Borneo yonmoqda - Osiyoning zaharli tumani bilan yuzma-yuz hayot
Indoneziyadagi bir necha oylik yongʻinlar Janubi-Sharqiy Osiyoni tutun bilan qopladi va yuz minglab odamlarning xastalanishiga olib keldi.

Borneo yonmoqda - Osiyoning zaharli tumani girdobida hayot
Oʻt oʻchiruvchilar haftalardan beri oʻchmas olovga qarshi kurashmoqda
Indoneziya Borneosi ustida osilib turgan smogga quyosh nuri tushganda, hamma narsa zang rangiga kiradi. Moshinalar, uylar va koʻchalar xira zangsimon tuman ichidan paydo boʻlayotgandek va keyin unda gʻoyib boʻlayotgandek tuyuladi. Ushbu manzarani "apokaliptik" soʻzidan koʻra yaxshiroq ifodalaydigan soʻz kam topiladi.
Lekin, uch farzandning onasi Dianira Eka Nastiti eng koʻp qoʻrquvni tunda, sukunat va qorangʻulikda his qiladi.
"Baʼzida tunda chaqalogʻimning koʻkragidan xriplaydigan ovoz chiqadi," deydi u. "U atigi bir yarim oylik boʻlganida bronxopnevmoniya bilan shifoxonaga yotqizilgan edi va har kuni tunda xavotirga tushaman: ertaga bolam yoʻtalab qolmaydimi?
Ushbu xayollar meni har kuni tunda taʼqib qiladi."
Dastiti Palangkarayada, Janubi-Sharqiy Osiyoning katta qismini zaharli tuman bilan qoplagan va oylab davom etayotgan ekologik ofatning eng markazida yashaydi.
Ochiq sunʼiy yoʻldosh platformasi Nusantara Atlas maʼlumotlariga koʻra, yil boshidan beri Indoneziya boʻylab 1,9 million gektarga yaqin maydonni oʻrmon yongʻinlari egallab oldi - bu AQShning Nyu-Jersi shtati yoki butun Fiji davlati hududiga teng. Hisob-kitoblarga koʻra, aynan sentyabr oyining oʻzida bir million gektar maydon yonib ketgan.
Zaharli taʼsir doirasi bundan ham kengroq. Ich-ichidan yonayotgan oʻrmon, botqoqlik va torfzorlarning bepoyon hududlari havoni mikrozarrachalar va is gazi bilan toʻldirib, Indoneziyani chirmab olgan va Singapur, Malayziya hamda Filippingacha tarqalgan zararli bulutni hosil qildi.
Oktyabr oyi oʻrtalariga kelib, Indoneziya Sogʻliqni saqlash vazirligi surunkali yoʻtal va oʻtkir respirator infektsiyalar boʻyicha 277 000 dan ortiq holatni qayd etdi. Ularning 62 000 dan ortigʻi besh yoshgacha boʻlgan goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalardir.
"Oʻrmon yongʻinlari katta taʼsir koʻrsatdi, ayniqsa hammaning sogʻligʻiga," deydi bir haftadan ortiq yoʻtalganidan keyin Palangkarayadagi tibbiyot markaziga olib kelingan 22 yoshli Natari Viktoriya.
"Mening kichik jiyanlarim, jumladan chaqaloqlar ham bor, ular ham yoʻtalishmoqda. Bu ularga juda ogʻir botmoqda."
Dianira Eka Nastiti bolalarining qanday sogʻayib ketishidan xavotirda
Torf yongʻinlaridan chiqadigan tutun va tuman tarkibida inson organizmiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan murakkab ifloslantiruvchi moddalar aralashmasi mavjud.
Ular orasida oʻpkaning ichiga juda chuqur kirib boradigan va baʼzi hollarda qon aylanish tizimiga oʻtib, yalligʻlanish, oʻpkaning surunkali kasalliklari va vaqtdan ilgari oʻlim xavfining ortishiga olib keladigan mikrozarrachalar bor.
