Britaniyada 700 yil avval suvga g‘arq bo‘lgan sirli shaharcha topildi

Britaniyada 700 yil avval suv ostida qolgan sirli shaharcha aniqlandi
Buyuk Britaniyada g‘avvoslar taxminan 700 yil oldin cho‘kib ketgan o‘rta asrlarga oid Shipden shaharchasi hududida inson qo‘li bilan yaratilgan 25 ta sirli obyektni topib, ularni suratga oldi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, chaqmoqtoshdan bunyod etilgan inshootlar Norfolk grafligidagi Kromer sohilidan bir necha yuz metr narida aniqlangan. Shipden aholi punkti XIV asr davomida asta-sekin Shimoliy dengiz tubiga g‘arq bo‘lgan. 1362-yildagi dahshatli bo‘ron esa uning qirg‘oq chizig‘ini butunlay vayron qilgan.
Britaniyalik g‘avvoslar cho‘kkan shahar xarobalarini ilk bor tasvirga olib, ularni raqamli 3D shaklga keltirdi. Ular dengiz tubida XIV asrga oid to‘g‘onlar yoki qadimiy pristanning bir qismi bo‘lishi mumkin bo‘lgan tosh binolar hamda suvosti inshootlarini aniqladi.
Shuningdek, bu topilma Church Rock (Ibodatxona qoyasi) haqidagi afsonani rad etdi. Avvalroq suv ostida Avliyo Pyotr ibodatxonasi yashiringan, deb taxmin qilinar edi. Ammo topilgan obyekt o‘rta asrlarga oid qirg‘oq istehkomining bir qismi ekani ma’lum bo‘ldi.
“Kromerda o‘sgan hammamiz doimo Church Rock haqidagi hikoyalar bilan ulg‘ayganmiz. Shu sababli bu afsona noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini anglash katta qadamdir. Biz o‘rta asr hujjatlarini faol o‘rganmoqdamiz va ularni topilmalar bilan solishtiryapmiz. Hozircha uzil-kesil xulosalar emas, balki taxminlarni ilgari suryapmiz”, dedi “Kromer muzeyi do‘stlari” jamiyati raisi va loyiha direktori Piter Stibbons.
1888-yilda bu yerda “Viktoriya” sayyohlik kemasi suv ostidagi qoyaga urilib, halokatga uchragan edi. Keyinroq kema qoldiqlari qoyaning bir qismi bilan birga portlatilgan. Bunda uning kemalar qatnoviga xalaqit bermasligi ko‘zlangan. Shu jarayonda qimmatli arxeologik obyektlarga zarar yetgan bo‘lishi mumkin.
“Bizning dastlabki qiziqishimiz ‘Viktoriya’ kemasi qoldiqlarini topish ehtimoli edi. Biroq Kromer jamoasiga Shipden tarixini tushunishda yordam berganimiz biz uchun katta yutuq bo‘ldi. Aftidan, Church Rock aslida qirg‘oq istehkomi bo‘lgan. Shunday ekan, ibodatxonaning o‘zini qidirish davom etadi”, dedi katta g‘avvos Nik Shiller.
Tadqiqotlar Milliy lotereya merosi jamg‘armasi ko‘magida Alfred Savin loyihasi doirasida olib borilmoqda. Hozir g‘avvoslik mavsumi yakunlangan, biroq olimlar 2027-yilda ishni davom ettirmoqchi. Topilgan materiallar va 3D modellar Kromer muzeyida hamda internetda e’lon qilish uchun tayyorlanmoqda.
Angliya va Shotlandiya qiroli Charlz I ga tegishli bo‘lgan kema 1633-yilda cho‘kib ketgan. Bortdagi qirollik buyumlari va san’at asarlari bilan birga topilmaning umumiy qiymati 1 milliard dollardan oshishi mumkin.

