman. Bugun Eron bizning ayrim kamchiliklarimizdan foydalanmadi, ammo kelajakda boshqa raqiblar bunday xatolarni jazolashi mumkin.
Ayniqsa, uchta yarim himoyachimiz yanada kompakt o‘ynashi kerak. To‘p bizda bo‘lganda esa liniyalar orasida ko‘proq ochilishimiz lozim. Shuningdek, jarima maydonchasi atrofida keraksiz fol qilmaslikni so‘ragandim. Afsuski, o‘tkazib yuborilgan gol shunday vaziyatdan keyin kelib chiqdi.
Zamonaviy futbol ko‘proq intensivlik va yuqori tempni talab qiladi. Shuning uchun biz yana ko‘p jihatlarni yaxshilashimiz kerak.
— Bugun 4−3−3 taktik tizimida o‘ynaldi.
— Bizda erkin futbolchi yo‘q. Aniq bir tizim bor — 4−3−3. Bu tizimda yarim himoyachilardan juda ko‘p harakat talab etiladi. Ular vaziyatga qarab liniyalar orasida ochilishi, qanotga chiqishi yoki himoyachilar ortiga harakatlanishi kerak.
Akmal Mozgovoy, Aziz G‘aniyev va zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar bu vazifani yaxshi bajarishdi. Ushbu tizim ikki markaziy himoyachini ham yaxshiroq qoplash imkonini beradi.
Yana bir narsa, biz ko‘proq tavakkal qilishni boshladik, chunki bizda Behruz Karimov, Jahongir O‘rozov kabi futbolchilarimiz legionerga aylandi va albatta sizda shunday yuqori saviyadagi o‘yinchilar paydo bo‘lganda, siz ko‘proq tavakkal qilasiz. Lekin raqibga ham bog‘liq, masalan top terma jamoalar bilan balki boshqacha o‘ynash kerakdir. Raqibdan kelib chiqib o‘ynaladi, lekin men har doim to‘rtta himoyachi bilan o‘ynaganman oldin.
Bugun Eron katta imkoniyatlar yarata olmadi, asosan burchak to‘plaridan xavf tug‘dirdi. Osiyo kubogigacha hali ikki oy vaqt bor va bu davrda tizimni yanada takomillashtirishga harakat qilamiz.
— Zamonaviy futbol talabi shunday. Agar himoyachilar oldinga chiqishdan qo‘rqsa, raqibning liniyalar orasidagi futbolchilariga erkinlik beriladi va jamoa ko‘proq qiynalishi mumkin.
Shuning uchun biz markaziy himoyachilarga raqibni yuqoriroqda kutib olish va bundan qo‘rqmaslikni aytdik. Albatta, buning uchun himoyachilar, yarim himoyachilar va hujumchilar birgalikda harakat qilishi, pressingni to‘g‘ri tashkil etishi kerak.
Birinchi taymda yuqori pressing qildik va buning natijasida bir qator yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Endi Jahon chempionatini esdan chiqarib, Osiyo kubogiga qarashimiz kerak. U yerda biz har qanday raqibga qarshi o‘ynay olamiz.

