«Bu taslim boʻlishga undashdek koʻrinmoqda»: Zelenskiy Tramp siyosatini tanqid qildi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donald Tramp maʼmuriyatining soʻnggi harakatlari Kiyevni Rossiyaga qarshi urushda taslim boʻlishga undashga oʻxshayotganini bildirdi. U AQShni Starshield aloqasini ataylab cheklash va Patriot tizimlari uchun raketalar yetkazib berishni kechiktirishda aybladi. Vashington esa aloqa cheklovlari ataylab joriy etilganini rad etmoqda.

«Bu taslim boʻlishga undashdek koʻrinmoqda»: Zelenskiy Tramp siyosatini tanqid qildi
DW xabariga koʻra, Zelenskiy bu haqda 18-oktabr kuni Bloomberg agentligiga bergan intervyusida aytgan.
Ukraina rahbari AQSH Kongressiga 3-noyabrda boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlar arafasida Kiyev uchun «xavfli kunlar» boshlanganini bildirgan. Uning aytishicha, saylovoldi davrida siyosiy keskinlik kuchaygan, u esa ovoz berishdan keyin vaziyat yumshashiga umid qilmoqda.
Zelenskiyning daʼvosiga koʻra, AQSH Ukraina foydalanayotgan Starlink’ning harbiy xizmatlar paketi — Starshield ishini ataylab cheklagan. Bundan tashqari, Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun moʻljallangan tutib qoluvchi raketalarni yetkazib berish ham kechiktirilmoqda.
U Tramp maʼmuriyati bilan soʻnggi muzokaralarda Rossiyadagi dizel yonilgʻisi ishlab chiqarish obyektlariga zarbalarni toʻxtatish evaziga Ukraina obyektlarini himoya qilish uchun Patriot raketalarini berishni taklif qilganini aytgan.
Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, AQSH tomoni esa faqat dizel ishlab chiqarishga hujumlar toʻxtatilishini istamoqda. Ukraina prezidenti zarbalar davom etsa, boshqa imkoniyatlardan foydalanish ham cheklanishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
«Ukrainani taslim boʻlishga koʻndirish uchun qadamlar tashlangan deb hisoblayman», - degan Zelenskiy. Biroq u buni AQSHning aniq maqsadi deb atashdan tiyilgan.
«Hamkorlarimiz shu maqsadni koʻzlayapti, demayapman. Amerikalik hamkorlarimiz urushni Ukraina hisobiga tezroq tugatish mumkin deb oʻylashini istamayman. Ammo bu shunday koʻrinmoqda», - deya taʼkidlagan u.
Zelenskiy, shuningdek, Trampning Vladimir Putin bilan munosabatlarini yaxshi deb baholagan, ammo bu hozircha urushni toʻxtatishga olib kelmayotganini aytgan.
Ukraina Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, Starshield ishidagi cheklovlar 14-oktabrga oʻtar kechasi paydo boʻlib, uchuvchisiz tizimlar faoliyati va logistikani qiyinlashtirgan. 15-oktabrda esa vazirlik dala sharoitida tizim ishi tiklanganini xabar qilgan.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio 17-oktabrda Vashington aloqani ataylab cheklagani haqidagi daʼvolarni rad etgan. Tramp ham avvalroq oʻzi bunday koʻrsatma bermaganini, Ilon Mask ham buni qilgan deb oʻylamasligini bildirgan edi.

