“Bu faqat qonun bilan hal bo‘lmaydi”. Sherzod Shermatov bolalarning tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash haqida
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasiga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, muammo faqat qonun bilan hal bo‘lmaydi. 'Oiladagi tarbiya va bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ham e’tibor qaratish zarur', — deydi u.

“Bu faqat qonun bilan hal bo‘lmaydi”. Sherzod Shermatov bolalarning tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash haqida
Samarqandda o‘tkazilgan “Bolalar farovonligiga sarmoya” butunjahon sammiti doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Gazeta muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonda ham 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qonunan cheklash masalasiga munosabat bildirdi. Uning fikricha, muammoni bartaraf etish uchun qonuniy choralar bilan birga oiladagi tarbiya, sog‘lom turmush tarzi va bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ham e’tibor qaratish kerak.
Sherzod Shermatovning aytishicha, yangi texnologiyalar bolalarga ta’lim olish va boshqa sohalarda imkoniyatlar yaratadi, biroq ulardan foydalanish bilan bog‘liq xavflar ham bor. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bolalar salomatligiga ta’sir qiluvchi omillar orasida ekran qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazish, nosog‘lom ovqatlanish va kamharakatlikni ko‘rsatmoqda.
“O‘zbekistonda bolalar va onalar o‘limi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar kamayib, bu borada ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarning telefon va boshqa gadjetlardan ko‘p foydalanishi, nosog‘lom ovqatlanishi hamda kamharakatligiga e’tibor qaratishimiz kerak. Bolalarning ekran qarshisida o‘tkazadigan vaqtini qisqartirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirish muhim”, — deydi vazir.
Uning fikricha, voyaga yetmaganlarning gadjetlardan foydalanish vaqtini kamaytirishda ularga ekrandan tashqarida ham qiziqarli mashg‘ulotlar taklif qilish, tengdoshlari bilan gaplashishi va birga o‘ynashi uchun sharoit yaratish muhim.
“Men buni raqamli texnologiyalar vaziri sifatida emas, to‘rt nafar farzandning otasi va ta’lim sohasida ishlagan mutaxassis sifatida ham aytyapman. Bolalarimiz ko‘proq harakat qilishi, sog‘lom ovqatlanishi va ekrandagi o‘yinlardan ko‘ra hayotdagi do‘stlari bilan birga o‘ynashiga sharoit yaratishimiz kerak”, — deydi Sherzod Shermatov.
Vazir bolalar oldidagi muammolar vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib borishini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘qqiz-o‘n yil avval O‘zbekistonda bolalarning paxta dalalariga jalb qilinishi dolzarb muammolardan biri bo‘lgan. Bugun esa yangi xavflar paydo bo‘lmoqda va ularga samarali yechim topish uchun mutaxassislar hamkorligi zarur.
U voyaga yetmaganlarning tarmoqlardan foydalanishini qonunan cheklash kerakmi, degan savolga javob berar ekan, masalaga faqat qonunchilik nuqtai nazaridan yondashish yetarli emasligini qayd etdi.
“Oilada bolalar bilan qancha vaqt gaplashamiz? Uyga borganimizda ular bilan suhbatlashamizmi yoki hamma telefon yoki televizor bilan band bo‘ladimi? Bolalarning internetdan foydalanishini maktabda cheklash mumkin, lekin oiladagi muhit masalasi ham bor”, — deydi vazir.
Uning fikricha, bolalarning internetdan foydalanishini cheklash bo‘yicha barcha davlatlarda birdek samara beradigan yagona yechim yo‘q. Qonunchilik choralari bilan birga tashkiliy ishlar va bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish imkoniyatlarini ham qamrab olgan dastur ishlab chiqish zarur.
“Qonun qabul qilinsa, ertasigayoq barcha muammolar hal bo‘lib qolmaydi. Hatto bunday cheklovlarni joriy etgan davlatlarda ham masala to‘liq yechilgani yo‘q. Ekspertlar birgalikda ishlab, keng qamrovli dastur tayyorlashi kerak. Sammitdagi muhokamalar va mutaxassislar tavsiyalari asosida yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar o‘z ishini takomillashtirishi lozim”, — deydi Sherzod Shermatov.
Voyaga yetmaganlarning qanchasi internetdan foydalanishi haqidagi savolga vazir aniq statistik ko‘rsatkich keltirmadi. Biroq u bolalarning gadjetlardan foydalanishi keng tarqalgani, ayrim ota-onalar farzandi yig‘lamasligi yoki tinch o‘tirishi uchun unga telefon berib qo‘yishini aytdi.
“Ba’zi ota-onalar bolasiga e’tibor qaratish o‘rniga, u yig‘lamasligi uchun qo‘liga telefon berib qo‘yadi. Hatto oilaviy dasturxon atrofida ham bir-biri bilan suhbatlashish o‘rniga telefonga qarab ovqatlanishadi. Bu — butun jamiyat birgalikda ishlashi kerak bo‘lgan masala”, — deydi vazir.