Yana bir xavotirli jihat - havoga ajralib chiqayotgan zaharli issiqxona gazidir.
"Bu yerda Markaziy Kalimantanda, ayniqsa Palangkarayada osmon sariq tusga kirib, tuman bilan qoplandi," deydi Palangkaraya Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Riduan. "Unda aholi aslida nimadan nafas olmoqda? Bu toza kislorod emas; bu karbonat angidrid va ifloslantiruvchi moddalardir. Natijada nima boʻladi? Organizm - xususan miya - yetarlicha kislorod olmaydi."
Bolalar, keksalar va homilador ayollar tuman xavfiga, ayniqsa, uning taʼsiri ostida uzoq vaqt qolganda, sogʻliqqa yetkaziladigan zarar toʻplanib boradigan davrda juda taʼsiruvchan boʻlishadi.
Palangkaraya kabi joylarda rasmiy tavsiya - uyda qolish va koʻchaga chiqmaslikdir. Ammo Dastiti buning reallikka toʻgʻri kelmasligini aytadi.
"Men hali ham sabzavot sotib olishim, oziq-ovqat gʻamlashim, maktab buyumlarini xarid qilishim va boshqa ehtiyojlarni qondirishim kerak," deb tushuntiradi u. "Buning aslo iloji yoʻq va bunday gaplarni aytayotgan odamlar bu yerda aslida nima boʻlayotganini umuman bilmaydi, deb hisoblayman."
Shunga qaramay, Dastitining eng katta xavotiri - bolalarining sogʻligʻi va farovonligidir. Tuman quyuqlashganda, u bolalarini tezda uyga olib kiradi.
"Sharoit shunchalik xavfli ekan, mening boshqa ilojim yoʻq," deydi u. "Bizning kichik bolalarimiz parqda boʻlishlari, doʻstlari bilan oʻynashlari va maktabga borishlari kerak edi. Buning oʻrniga ular uy ichida qamalib oʻtirishibdi."
Palangkarayadan 50 km (31 mil) shimolda joylashgan Ramang qishlogʻida yashovchi 37 yoshli Lola Masitri ham uyda qamalib oʻtirishga majbur boʻldi. Oxirgi bir necha hafta ichida smog yanada kuchayib - changli kurak rangidan zaʼfaron sariqqa, yaqinda esa alangali olovrangga aylanganida - u va uning oilasi vaqtining koʻp qismini uy ichida oʻtkazdi.
Uning aytishicha, Indoneziyaning tuman eng koʻp taʼsir qilgan hududlaridagi koʻplab boshqa bolalar singari, uning bolalari ham maktabda onlayn oʻqishmoqda, u va boshqa kattalar esa zaharli havoda yarim kunlik ish kunini amallab oʻtkazishga harakat qilishmoqda.
Odamlar zaharli smogdan oʻzini yomon his qilayotganidan shikoyat qilib, shifoxonalarga murojaat qilishmoqda
Son-sanoqsiz dehqonlar, kunbay ishlaydigan mardikorlar va kichik sotuvchilar ham xuddi shunday kun kechirish vositalaridan voz kechishga yoki koʻchaga chiqib tavakkal qilishga majbur boʻlishmoqda. Bundan tashqari, koʻpchilikning ushbu ofat oʻtib ketishini kutishdan boshqa chorasi yoʻq.
"Agar bizdan sogʻliq uchun xavflardan qoʻrqamizmi deb soʻrasangiz, albatta qoʻrqamiz. Ammo boshqa qayerga ham bora olardik?" deydi Masitri. "Biz shunchaki chidashimiz va ushbu vaziyatda matonatli boʻlishimiz kerak, chunki shunchaki boshqa variantning oʻzi yoʻq."
Hukumatga yongʻinlarni toʻxtatish uchun koʻproq choralar koʻrish boʻyicha jamoatchilik bosimi ortib bormoqda, koʻpchilik rasmiylar tomonidan koʻrilayotgan choralarni juda yetarli emas deb tanqid qilmoqda.
