Bosqichma-bosqich yaxshi jamoa shakllantiryapmiz, toʻgʻri yoʻnalishdamiz - Kannavaro
Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Suriya ustidan qozonilgan 4:1 hisobidagi gʻalabadan mamnunligini bildirib, futbolchilar qisqa vaqt ichida yangi taktik tizim va uning gʻoyalarini yaxshi oʻzlashtirganini taʼkidladi.

Bosqichma-bosqich yaxshi jamoa shakllantiryapmiz, toʻgʻri yoʻnalishdamiz - Kannavaro
– Biz bu oʻyinga yaxshi tayyorgarlik va yuqori kayfiyat bilan keldik. Barcha futbolchilar birgalikda, ahil jamoa sifatida ishlamoqda. Oʻyindan oldin yigitlarga «oʻrtoqlik oʻyini» degan tushuncha yoʻqligini, har bir uchrashuvga jiddiy yondashish kerakligini aytdim. Ulardan yuqori tempda va intensiv oʻynashni soʻradim. Biz hali koʻp jihatdan rivojlanishimiz kerak. Ammo bosqichma-bosqich yaxshi jamoa shakllantirib boryapmiz.
– Endi Janubiy Koreyaga (6-oktabrda) qarshi qiyin safar uchrashuvi kutib turibdi. Barcha futbolchilarning holati yaxshi va biz toʻgʻri yoʻnalishda harakat qilishimiz kerak.
– Men barcha futbolchilarning bir xil tempda shugʻullanishini xohlayman va hammaga birdek qarayman. Menda «asosiy tarkib» yoki «zaxira futbolchisi» degan tushuncha yoʻq. Bugun ayrim futbolchilarni almashtirish va boshqalarga ham oʻzini koʻrsatish imkoniyatini berish muhim edi.
– Odamlar oʻyin oson kechdi deb oʻylashi mumkin. Ammo biz toʻgʻri boshlaganimiz, koʻp yugurganimiz va toʻgʻri pressing qilganimiz sababli bahsni oʻzimiz uchun yengillashtirdik. Suriya oson raqib emas. Biz ularning Iordaniyaga qarshi oʻyinini kuzatdik, oʻsha bahs 1:1 hisobida yakunlangan edi. Shuning uchun bu uchrashuvga ham jiddiy tayyorlandik.
– Men uchun natijadan koʻra, jamoaning xarakteri va jamoaviy oʻyin koʻrsatishi muhimroq. Eronga qarshi bahsda ham buni koʻrsatdik. Ular Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri.
– Albatta, doim ham mukammal oʻynab boʻlmaydi. Biz mashgʻulotlarda barcha jihatlar - himoyadan toʻp bilan chiqishdan tortib standart vaziyatlargacha ishlayapmiz. Asosiy eʼtibor qaratishimiz kerak boʻlgan jihatlardan biri - bosim oʻtkazish uchun qulay vaqtni his qilish.
– Jahon chempionatida top jamoalarga qarshi oʻynab, bunday bahslarda intensiv va agressiv boʻlish qanchalik muhimligini koʻrdik. Kuchli jamoaga qarshi noqulay vaqtda pressing qilsangiz, raqib bu vaziyatdan oson chiqib ketadi. Shuning uchun futbolchilarga qachon oldinga chiqib bosim oʻtkazish kerakligini oʻrgatyapmiz.
– Futbol - vaqt va hudud oʻyini. Toʻp raqibda boʻlsa, unga oʻylash uchun vaqt qoldirmaslik maqsadida hududni toraytirishimiz kerak. Toʻp bizda boʻlganda esa, aksincha, koʻproq vaqtga ega boʻlish uchun boʻsh hududlarni kengaytirishimiz lozim. Agar toʻgʻri vaqtda pressing qilmasangiz, hatto kuchsiz jamoaga qarshi ham muammoga duch kelishingiz mumkin. Soʻnggi kunlarda futbolchilar biz ulardan nimani talab qilayotganimizni yaxshi tushunib olishganidan xursandman.

