Bosh vazir Rouzbank neft koni Gʻarbiy sohilga qarshi sanktsiyalarni buzishi mumkinligi haqida ogohlantirildi
Faollar va Yashillar partiyasi yetakchisi Zak Polanski Rouzbankning (Rosebank) Isroil firmasi bilan aloqalaridan xavotir bildirmoqda.

Bosh vazir Rouzbank (Rosebank) neft konining maʼqullanishi Gʻarbiy sohildagi noqonuniy aholi punktlariga qarshi joriy etilgan sanktsiyalarning buzilishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Hukumat yaqin orada Shetland orollari yaqinida joylashgan, Buyuk Britaniyaning eng yirik oʻzlashtirilmagan neft koni boʻlmish Rouzbank loyihasini davom ettirish yoki ettirmaslik boʻyicha uzoq vaqtdan beri kechiktirilayotgan qarorni qabul qilishi kutilmoqda.
Ekologik faollar va Yashillar partiyasi yetakchisi Zak Polanski Endi Bernem va tashqi ishlar vaziriga alohida-alohida xat yozib, Rouzbankning Isroilning Delek Group kompaniyasi bilan aloqalari xususida xavotir bildirishdi.
Oʻtgan yili Delek Group BMTning bosib olingan Falastin hududlaridagi aholi punktlarini qoʻllab-quvvatlovchi xizmatlar yoki kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi firmalar maʼlumotlar bazasiga kiritilgan edi.
Kompaniya vakili Daily Telegraph nashriga bergan bayonotida, ularning Isroil aholi punktlariga hech qanday aloqasi qolmaganini va maʼlumotlar bazasiga notoʻgʻri kiritilganini maʼlum qildi.
Delek Group Rouzbank loyihasida 20 foizlik ulushga ega boʻlgan Ithaca Energy kompaniyasini nazorat qiladi.
2023 yilda Rouzbank loyihasiga qarshi sud daʼvosi bilan chiqib, qidiruv ishlari boʻyicha qaror qabul qilinishining hozirgi kechikishiga sabab boʻlgan Uplift targʻibot guruhi Bernem va Tashqi ishlar vaziri Ed Milibandga yoʻllangan maktubni tashkillashtirishga yordam berdi.
BBC News koʻrgan maktubda Stop Rosebank va Greenpeace faollari, Uplift koʻmagida, hukumatdan Delek kompaniyasi oʻtgan oyda eʼlon qilingan sanktsiyalar ostiga tushish-tushmasligiga aniqlik kiritishni soʻrashgan.
Bundan tashqari, Polanski ham Milibandga xat yozib, hukumat Buyuk Britaniyaning neft va gaz qazib olishdan oladigan daromadlari noqonuniy aholi punktlarini moliyalashtirmasligini taʼminlash uchun qanday choralar koʻrishini soʻragan.
U shunday dedi: "Rouzbank — Leyboristlar taklif qilayotgan sanktsiyalar rejimi oʻz vazifasini bajara olishi yoki olmasligi boʻyicha sinovdir.
BMT tomonidan noqonuniy aholi punktlarida faoliyat yuritgani uchun qora roʻyxatga kiritilgan kompaniyalar Shimoliy dengizdagi neft va gaz daromadlari hisobidan moliyalashtirilmasligi kerak."
Oʻtgan oyda Miliband aholi punktlarini kengaytirish uchun infratuzilma kabi xizmatlar koʻrsatuvchi kompaniyalar va jismoniy shaxslarga nisbatan choralar koʻrilishini eʼlon qilib, Buyuk Britaniyaning qatʼiy pozitsiyasini koʻrsatgan edi.
Buyuk Britaniya sanktsiyalari, shuningdek, noqonuniy aholi punktlaridan tovarlar import qilishni ham taqiqlaydi.
Bernemga yoʻllagan maktubida Uplift undan "yangi rejalashtirilgan chora-tadbirlar Delek kompaniyasiga daxldor boʻlishi yoki boʻlmasligini aniq tasdiqlashni" soʻradi.
