“Bozor yong‘inlariga elektr tarmoqlariga tushgan ortiqcha yuklama va gazdan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lyapti” — FVV
Bozorlarga ataylab o‘t qo‘yish holatlari qayd etilmagan, deydi FVV rahbari o‘rinbosari Xurshid Sotiyev. Uning aytishicha, ko‘p hollarda elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama tushishi va gazdan foydalanishdagi xavfsizlik talablari buzilishi bunday holatlarga sabab bo‘ladi.

FVV: "Bozorlardagi yong‘inlarga elektr tarmoqlarining haddan tashqari yuklanishi va gazdan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lmoqda"
O‘zbekiston bozorlarida qasddan o‘t qo‘yish holatlari qayd etilmagan, aksariyat yong‘inlar elektr tarmoqlariga tushayotgan ortiqcha yuklama tufayli kelib chiqmoqda. Bu haqda favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Xurshid Sotiyev 13-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan tadbirdan so‘ng Gazeta muxbirining savoliga javob berar ekan, ma’lum qildi.
U bozorlarda sodir bo‘layotgan yong‘inlar ataylab amalga oshirilayotgani haqidagi taxminlarni rad etdi.
Xurshid Sotiyevning so‘zlariga ko‘ra, bozorlar qurilayotgan vaqtda elektr kabellari va simlari belgilangan yuklamani ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biroq, keyinchalik tadbirkorlar qo‘shimcha sovutgich, muzlatgich va boshqa elektr jihozlarini o‘rnatishi natijasida tarmoqqa tushadigan yuklama ortadi. Bu esa kabellarning qizishi va erishiga olib kelib, ayniqsa, havo harorati yuqori bo‘lgan paytlarda yong‘in chiqishiga sabab bo‘lmoqda, dedi u.
"Bozorlarda ataylab yong‘in qo‘yish holatlari hali biror marta qayd etilgani yo‘q. Sabab faqat elektr jihozlaridan chiqyapti yoki gaz moslamalaridan foydalanishda xavfsizlik talablari buzilyapti", — deydi Xurshid Sotiyev.
Vazir o‘rinbosari yong‘inlarning yana bir sababi gaz ballonlaridan foydalanishdagi qoidalar buzilishi ekanini aytdi. Jumladan, ballonlarni yillik sinovdan o‘tkazmaslik, ularda to‘plangan kondensatni bo‘shatmaslik va texnik holatini tekshirmasdan qayta to‘ldirish xavf tug‘diradi.
"Gaz ballonlarini xususiy avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida to‘ldirish yoki ularni issiqlik va ochiq olov manbalari yaqinida saqlash ham yong‘in xavfini oshiradi", — dedi u.
Sotiyev bozor hududida ochiq olovdan foydalanish qat’iyan taqiqlanganini qo‘shimcha qildi.

