Buldozerda majaqlangan qiz. Isroil amerikalik faolni nega oʻldirgandi?
2003-yil Gʻazoda isroillik harbiy tomonidan dahshatli qotillik sodir etiladi. Rafahdagi falastinlik oilaga tegishli uyning buzilishiga qarshi chiqqan amerikalik qiz buldozer bilan atayin majaqlab tashlanadi. Qizning ota-onasi Isroilni sudga beradi, biroq tabiiyki, buning foydasi yoʻq edi.

Buldozerda majaqlangan qiz. Isroil amerikalik faolni nega oʻldirgandi?
Koʻpchilik oxirgi ikki yilda Gʻazodagi urush haqida xabar topdi, ammo Falastin xalqi Isroil bosqini ostida 80 yildan beri ezilib keladi. Isroil 1948-yildan buyon Falastin arablarini qiynab, ularning yerlarini tortib olishda davom etmoqda. Oʻtgan yillar davomida BMT Isroilni tiyish bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qildi, biroq orqasida AQSH turgan yahudiylar davlatiga kim nima qila olardi?
Oʻtgan yillar mobaynida dunyo boʻylab faollar Isroilning Falastin yerlarini egallashiga qarshi kurashib keldi. Bu yoʻlda ularning bir qismi Isroil harbiylari tomonidan oʻldirildi, ayrimlari qamaldi. Bugun hikoya qilayotgan qahramonimiz amerikalik Reychel Korri ham 23 yoshida Isroil buldozeri ostida qolib halok boʻlgandi.
Reychel Korri 1979-yilda Vashington shtatida oddiy oilada tugʻiladi. Maktabni bitirgach, kollejda gumanitar yoʻnalishda oʻqiydi. Boʻsh vaqtlarida shtat tabiatni himoya qilish korpusida koʻngilli sifatida ishlaydi. Keyin Reychel dunyoda tinchlik barqaror boʻlishini xohlovchi faollar safiga qoʻshilib, xalqaro birdamlik harakati tashkilotiga ham aʼzo boʻladi.
Bu tashkilot 2001-yilda falastinlik Gʻasson Anzu, Jorj Rishmavi, isroillik Neta Golan va kelib chiqishi falastinlik boʻlgan AQSH fuqarosi Huvaydo Arraf tomonidan tashkil etilgan boʻlib, maqsadi jafokash Falastin xalqiga yordam koʻrsatish edi.
Reychel harakat faollari bilan Falastinga borib, Gʻazo va Gʻarbiy sohilda falastinliklar bilan birga yashaydi, Isroilga qarshi namoyishlarda qatnashadi, falastinliklar boshpanasi buzilishiga qarshi chiqadi. Ana shunday safarlardan biri fojiali yakun topadi. Isroil harbiylari Gʻazoda falastinliklarga tegishli uyni buzayotganda Reychel Korrini vahshiylarcha oʻldirishadi.
2003-yil mart oyida Reychel Rafahga boradi. Oʻsha payt Isroil shiddat bilan falastinliklarning uylarini buzayotgandi. Reychel va sheriklari Rafahdagi vaziyatni xalqaro hamjamiyatga yetkazib, Isroil zoʻravonligiga qarshi turishni maqsad qiladi. Reychel Rafahda falastinliklar bilan yashab, barchasini oʻz koʻzi bilan koʻradi.
16-mart kuni Isroil buldozeri rafahlik oilaning uyini buzishga chogʻlanganda Reychel qoʻrqmasdan bahaybat texnikaning oldiga chiqadi. Shunda isroillik harbiy buldozerni qiz tomon oʻnglaydi. Reychel qochmaydi va qarshilik koʻrsatishda davom etadi. Isroil harbiylari buldozerni ochiqchasiga qizning ustiga haydab, uni bosib oʻldiradi.

