Dunyo

“Bu yerda o‘lishning keragi yoʻq”: Tailand bosh vaziri xorijliklarga murojaat qildi

“Bu yerda o‘lishning keragi yo‘q”: Tailand bosh vaziri xorijliklarga murojaat qildi

Tailand bosh vaziri va ichki ishlar vaziri Anutxin Chanvirakun mamlakatda uzoq vaqt yashab kelayotgan xorijliklarga vafot etish uchun o‘z yurtiga qaytishni tavsiya qildi.

“Yaqinda men (chet elliklardan – tahr.) hatto xususiy qabriston tashkil etish bo‘yicha so‘rov kelib tushganidan xabar topdim. Bu holat oshib tushdi, chegaralardan chiqib ketmoqda. Siz bu yerga (Tailandga) kelishingizga ruxsat berganimiz uchun minnatdor bo‘lishingiz kerak. Tirikchilik uchun halol mehnat qilishga kelgansiz. Agar o‘ladigan bo‘lsangiz, o‘z vataningizga borib o‘ling. Bu yerda o‘lishning keragi yo‘q. Bizni ekspluatatsiya qilishga urinmang”, dedi Chanvirakun Tailand provinsiyalari gubernatorlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda.

U, shuningdek, chet el fuqarolari hukumat ruxsatisiz o‘z xohishiga ko‘ra Tailandda diniy muassasa va jamoalar tashkil etmasligi kerakligini ta’kidladi. Ayniqsa, “restoran ochish uchun litsenziya olib, uning o‘rniga ibodatxona tashkil etish” holatlariga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.

Chanvirakun provinsiya rahbarlarini o‘z hududida chet el fuqarolarining noqonuniy faoliyatiga, shuningdek, chet elliklarning Tailand an’analari va xalqiga nisbatan hurmatsizlik holatlariga qat’iy chek qo‘yishga chaqirdi. Bunday hollarda xorijlikka nisbatan tezlashtirilgan deportatsiya ishga tushadi.

“Tailand xorijliklarni qabul qilishga tayyor, ammo hamkorlik o‘zaro manfaatli bo‘lishi kerak. Turizm mamlakatga mablag‘ va investitsiyalar olib keladi, ammo bu hech kimga boshqalarni ekspluatatsiya qilish yoki investitsiyalardan noqonuniy faoliyat uchun foydalanish huquqini bermaydi”, dedi bosh vazir.

U bunday faoliyatga Tailand fuqarolaridan biznesni tashkil etishda soxta shaxslar sifatida foydalanish ham kirishini tushuntirdi. Chanvirakun gap Osiyo, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika davlatlaridan kelganlar haqida borayotganini aytdi.

Tailand aholisining aksariyati buddizmga e’tiqod qiladi. Buddist an’analarida marhumlarni krematsiya qilish keng tarqalgani sababli, mamlakatda dafn marosimlari uchun qabristonlardan foydalanish nisbatan kam uchraydi.

Ma’lumot o‘rnida, 15-sentyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Tailandga borishi uchun elektron viza olishi kerak bo‘ladi. Qirollik 93 ta davlat uchun yagona 60 kunlik vizasiz rejim o‘rniga bir nechta alohida toifani joriy etgan. Ammo O‘zbekiston ular qatoriga kiritilmagan, shu sabab fuqarolardan sayohat oldi viza olish talab etiladi. O‘zbekiston fuqarolarining e-visa arizalarini Tailandning Moskvadagi elchixonasi ko‘rib chiqadi. Viza to‘lovi 40 dollar bo‘lib, arizani safardan taxminan 1 oy oldin berish tavsiya etiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.