Layfstayl

Britaniyada erkak o‘rgimchak chaqishi ortidan komaga tushib qoldi

Britaniyalik Piter Merfi zaharli o‘rgimchak chaqishi tufayli komaga tushib, mo‘jizaviy tarzda hayotga qaytdi. Bu voqea uning hayotini tubdan o‘zgartirishga undadi. Og‘ir kasallik va yaqinlarining ketma-ket vafoti uning sezilarli darajada vazn yo‘qotishiga sabab bo‘ldi.

Need To Know nashrining xabar berishicha, Merfi o‘z yotog‘ida shaffof, skeletsimon tanali va qizil ko‘zli g‘alati o‘rgimchakni ko‘rgan. U uni ehtiyotkorlik bilan ushlab, tashqariga chiqarib yubormoqchi bo‘lganida, hasharot uni chaqib olgan. Qisqa vaqt ichida uning qo‘li shishib, qizarib ketgan, bir necha kun o‘tgach esa u normal gapira olmay qolgan.

Kasalxonada unga nekrotik fassit tashxisi qo‘yilgan. Bu to‘qimalarning tezda o‘lishiga olib keladigan jiddiy bakterial infeksiya hisoblanadi. Erkak to‘rt kun komada yotgan va to‘rtta operatsiyani boshdan kechirgan. U eshitgan eng oxirgi narsa shifokorlarning ayoliga bergan maslahati bo‘lgan: agar infeksiya qo‘l bo‘ylab yuqoriga tarqalsa, uni kesib tashlashga majbur bo‘lishlari haqida.

“O‘sha paytda butun hayotim ko‘z oldimdan o‘tdi”, deydi u.

Bu vaqt ichida uning akasi va opasi ham vafot etgan. Sog‘ayib ketgach, Merfi hayotini o‘zgartirishga qaror qildi. U avval ham ortiqcha vazn bilan kurashib kelgan edi, kasalxonadan chiqqach esa yanada semirib ketdi. Shundan so‘ng u ozishga qaror qildi va 42 kilogramm vazn yo‘qotdi.

Unga bu ishda ayoli yordam berdi. Ular birgalikda to‘yimli ingliz nonushtasi, tort, kabob, sendvich va chipsdan voz kechdi hamda muntazam badminton o‘ynashni boshladi. Turmush o‘rtog‘idan o‘rnak olgan ayol ham 22 kilogrammga ozdi.

“O‘zgarish uchun hech qachon kech emas”, dedi Merfi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.