Britaniya Ukrainaga qurol yetkazib beruvchi kompaniyalarni Rossiya hujumlari xavfidan ogohlantirdi — Daily Mail

Britaniya Ukrainaga qurol yetkazib beruvchi kompaniyalarni Rossiya hujumlari xavfidan ogohlantirdi — Daily Mail
"The Daily Mail" nashrining xabar berishicha, Britaniya mudofaa kompaniyalarining Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi rahbarlari Rossiya josuslari nishoniga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Nashr manbasining ma’lumotiga ko‘ra, yoz boshida Britaniya hukumatining yuqori martabali amaldorlari mudofaa kompaniyalari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazib, ularga va ularning xodimlariga nisbatan Kreml tomonidan tahdidning kuchayganini bildirgan.
Uchrashuvda qaysi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgani aniq aytilmagan bo‘lsa-da, ular Ukraina uchun qurol-yarog‘ va dronlar yetkazib beruvchi kompaniyalar bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Ukrainaga qurol yetkazib berishi bilan tanilgan bir qator mudofaa kompaniyalari allaqachon jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Bularga G‘arbiy Suffolkdagi RAF Mildenhall harbiy bazasi yaqinida joylashgan, Ukraina uchun dronlar ishlab chiqaruvchi Ukrspecsystems kiradi.
Shuningdek, BAE Systems kompaniyasining sho‘ba korxonasi Callen-Lenz ham Ukrainaga dronlar yetkazib beradi. Ushbu dronlar yaqinda Rossiya hududidagi neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan hujumlarda ishlatilgan.
Yana bir yirik kompaniya — MBDA bo‘lib, u Ukraina Rossiyaga qarshi hujumlarda qo‘llayotgan Storm Shadow qanotli raketalarini ishlab chiqaradi.
Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi bu uchrashuvni Germaniyaning ikki mudofaa kompaniyasi rahbarlariga qarshi Rossiya tomonidan uyushtirilgani aytilgan suiqasd rejalarining fosh etilishidan so‘ng o‘tkazgan. Ulardan biri Ukrainaga artilleriya snaryadlari yetkazib berish bo‘yicha 4,2 milliard funt sterlinglik shartnomaga ega bo‘lgan mudofaa giganti Rheinmetall bosh direktori Armin Papperger edi.
Atlantika kengashi tahlil markazi xavfsizlik bo‘yicha eksperti Elizabet Brauvning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya va Yevropadagi mudofaa kompaniyalari rahbarlari o‘z xavfsizligi hamda kompaniyalar obyektlarini himoya qilish masalasiga jiddiyroq e’tibor qaratishni boshlagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi olingan ko‘rsatmalarga muvofiq Ukraina energetika obyektlariga ommaviy zarbalar berishga tayyorgarlikni boshlaganini ma’lum qilgan edi. Vazirlik bu chorani Kiyev rejimining Rossiya fuqarolik infratuzilmasi hamda yonilg‘i-energetika majmuasiga davom etayotgan hujumlariga javob deb atagan.

