Dunyo

Braziliyada fermer ChatGPTʼga o‘g‘lini o‘ldirish rejasini aytganidan keyin hibsga olindi

Braziliyada fermer ChatGPTʼga o‘g‘lini o‘ldirish rejasini aytganidan so‘ng qo‘lga olindi

Braziliyada 36 yoshli fermer sakkiz yashar o‘g‘lini o‘ldirish va boshqa odamlarga hujum qilish haqida qariyb ikki oy davomida ChatGPT bilan yozishib kelganidan keyin hibsga olindi. Politsiya talqiniga ko‘ra, yozishmalar mazmuni jinoyatlarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ko‘rsatadi, deb xabar berdi BBC Braziliya xizmati.

OpenAI foydalanuvchining yozishmalariga eʼtibor qaratib, bu haqda AQSH Federal qidiruv byurosiga maʼlum qilgan. Keyin Amerika tomoni Braziliya rasmiylarini xabardor qilgan. Politsiya fermerni 19-iyun kuni hibsga oldi.

Hududiy kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘linmasi rahbari Brennu Andrade aytishicha, bolaga nisbatan ehtimoliy tahdid mavjudligi sababli ishga ustuvor maqom berilgan. Tergovchilarga ko‘ra, erkak ChatGPT bilan yozishmalarida nafaqat o‘g‘lini o‘ldirish, balki maktablar, cherkovlar va politsiya xodimlariga ehtimoliy hujum uyushtirish haqida ham gaplashgan. Shuningdek, u xavfli moddalar haqida maʼlumot izlagan.

Fermerning uyida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida politsiya bir qator shubhali buyum va moddalarni topdi. Ular hozir ekspertlar tomonidan tekshirilmoqda. Tergovchilar, shuningdek, gumondorning mobil telefonini ham ko‘zdan kechirmoqda va yozishmalarda muhokama qilingan rejalarni amalga oshirish uchun biror harakat qilingan-qilinmaganini aniqlashga urinmoqda.

Politsiya maʼlumotiga ko‘ra, erkak o‘g‘li bilan kam muloqot qiladi va asosan aliment to‘lab keladi. Tergovchilar aliment to‘lovlaridan norozilik ehtimoliy jinoyatga sabab bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti. Biroq hozircha tergov bu borada yakuniy xulosaga kelmagan.

Fermerning o‘zi bolaga zarar yetkazish niyati bo‘lmaganini aytmoqda. Uning advokati esa bu yozishmalar faqat chatbot bilan provokatsion suhbat bo‘lgani, amalda hech qanday real harakatga o‘tilmaganini taʼkidlamoqda.

Erkak 54 kun hibsda saqlanib, 13-avgust kuni ozodlikka chiqarildi. Hozircha unga rasman ayblov qo‘yilgani yo‘q, tergov esa davom etmoqda. Bundan buyon u elektron bilaguzuk taqib yurishi, o‘g‘li va bolaning onasi bilan muloqot qilmasligi shart.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.