Britaniyada bedarak yo‘qolgan mushuk 10 yil o‘tib uyga qaytdi

Britaniyada 10 yil avval g‘oyib bo‘lgan mushuk o‘z uyiga qaytdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Charli ismli mushuk 2016-yilning aprel oyida yo‘qolgan edi. Uning egalari Lyusi va Xanna Robertsonlar uni topish uchun harakat qilishgan. Xanna shunday dedi: "Bizda bir-ikkita ma’lumot bor edi... uni topishga harakat qildik, lekin topa olmadik. Biz hech qachon umidimizni uzmadik."
Lyusining aytishicha, u atrofdagilardan so‘rab-surishtirgan va Facebook’da post qoldirgan bo‘lsa-da, Charlidan hech qanday darak bo‘lmagan. "Bu juda og‘riqli edi. Biz uni mashina urib ketganidan yoki nobud bo‘lganidan qo‘rqdik," dedi u.
Ammo 2026-yil 29-iyul kuni Xanna Aberkarn shahridagi veterinariya klinikasidan Charli topilgani haqida qo‘ng‘iroq olgach, hayratda qolganini aytdi. Yaqin atrofda yashovchi bir shaxs Charlini butalar orasida ko‘rib qolgan va uni qarovsiz deb o‘ylab, bir necha hafta davomida ovqatlantirib yurgan. Keyin u mushukni veterinarga olib borgan. Shifokor esa mikrochipdagi raqam orqali Xannaga qo‘ng‘iroq qilgan. Veterinar mushukning o‘n yildan beri yo‘qolganini bilib, haqiqatan ham hayratda qolgani ta’kidlandi.
Lyusi mushukning ko‘rinishi unchalik o‘zgarmaganini, xuddi eski suratlardagidek ekanligini aytdi. U mushukni boshqa uy hayvonlari bilan birga yashashga ko‘niktirish jarayoni davom etayotganini bildirdi. "Hozircha u o‘zining mashhur ekanini his qilyapti deb o‘ylayman," deya xulosa qildi u.
Avvalroq AQSHning Vashington shtati sohillarida tashlab ketilgan qayiqda 60 ta mushuk topilib, ular qutqarib olingandi. Politsiya va hayvonlarni muhofaza qilish xizmati xodimlari bir hafta davomida kemani ko‘zdan kechirib, hayvonlarni ehtiyotkorlik bilan olib chiqqan. Shu tariqa 11-avgust kuni oxirgi mushuk ham qutqarib olingan edi.

