Britaniyalik kelin sun’iy kipriklarga allergiya sabab to‘ydan bir necha hafta oldin ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi

Kembrijshir grafligida yashovchi britaniyalik Polli Bibbi sun’iy kipriklarga allergik reaksiya tufayli to‘yidan bir necha hafta oldin ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi, deya xabar beradi Kennedy News and Media agentligi.
Polli Bibbi to‘y kuni o‘zini “malika”dek his qilish maqsadida sun’iy kiprik qo‘ydirishga qaror qilgan. Dastlabki sinovdan so‘ng, bo‘lajak kelin 5-iyul kuni ushbu kosmetik muolajani amalga oshirgan va natijadan mamnun bo‘lgan. Biroq, bir necha soat o‘tgach, unda allergik reaksiya boshlangan.
26 yoshli Bibbining so‘zlariga ko‘ra, uning ko‘zlari avval yoshlanib, og‘riy boshlagan, keyin esa achishib, yopishib qolgan va ajralmalar paydo bo‘lgan. Xavotirlangan kelin tez yordamga murojaat qilgan va unga shifoxonaga borish tavsiya etilgan. Xinchingbruk shifoxonasida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida bemorda kiprik qo‘ydirishga nisbatan allergik reaksiya yuzaga kelgani tasdiqlangan. Bibbiga antibiotiklar va antigistamin preparatlar buyurilgan, shish qaytganidan so‘ng sun’iy kipriklarni olib tashlash maslahat berilgan.
Bibbi tashqi ko‘rinishining dahshatli bo‘lishidan tashqari, ko‘zlarida kuchli og‘riq ham his qilgan. U shunday eslaydi: “Ko‘zim achishib, yonayotgandi, oxiri ko‘rish qobiliyatimni yo‘qota boshladim va umuman hech narsani ko‘rmay qoldim. Har safar yumib-ochganimda, ko‘zimdan ajralma yig‘ilgani uchun qovoqlarim yopishib qolardi”.
Sun’iy kipriklarni olib tashlash muammoni darhol hal qilmagan. Bibbi bu holatni “Go‘yo yuzimga kislota quyilgandek bo‘ldi”, deya ta’riflagan.
Bibbi boshqa kelinlarni to‘ydan sal oldin yangi muolajalar qildirishdan ogohlantirish maqsadida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. 27-iyul kuni Benjamin Meyga turmushga chiqqan kelinchak shunday deydi: “Odamlar hazillashib, to‘y kuni qandaydir bir ko‘ngilsizlik yuz beradi, deyishganida, bu aynan men bilan sodir bo‘lishini xayolimga ham keltirmagandim. Bu og‘riq bunga arzimaydi. Agar buni oldindan bilganimda, shunchaki tushdan foydalangan bo‘lardim”.
Medical News Today nashriga ko‘ra, kiprik qo‘ydirish qovoqlar va ko‘zlarda allergik reaksiyalarga sabab bo‘lishi mumkin. Allergik reaksiya muolajadan bir necha daqiqa o‘tib paydo bo‘ladi va odatda sun’iy kipriklarni yopishtirish uchun ishlatiladigan yelimga bo‘lgan allergiya tufayli yuzaga keladi.

