Britaniya harbiylari dushman davlatlar sunʼiy yo‘ldoshlarini yerdan turib to‘smoqda — BBC

Britaniya harbiylari dushman davlatlar sunʼiy yo‘ldoshlarini yerdan turib to‘smoqda — BBC
Britaniya harbiylari xorijiy sunʼiy yo‘ldoshlardan kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashish uchun sunʼiy yo‘ldosh signallarini yerdan turib to‘suvchi tizimdan foydalanmoqda. Bu haqda BBCʼning harbiy doiralardagi manbasi maʼlum qildi.
Manbaning aytishicha, Britaniya harbiylari ushbu tizimdan bir yildan beri foydalanib keladi. Tizim, jumladan, dushman davlatlar sunʼiy yo‘ldoshlarining Britaniyaning yadroviy raketalar bilan jihozlangan suvosti kemalari harakatini kuzatishiga yoki maxsus kuchlar ishtirok etadigan boshqa maxfiy operatsiyalarni nazorat qilishiga xalaqit beradi.
So‘nggi yillarda Britaniya hukumati dushman davlatlar qatoriga birinchi bo‘lib Rossiya va Eronni kiritib kelmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, shunga o‘xshash yer usti tizimlari bir necha davlatda mavjud. O‘tgan yili Buyuk Britaniya Kosmik qo‘mondonligi rahbari Rossiya har hafta yerdan turib Britaniya sunʼiy yo‘ldoshlari signallarini bostirishga urinayotganini aytgandi.
BBC manbasining taʼkidlashicha, Britaniyaning radioelektron urish vositalari “dunyodagi eng yaxshi shunday vositalardan ham yaxshi”.
Avvalroq Qirollik Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Britaniya koinotdan kelayotgan misli ko‘rilmagan tahdidlarga duch kelayotganini aytgandi. Mudofaa vazirligi esa ushbu tahdidlarga qarshi kurashish uchun yangi bo‘linma — Space Effects Squadronʼni tashkil etishini eʼlon qildi.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ues Striting Britaniya kosmik konferensiyasida so‘zlagan nutqida GPS signali yo‘qolgan taqdirda mamlakat iqtisodiyoti har kuni 1,4 milliard funt sterling, yaʼni qariyb 1,85 milliard dollar zarar ko‘rishini aytdi.
“Biz kosmik texnologiyalarga qanchalik qaram bo‘lsak, raqiblarimiz tomonidan bu sohadagi tahdidlar ham shunchalik ortib bormoqda”, — dedi Striting.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya ob-havo prognozlari va energiya taʼminotidan tortib moliyaviy operatsiyalar, sunʼiy yo‘ldosh navigatsiyasi, mobil aloqa va hatto Amazon buyurtmalarini yetkazib berishgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda sunʼiy yo‘ldoshlarga tayanadi.
Striting fikricha, ushbu imkoniyatlarning birdaniga yo‘qolishi nafaqat britaniyaliklarning kundalik hayotiga jiddiy taʼsir qiladi, balki ularning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini ham susaytirishi mumkin.
Vazir Britaniyaga raqib davlatlardan kelayotgan tahdidlar tobora keng ko‘lamli va murakkab tus olayotganini aytdi. Koinotdagi bu muammolar esa Yer yuzidagi geosiyosiy o‘zgarishlarni aks ettiradi.
O‘tgan hafta AQSH o‘z sunʼiy yo‘ldoshlarini himoya qilish uchun koinotga maʼlum turdagi qurol joylashtirganini ilk bor tan oldi. Xitoy va Rossiya bu bayonotni qoraladi. Biroq AQSH ilgari har ikki davlatni orbitada o‘z qurollarini ishlab chiqish va joylashtirishda ayblab kelgan. Gap sunʼiy yo‘ldosh signallarini bostiruvchi qurilmalar va ularning kuzatuv imkoniyatini ishdan chiqaruvchi lazerlardan tortib, nishonni jismonan yo‘q qilishga mo‘ljallangan kinetik qurollargacha bo‘lgan vositalar haqida bormoqda.
2026-may oyida Buyuk Britaniya Qirollik Harbiy-havo kuchlari (RAF) Finlyandiyaning ikki fuqarolik sunʼiy yo‘ldoshiga yaqin joyda Rossiyaning beshta sunʼiy yo‘ldoshi ketma-ket xavfli manyovrlar qilganini kuzatgandi. Iyun oyida esa RAF qo‘mondoni Rossiya sunʼiy yo‘ldoshlari guruhi Yevropa va Kanadada GPS signallariga xalaqit berganini maʼlum qildi.
Ayni paytda Britaniya mudofaa vaziri raqiblari tomonidan amalga oshirilayotgan “masʼuliyatsiz va provokatsion harakatlar” soni ortib borayotganini aytdi.
Orbitada Britaniyaning bir nechta harbiy razvedka va aloqa sunʼiy yo‘ldoshlari mavjud. Shu bilan birga, mamlakat Amerika Kosmik kuchlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi — AQSHda esa sunʼiy yo‘ldoshlar soni ancha ko‘p.

