Britaniya Rossiya tahdidiga qarshi Sovuq urush davridagi mudofaa tizimini qayta tiklamoqchi
Buyuk Britaniyada Rossiyaning Shimoliy Atlantikadagi faolligi va strategik infratuzilmalarga ehtimoliy sabotajidan xavotir kuchaymoqda. Londonda Shetland orollari yaqinida Sovuq urush davridagidek harbiy ishtirokni tiklash, suvosti aloqa kabellarini esa yanada kuchliroq himoyalash taklif qilinmoqda.

Britaniya Rossiya tahdidiga qarshi Sovuq urush davridagi mudofaa tizimini qayta tiklamoqchi
Shotlandiya rasmiylari Rossiyaning ehtimoliy sabotaj harakatlaridan himoyalanish uchun Shetland orollari yaqinida Buyuk Britaniyaning harbiy ishtirokini qayta tiklash zarurligini aytmoqda. Xususan, Shimoliy Atlantikadagi suvosti aloqa kabellari hamda mamlakatning zamonaviy kosmodromi xavfsizligi borasidagi xavotirlar kuchaygan.
Rasmiylar Rossiya Shimoliy Atlantikadagi Britaniya suvosti aloqa kabellari ustida harakatlanayotgan tijoriy baliq ovlash kemalaridan foydalanayotganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, bu kemalar orqali muhim infratuzilmani kuzatish va ehtimoliy sabotaj harakatlarini amalga oshirish mumkin.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning eng shimoliy hududida joylashgan Unst orolidagi SaxaVord kosmodromida ishlab chiqilayotgan raketa va sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning e’tiborida bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
O‘tgan oy Shotlandiya birinchi vaziri Jon Suinney mamlakat xorijiy dushman kuchlarning tahdidlariga qarshi yetarlicha himoyalanmaganini bildirgan edi. Biroq juma kuni Buyuk Britaniyaning shimoliga tashrifi chog‘ida mudofaa vaziri Ues Striting uning bu gaplarini tanqid qilib, mas’uliyatsiz va asossiz deb atadi.
Ayni shu kuni Shotlandiya yaqinidagi suvlarda Rossiyaning “Vezuvian” neft tankeri ham qayd etildi.
Shetland orollari vakili, Liberal-demokratlar partiyasi deputati Alister Karmikl Shotlandiya qirg‘oqlari yaqinida Rossiya baliq ovlash kemalari tobora ko‘proq ko‘rinayotganini aytib, Atlantika okeanida Britaniya qurolli kuchlarining doimiy harbiy navbatchiligini yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.
Uning saylov okrugi bo‘lgan Shetland orollarida 2022-yilda yaqin atrofdagi suvosti kabelining shikastlanishi oqibatida elektr ta’minoti uzilib, orollar bir muddat qorong‘ilikda qolgan edi.
Yaqinda o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, Rossiya kemalari xalqaro telekommunikatsiya aloqalarining katta qismini ta’minlaydigan suvosti kabellari yaqinida 500 martadan ortiq qayd etilgan. Bunday kabellarga sabotaj uyushtirilishi mamlakatning hayotiy infratuzilmasini izdan chiqarishi, hatto favqulodda xizmatlar faoliyatini falaj qilishi mumkin.
Karmikl hukumatni orollarga tutash suvlarda “doimiy va maqsadli” harbiy ishtirokni qayta tiklashga chaqirdi.
“Sovuq urush yillarida Unst orolidagi SaxaVord qirollik harbiy-havo kuchlari radiolokatsiya stansiyasi mamlakatimizning shimoldagi mudofaa chizig‘i edi. U 20 yil oldin qisqartirilgan”, dedi deputat.
Mazkur xavotirlar kuchaygani ortidan Buyuk Britaniya hukumati o‘tgan hafta e’lon qilgan hujjatda yangi jinoiy jazolar tizimini joriy etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Unga ko‘ra, suvosti kabellariga zarar yetkazgan shaxslarni qamoq jazosi kutishi mumkin.
Biroq Karmikl bunday choralar yaxshi niyat bilan taklif etilgan bo‘lsa-da, amalda ko‘proq ramziy ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladi.
Agar Rossiya Solsberiga “Novichok” bilan qurollangan odamlarni yuborishga tayyor bo‘lsa, Britaniya sudi oldida javob berish tahdidi ularni to‘xtata olmaydi, dedi u.
Deputat Putinning Shimoliy orollar, xususan, kosmodrom faoliyatiga qiziqishi mumkinligidan ham xavotir bildirdi.
“Har qanday tahdidga jiddiy qarashimiz kerak. Ayniqsa, hozir Shetland orollarida vertikal raketa uchirish uchun kosmodrom qurish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan bir paytimizda”, dedi Karmikl.
Uning fikricha, SaxaVord kosmodromining rivojlanishi va uning strategik ahamiyati hudud xavfsizligini kuchaytirishni talab qiladi.

