«Braid» yaratuvchisi Jonatan Blou «tarixdagi eng yirik boshqotirma oʻyini»ni yaratish haqida
«Order of the Sinking Star» payshanba kuni chiqishi kutilmoqda va unda oʻyinchilar sinab koʻrishlari uchun taxminan 1500 ta boshqotirma mavjud

Braid yaratuvchisi Jonatan Blou «tarixdagi eng yirik boshqotirma oʻyini»ni yaratish haqida
Soʻnggi oʻn yil davomida Jonatan Blou kichik jamoa bilan birgalikda, uning fikricha, «yaratilgan eng yirik boshqotirma oʻyini» ustida ishlab kelmoqda.
Amerikalik dasturchi 2008 yilda janr chegaralarini belgilab bergan Braid boshqotirma-platformerini yaratib, zamonaviy indi-oʻyinlar harakatining asoschilaridan biri sifatida keng tan olingan.
Endilikda, uning soʻnggi loyihasi — The Witness’dan oʻn yil oʻtib, payshanba kuni The Order of the Sinking Star oʻyini chiqarilishi kutilmoqda. Bu taxminan 1500 ta boshqotirmadan iborat oʻyin boʻlib, uni yakunlash uchun taxminan 500 soat vaqt ketishi mumkin.
Xoʻsh, nega aksariyat oʻyinchilar hech qachon yarmiga ham yetib bora olmaydigan, yakunlashni-ku qoʻyaturing, shunday narsani yaratish kerak?
«Baʼzi odamlar nima yaratishni amaliy jihatdan qulaylik yoki biznes nuqtai nazaridan foydalilikka qarab hal qilishadi», deydi Blou. «Men hech qachon bunday fikrlamaganman».
«Maʼlum maʼnoda men yomon biznes qarorlari qabul qilaman... chunki dizaynning ushbu jarayonda ustunlik qilishiga yoʻl qoʻyaman. Ammo buni qilganimiz sababli, bizda doimo noyob narsa paydo boʻladi», deydi u.
Oʻyinning tavsifida u «oʻyin dizaynining adron kollayderi»ga qiyoslanadi — tepadan koʻrinadigan toʻrtta dunyo, boshqa dizaynerlarning ruxsati bilan ularning mavjud toʻrtta bepul boshqotirma oʻyinlari mexanikasi asosida qurilgan.
Bu gʻoyalar keyinchalik butunlay yangi boshqotirmalarni yaratish uchun «bir-biriga urishtiriladi».
Masalan, Alan Xeyzeldenning 2014 yildagi bepul Mirror Isles oʻyiniga asoslangan bir dunyo mexanikasida oʻyinchilar orollar boʻylab pozitsiyalarini almashtirish uchun koʻzgu akslaridan foydalanadilar.
Bu Xeyzeldenning boshqa bir bepul oʻyini — Skipping Stones to Lonely Homes (unda oʻyinchilar yoʻl ochish uchun suvga tosh otadilar) tizimi bilan birlashtirilganda, butunlay yangi boshqotirma imkoniyatlari paydo boʻladi.
Yakunda Blouni koʻproq eksperimental narsa yaratish tavakkalchiligi harakatlantirayotganga oʻxshaydi va u soha kengaygani sari dasturchilar madaniyati ham oʻzgarganini aytadi.
«Qaysidir bosqichda... eng yaxshi dizaynerlar doimo yangi taassurotlar yaratishga harakat qilishi kerak degan gʻoya... shunchaki chetda qolib ketdi», deydi u.
Toʻgʻri soʻzligi bilan tanilgan dizayner soha haqidagi keskin qarashlari bilan mashhur — u ilgari Farmville kabi ijtimoiy tarmoq oʻyinlarini «yovuzlik» va World of Warcraft oʻyinining topshiriqlar dizaynini «noaxloqiy» deb atagan edi.
2025 yil dekabr oyida Xeyzelden Bluesky tarmogʻidagi postida Blou «xilma-xillikni taʼminlash harakatlarini mensimasligi» va «MAGA (Tramp tarafdorlari) tarafdori» ekanini yozib, undan ommaviy ravishda uzoqlashdi.
