Dunyo

Bosniyada Rossiyaga yaqin Dodikning nomzodlari oldinga chiqdi

Bosniya va Hersegovinada oʻtkazilgan saylovlarning dastlabki natijalariga koʻra, Serb Respublikasining sobiq prezidenti Milorad Dodik qoʻllab-quvvatlagan nomzodlar yetakchilik qilmoqda. Savo Minich mintaqa prezidentligi uchun kurashda oldinda, Dodikning safdoshi Jelka Sviyanovich esa mamlakat prezidiumidagi oʻrnini saqlab qolishi kutilmoqda.

Bosniyada Rossiyaga yaqin Dodikning nomzodlari oldinga chiqdi

DW xabariga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi 4-oktabr, yakshanba kuni kechqurun ovoz berishning dastlabki natijalarini e’lon qilgan. Saylovchilar mamlakat prezidiumi a’zolari, markaziy va ikki mintaqaviy parlament deputatlari, shuningdek, Serb Respublikasi prezidentini tanlagan.

Byulletenlarning 95 foizi sanab chiqilganda, prezidiumda bosniyalik musulmonlar — bosnyaklar vakili bo‘lish uchun kurashda Denis Bechirovich qariyb 38 foiz ovoz bilan yetakchilik qilgan. U bungacha prezidium raisi lavozimida ishlagan.

Xorvatlar vakili uchun saylovda Dariyana Filipovich taxminan 48 foiz ovoz bilan oldinda bo‘lgan. Serblar vakili sifatida esa amaldagi prezidium a’zosi Jelka Sviyanovich qariyb 55 foiz ovoz to‘plagan.

Bosniya va Hersegovinada davlat rahbari vazifasini uch kishidan iborat prezidium bajaradi. Unda bosnyaklar, xorvatlar va serblar bittadan vakilga ega. Bu boshqaruv tizimi mamlakatdagi fuqarolik urushiga nuqta qo‘ygan 1995-yilgi Deyton kelishuvlari asosida shakllangan.

Saylovdagi asosiy raqobatlardan biri Bosniya va Hersegovina tarkibidagi, aholining asosiy qismini serblar tashkil etuvchi Serb Respublikasi prezidentligi uchun kechgan. Unda mintaqa bosh vaziri Savo Minich va muxolifat nomzodi Branko Blanusha bellashgan.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, Minich aksariyat saylov okruglarida raqibidan o‘zib ketgan. Blanusha ayrim okruglarda ustun kelgan bo‘lsa-da, Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlari umumiy hisobda Minich oldinda ekanini ko‘rsatgan.

Minich ham, Sviyanovich ham Milorad Dodik asos solgan «Mustaqil sotsial-demokratlar ittifoqi» partiyasidan nomzod bo‘lgan. Mazkur partiya Serb Respublikasi parlamenti — Xalq skupshtinasi saylovida ham yetakchilik qilmoqda. Mamlakat parlamentining quyi palatasiga saylovda ham bosniyalik serblarning aksariyati shu partiyani qo‘llab-quvvatlagan.

Dodik Minich va Sviyanovichni g‘alaba bilan tabriklashga ulgurgan. Nashrning qayd etishicha, Dodik 2025-yilda Bosniya va Hersegovina Konstitutsiyaviy sudi qarorlari hamda xalqaro kelishuvlarni bajarmagani uchun prezidentlik lavozimidan majburan chetlashtirilgan. Sud unga olti yil davomida siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni ham taqiqlagan.

Rossiyaga yaqinligi bilan tanilgan Dodik sud qarorini tan olmagan va qo‘llab-quvvatlash izlab Moskvaga borgan. U Savo Minich bilan birga 29-sentabr kuni Kremlda Vladimir Putin bilan uchrashgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.