«Bu islohotlarimizga berilgan baho» – prezident Rossiyadan qaytib kelgan ayol bilan suhbati haqida
Prezident Andijonga tashrif vaqtida ancha yillar Rossiyada ishlab yurgan, lekin endi Oʻzbekistonga qaytib, bu yerda yaxshiroq daromad qilayotgani, farzandlaridan birini oʻqishga kiritganini aytib bergan ayol bilan suhbati haqida gapirib berdi.

«Bu islohotlarimizga berilgan baho» – prezident Rossiyadan qaytib kelgan ayol bilan suhbati haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifi chogʻida hududdagi vaziyat va yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan fikr bildirar ekan, soʻnggi kunlarda kam uxlayotganini aytdi.
Davlat rahbari Andijonda havo yaxshi ekanini, biroq hududda hal etilishi lozim boʻlgan masalalar koʻpligi sababli xayollari uni bezovta qilayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, prezident kecha suhbatlashgan oqsoqollardan birining «Notinch dunyoda tinch mamlakat bor – Oʻzbekiston» degan soʻzlarini alohida qayd etdi.
«Siyosatdan yiroq odam, lekin yuragidagi bor gapni gapirdi. Men juda xursand boʻldim», – dedi prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijondagi muloqot vaqtida kecha bir ayol bilan boʻlgan suhbatni ham esladi:
«Oddiy bir ayol koʻz yoshi bilan: “Janob prezident, Rossiyada ishlab yurganman, necha yillardan beri. Ikki nafar farzandim bor, ona boʻlib oʻzim tarbiyalayapman”, dedi.
Uning koʻzida nur bor edi. Menga aytgan birinchi gapi – “Bu yerda daromadim ancha yuqori”, degani boʻldi», – dedi davlat rahbari.
Prezident yana bir jihat oʻzini xursand qilganini aytib, ayolning ikki farzandidan biri bu yil Andijon davlat tibbiyot institutiga oʻqishga kirganini taʼkidladi.
«Men undan: “Besh yil oldin farzandingiz oʻqishga kirishiga ishonarmidingiz?” deb soʻradim. Butun zal “Hech qachon bunday boʻlmagan”, deb javob berdi.
Bu islohotlarimizga berilgan xalqning bahosi emasmi?» – dedi Shavkat Mirziyoyev.