Ushbu tanqidlarga ommaviy ravishda javob bermagan Blou, buning oʻrniga «oʻtirib, oʻyinlarga eʼtibor qaratishni» afzal koʻrganini aytadi.
«Oʻyinchilar dasturchilardan yaxshi oʻyinlar kutishadi», deydi u.
«Ular bizning siyosiy qarashlar boʻyicha, ayniqsa, bir-birimiz bilan bahslashishimizni xohlamaydilar».
Blouning aytishicha, soha sunʼiy intellektga qanday yondashish borasida ikkilanishda qolgan
Blou sunʼiy intellektga shubha bilan qarashini aytadi. Garchi u buni «rivojlanish» va «qiziqarli texnologiya» deb bilsa-da, bu texnologiya Order of the Sinking Star loyihasida «umuman ishlatilmagan».
Texnologiya foydalanuvchilari tomonidan tez-tez taʼkidlanadigan afzalliklar, masalan, yuqori mahsuldorlik haqida u shunday soʻraydi: «Agar siz oʻn baravar mahsuldorroq boʻlganingizni va 3 yil oʻtganini aytayotgan boʻlsangiz, unda siz oʻttiz yillik ishni bajara olgan boʻlishingiz kerak».
«Xoʻsh, bu 30 yillik ishning natijasi qani?»
Texnologiyani rad etishiga qaramay, Blou soha sunʼiy intellekt bilan ishlashda «noaniq davr»ni boshdan kechirayotganini aytadi, ayniqsa, «gʻalati belgilar»ni (kodlarni) oʻzlari oʻrganish oʻrniga, kod yozishda unga haddan tashqari qaram boʻlib qolishi mumkin boʻlgan yangi yaratuvchilar bilan bogʻliq holda.
«Xavf shundaki, kelajakda koʻp odamlar dasturlashni bilmay qolishadi», deydi u.
«Va agar sunʼiy intellekt haqiqatan ham hamma narsani qila olmasa, unda dasturchilar taklifi yaxshi narsalar yaratish uchun yetarli boʻlmasligi mumkin».
2008 yilda Jonatan Blou janr chegaralarini belgilab bergan Braid boshqotirma-platformerini chiqardi, uning chiqarilgandan keyingi tarixi «Indie Game: The Movie» hujjatli filmida aks ettirilgan
Blouning The Order of the Sinking Star oʻyinining biror bir qismida yon bermasligi uning markaziy dizaynidan ham chetga chiqib ketadi.
Dasturchi noldan boshlab oʻz dasturlash tili — Jai’ni yaratishni tanladi.
Keyin u oʻyinni yaratish uchun ushbu tildan va maxsus dvigateldan (engine) foydalandi.
Oʻyin dvigateli — bu oʻyin tajribasini yaratish uchun zarur boʻlgan barcha narsalarni, jumladan, grafikani tasvirlash, fizika simulyatsiyasi va skriptlarni dasturchilar uchun bir joyga jamlaydigan dasturiy taʼminotdir.
Baʼzi dasturchilar noldan kod yozish qiyinchiligini boʻyinga olish oʻrniga, Unity yoki Unreal Engine kabi tayyor, tijorat maqsadida mavjud boʻlgan dvigatellardan foydalanadilar.
Blou uchun ushbu tilda oʻz dvigatelini yaratish u yaratmoqchi boʻlgan narsaga «juda aniq moslashtirilgan va sozlangan» narsani yaratishi mumkinligini anglatardi.
Bu oddiy «dizayn tajribasi» sifatida boshlangan ushbu loyihaning yakunlanishi uchun nima sababdan oʻn yil vaqt ketganiga u keltirgan yana bir sababdir.
«Men bundan keyingi loyihaning qiyin rejimda yoki haqiqatan ham dahshatli rejimda boʻlmasligini xohlayman, chunki biz bir vaqtning oʻzida juda koʻp narsalarni qiyin rejimda bajardik», deb mulohaza yuritadi u.
«Ammo bu maʼlum maʼnoda oʻz samarasini ham berdi. Chunki aks holda, bu sohada yana nima uchun borsiz?»

