“Boy ota, kambag‘al ota” asari muallifi Robert Kiyosakining o‘zi 1,2 milliard dollar qarzga botdi

"Boy ota, kambag‘al ota" kitobining muallifi Robert Kiyosaki, zamonaviy motivatsion yozuvchilar orasida eng mashhurlaridan biri bo‘lib, moliyaviy savodxonlik bo‘yicha maslahatlari bilan o‘z imperiyasini qurgan. Uning kitoblari o‘quvchilarga boylikka erishishni va’da qiladi. Ayniqsa, "Boy ota, kambag‘al ota" asari 32 milliondan ortiq nusxada sotilib, 100 dan ziyod mamlakatda tarqalgan va New York Times bestsellerlari ro‘yxatidan joy olgan. Opra Uinfri kabi mashhurlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bu kitob haqiqiy fenomenga aylangan.
Kiyosakining tez pul ishlash sirlari ko‘pchilikka yoqib, unga butun dunyo bo‘ylab sodiq muxlislar armiyasini olib keldi. Biroq, Vanity Fair nashrining xabar berishicha, moliyaviy savodxonlik bo‘yicha bu ustozning o‘zi yaqinda 1,2 milliard dollar qarzga botganini ma’lum qilgan. Bu holat uning o‘ziga ham yaxshi maslahatchi kerakligini ko‘rsatmoqda.
1997-yilda nashr etilgan "Boy ota, kambag‘al ota" kitobi ikki ota haqidagi hikoyaga asoslangan. Ulardan biri Kiyosakining o‘z otasi bo‘lib, u ma’lumotli davlat xizmatchisi edi. U muvaffaqiyatli karyerasiga qaramay, ba’zan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelar va o‘zini hech qachon badavlat hisoblamasdi. Ikkinchisi esa Kiyosaki "boy ota" deb atagan, uning eng yaqin do‘stining tadbirkor otasi edi. Kitobga ko‘ra, aynan shu kishi bo‘lajak muallifga pul qanday ishlashini va nima uchun inson faqat maosh olish bilan cheklanib qolmay, aktivlarga egalik qilishga intilishi kerakligini tushuntirgan.
Kiyosakining ta’limoti o‘ta soddaligi tufayli keng tarqaldi. U o‘z kitobxonlariga "kambag‘alcha" fikrlashni "boylarcha" fikrlashga o‘zgartirishni, pul keltiradigan aktivlarni sotib olishni va buning uchun qarz kapitalidan foydalanishni maslahat bergan. Robert ko‘chmas mulk, oltin, neft va boshqa resurslar yoki loyihalarga sarmoya kiritish haqida ham ko‘p gapirgan.
U hatto katta qarzlar ham o‘z-o‘zidan moliyaviy halokatni anglatmasligini tushuntirgan. Aslida, u aynan shu narsani o‘z misolida ko‘rsatib bermoqchi bo‘ldi. The Iced Coffee Hour podkastida Robert 1,2 milliard dollarlik qarzini ochiq e’lon qildi. Albatta, bu pulni u shaxsan o‘zi sarflamagan va bu uni bankrotga olib kelmagan. Bu mablag‘larning asosiy qismi uning sheriklari bilan birgalikda egalik qiladigan ko‘chmas mulkka bog‘liq. Vanity Fair hisob-kitoblariga ko‘ra, Robertning shaxsan o‘zi bu summadan taxminan 30–60 million dollar qarzdor.
Shunga qaramay, boshlovchilar yozuvchidan bu muammoni qanday hal qilmoqchi ekanini so‘rashganida, u shunday javob bergan: "Agar bankdan 20 million qarz bo‘lsangiz, bu sizning muammoingiz. Ammo bankdan 1 milliard qarz bo‘lsangiz-u, uni to‘lay olmasangiz, bu endi bankning muammosi".
Ya’ni Kiyosaki ko‘p yillar davomida o‘z o‘quvchilariga tushuntirib kelgan aynan o‘sha modeldan foydalanayotganini isbotlashga qaror qildi: u aktivlarni xarid qilish uchun qarz oladi va aktivlarning o‘zi hamda ulardan keladigan daromad qarzni qoplaydi, deb hisoblaydi. Biroq moliyaviy ekspertlar inflatsiya va bozor beqarorligini inobatga olganda, bu model qancha vaqt ish berishi mumkinligi borasida hamon ikkilanmoqda.
Bunday savollar avval ham paydo bo‘lgan. Soha mutaxassislari "Boy ota, kambag‘al ota" asarini undagi faktik xatolar, ortiqcha soddalashtirish va aksariyat vaziyatlarning haqiqatdan yiroqligi uchun tanqid qilishgan. Biroq bu ham Kiyosakining muvaffaqiyat qozonishiga va uning boshqa kitoblari nashr etilishiga to‘sqinlik qila olmagan — jami yigirmadan ortiq asari chop etilgan.
Qolaversa, qarzlari qancha bo‘lishidan qat’i nazar, unga qashshoq hayot xavf solmaydi. Mabodo ko‘chmas mulk biznesi barbod bo‘lsa ham, u infobiznes orqali o‘z kapitalini to‘ldirishda davom etadi: asarlarini, podkastlarini, vebinarlari, kurslari va hatto ta’limiy o‘yinlarini sotish hisobidan. Aytgancha, Robertning uyi ham shundan dalolat beradi. Vanity Fair jurnalistining so‘zlariga ko‘ra, uning qasri go‘yoki pulsiz qolgan odam haqidagi tasavvurga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Kiyosaki Marokash uslubidagi bu hashamatli qarorgohni atigi uch yil oldin 4,5 million dollarga xarid qilgan.
Qizig‘i shundaki, Robert o‘z mulohazalarining mavhumligiga qaramay, Amerika jamiyatining "yuqori" qatlamidan mustahkam o‘rin egallashga muvaffaq bo‘ldi. Jumladan, u ko‘p yillardan buyon Donald Tramp bilan yaqin aloqada. Ular hatto birgalikda ikkita kitob ham yozgan — 2006-yilda "Nima uchun biz sizning boy bo‘lishingizni istaymiz" va 2011-yilda "Midas ta’siri". Vanity Fair nashriga bergan intervyusida Kiyosaki AQSH prezidenti haqida ijobiy fikr bildirib, uni hamon do‘stim deb ataydi.
Kiyosaki asarida yana bir muhim jihat bor. Bu — "boy ota" va "kambag‘al ota" obrazlaridir. Birinchisi sifatida u ko‘p yillar davomida o‘ziga ustoz deb bilgan tadbirkor Richard Kimini tilga oladi. Kitobida Robert uning allaqachon vafot etganini yozadi, ammo aslida Kimi asar nashr etilganidan 11 yil o‘tib vafot etgan.
Bundan tashqari, Vanity Fair nashri materiallariga ko‘ra, Kiyosakining birinchi biznesi — hamyon ishlab chiqarish uchun pulni aynan uning o‘z otasi, ya’ni kitobda muvaffaqiyatli tadbirkorga qarshi qo‘yilgan o‘sha "kambag‘al ota" bergan. Demak, u yillar davomida o‘zining hayot yo‘li shakllanishiga sababchi bo‘lgan insonni moliyaviy savodsizlik va qat’iyatsizlikda ayblab kelgan.
Yozuvchining o‘zi esa o‘z falsafasiga sodiq qolmoqda. Uning sobiq rafiqasi Kimning aytishicha, u eridan qachon nafaqaga chiqmoqchiligini so‘raganida, javob oddiy bo‘lgan — Robert ikki marta "Men o‘qitishni yaxshi ko‘raman", deb takrorlagan.

