Boshqa sayyoradek koʻringan Namibiya tuz tekisligi kosmosdan suratga olindi
Sentinel-2 sunʼiy yoʻldoshi Namibiyadagi Etosha tuz tekisligining gʻayrioddiy tasvirini oldi. Suratda moviy va koʻk maydonlar qizil hududlar bilan oʻralgan. Biroq bu tabiiy ranglar emas - oʻsimliklar va yer yuzasi xususiyatlarini ajratib koʻrsatish uchun tasvirga shartli ranglar berilgan.

Namibiyadagi boshqa sayyorani eslatadigan tuz tekisligi kosmosdan tasvirga tushirildi
Yevropa kosmik agentligi — ESA bergan maʼlumotga koʻra, surat 2026-yil 5-aprelda Copernicus Sentinel-2 dasturi doirasida olingan
Etosha Namibiya shimolidagi shu nomli milliy bogʻ hududida joylashgan. U mamlakatdagi eng yirik tuz tekisligi boʻlib, yuzasi tuz va boshqa mineral yotqiziqlar bilan qoplangan.
Sunʼiy yoʻldosh tasviridagi ranglar va shakllar uni uzoqdagi sayyora manzarasiga oʻxshatadi. Aslida esa yer yuzidan qaralganda Etosha asosan oq tekislik sifatida koʻrinadi.
Sentinel-2 apparatlaridagi yuqori aniqlikdagi multispektral asbob tasvirlarni 13 ta spektral diapazonda qayd etadi. Turli diapazonlarda olingan maʼlumotlarni birlashtirish oddiy fotosuratlarda ajratish qiyin boʻlgan xususiyatlarni koʻrishga yordam beradi.
Mazkur tasvirda tuzlik atrofidagi oʻsimliklar qizil tuslarda aks etgan. Tekislikning oʻzida esa yorqin moviy, och koʻk va toʻq koʻk uchastkalar koʻrinadi. Ular orasidagi bulutga oʻxshash shakllar suvda muallaq turgan choʻkindi zarrachalari toʻplanishidir.
Qizil ranglarda koʻringan hududlar oʻtloqlar, savannalar va mopane daraxtlarini qamrab oladi. Mopane milliy bogʻning ushbu qismiga xos daraxtlardan biri boʻlib, fillar, jirafalar va qoplonlar yashaydigan tabiiy muhitning muhim qismini tashkil etadi.
Bunday sunʼiy yoʻldosh tasvirlari olimlarga hududning tabiiy xususiyatlarini oʻrganish va vaqt oʻtishi bilan yuz berayotgan oʻzgarishlarni kuzatish imkonini beradi.