Ular qoʻshimcha qilishdi: "Agar unday boʻlmasa, iltimos, bu hukumatning noqonuniy aholi punktlarini moliyalashtiruvchi yoki ularga koʻmaklashuvchilarga sanktsiya qoʻllash haqidagi bayonotiga qanday mos kelishini tushuntirib bering?"
Ithaca Energy вакили BBC'ga shunday dedi: "Ithaca Energy — London fond birjasida roʻyxatga olingan, FTSE 100 tarkibiga kiruvchi va korporativ boshqaruvning eng yuqori standartlariga amal qiluvchi kompaniyadir.
Ithaca Shimoliy dengiz va Shotlandiyadagi eng yirik investorlardan biri, masʼuliyatli ish beruvchi boʻlib, soliq toʻlovlari orqali Buyuk Britaniya gʻaznasiga hamda mamlakatning energetik xavfsizligiga katta hissa qoʻshib kelmoqda."
Delek Group vakili Telegraph nashriga shunday dedi: "Delek Group BMT maʼlumotlar bazasiga notoʻgʻri kiritilgan.
Yuridik maslahatchilarimiz bilan birgalikda biz bunga rasman eʼtiroz bildirish va nomimizni BMT maʼlumotlar bazasidan zudlik bilan chiqarib tashlashni talab qilish niyatidamiz."
Rouzbankni, shuningdek, Aberdin sharqidagi Jekdo (Jackdaw) gaz konini maʼqullash masalasi siyosiy jihatdan juda muhim ahamiyat kasb etdi.
Rouzbank 2023 yilda avvalgi Konservatorlar hukumati tomonidan maʼqullangan edi, biroq ushbu qaror faollar, jumladan Uplift tomonidan sudda muvaffaqiyatli ravishda bekor qilindi.
Endilikda qaror qabul qilish Energetika vaziri Miatta Fanbulle zimmasida, biroq bu Bernemning neft va gaz sohasidagi umumiy qarashlarining muhim koʻrsatkichi sifatida baholanadi.
Miliband Ser Kir Starmerning energetika vaziri boʻlib ishlagan davrida Rouzbank loyihasiga qarshi boʻlgani keng maʼlum.
Bernem energetika sohasida "moslashuvchan" yondashuv zarurligini bir necha bor taʼkidlagan va Shimoliy dengizda litsenziyalar mavjud boʻlgan joylarda burgʻilash ishlarini davom ettirishni qoʻllab-quvvatlashi taxmin qilinmoqda.
Ushbu qaror Buyuk Britaniya va AQSh oʻrtasidagi munosabatlarga ham taʼsir qilishi mumkin. Prezident Tramp Buyuk Britaniyaning ketma-ket kelgan bosh vazirlariga Shimoliy dengizda koʻproq burgʻilash ishlarini olib borish boʻyicha bosim oʻtkazib keladi.
Dauning-strit Trampning hukumatning Gʻarbiy sohildagi soʻnggi sanktsiyalariga hujum qilmaganidan yengil tortgan boʻlsa-da, uning maʼmuriyati AQSh bu yoʻldan bormasligini bildirdi.
Uplift ijrochi direktori Tessa Xan "Shimoliy dengiz neftidan olinadigan foydaning bir tiyini ham" "oʻzi Buyuk Britaniya sanktsiyalariga duchor boʻlish xavfi ostida turgan" kompaniyaga ketmasligi kerakligini aytdi.
Tashqi ishlar vazirligi izoh berishdan bosh tortdi.
Isroil 1967 yildagi Yaqin Sharq urushi paytida Gʻarbiy sohil va Sharqiy Quddusni bosib olganidan beri 700 000 yahudiy yashaydigan 160 ga yaqin aholi punktini barpo etdi. Ular bilan birga taxminan 3,3 million falastinlik istiqomat qiladi.
Aholi punktlari xalqaro huquqqa koʻra noqonuniy hisoblanadi va soʻnggi oylarda Gʻarbiy sohilda yahudiy koʻchmanchilar tomonidan falastinliklarga nisbatan zoʻravonlik holatlari koʻpaygan.
Isroil Buyuk Britaniya sanktsiyalarini tanqid qilib, hukumatni "antiisroil siyosati" yuritishda aybladi.