Rasmiylarning taʼkidlashicha, ular alangani va u bilan birga tutunni oʻchirish uchun turli choralarni qoʻllashgan - havodan suv sochishdan tortib, ob-havoni sunʼiy oʻzgartirish boʻyicha tajribalargacha. Oʻtgan haftada Indoneziya hukumati "quruqlikdagi operatsiya"ni amalga oshirish uchun 60 000 dan ortiq xodimni yuborganini maʼlum qildi va yangi yongʻinlarni oʻchirishda 80% muvaffaqiyatga erishilganini daʼvo qildi.
"Hozirgi bosqichda, yongʻinlarni oʻchirish uchun mavjud boʻlgan barcha xavfsiz va samarali variantlardan foydalanishimiz kerak deb oʻylayman," deydi Indoneziyaning Yayasan Konservasi Alam Nusantara (YKAN) ekologik nodavlat tashkilotining oʻrmonchilik boʻyicha mutaxassisi va torfzorlar tadqiqotchisi doktor Nisa Novita.
"Bu biroz choʻkayotgan kemani qutqarishga oʻxshaydi: biz shoshilinch harakat qilishimiz, yordam beradigan har qanday vositalardan foydalanishimiz va hali imkoniyat bor asnoda keyingi zararlarning oldini olishimiz kerak."
Ammo joylardagi qutqaruvchilar uchun bu resurslar tez tugab bormoqda.
100 kundan ortiq vaqtdan beri Juni faqat pasayish koʻrinishini berayotgan oʻrmon yongʻinlariga qarshi kurashmoqda. Sirtda alanga soʻnganday - ammo yer ostida, karbonat, oʻsimliklar va torfning chuqur qatlami orqali ich-ichidan yonayotgan yongʻinlar davom etmoqda.
"Bu haqiqatan ham juda holdan toydiradi," deydi u, doimiy tutun sababli nafasi siqilayotgani, tinmay yoʻtalayotgani va koʻzlarida oʻtib ketmaydigan ogʻriq borligini tasvirlar ekan. Undan nima kerakligini soʻrashganda, u "havo" deb javob beradi.
"Tuman nafas olishni qiyinlashtiradi," deb tushuntiradi u. "Biz shunchaki kuchli yomgʻir yogʻishini umid qilyapmiz."
Oʻrmon yongʻinlari Indoneziyaning Markaziy Kalimantan hududini vayron qilmoqda
Indoneziya va Janubi-Sharqiy Osiyo boʻylab minglab boshqa odamlar oxirgi bir necha oyni xuddi shu umid bilan oʻtkazishdi.
Indoneziyada mavsumiy oʻrmon yongʻinlari yangilik emas, ammo bu yil Super El-Nino deb atalgan hodisa qurgʻoqchilik sharoitini kuchaytirdi va torf yongʻinlarini oʻchirish uchun zarur boʻlgan yomgʻirlarni kechiktirdi. Bu, shuningdek, Juni kabi front chizigʻidagi, toʻxtatib boʻlmaydigandek tuyulgan yongʻin maydoniga qarshi oylab kurashayotganlar uchun hayotni ancha qiyinlashtirdi.
Doktor Novitaning aytishicha, hatto oxirgi haftalarda ham joylardagi sharoit juda ogʻirlashgan, chunki davom etayotgan qurgʻoqchilik suvni tobora tanqis qilmoqda.
Palangkarayadagi yana bir oʻt oʻchiruvchi Fauzi Rahmon buni u va uning hamkasblari duch kelayotgan asosiy qiyinchiliklardan biri sifatida koʻrsatdi.
"Torfzorlardagi yongʻinlarni oʻchirish qiyin, chunki bu koʻp suv va uzoq vaqt talab qiladi," deydi u. "Odatiy yerda biz bir kunda 20 gektar maydonni tozalashimiz mumkin, ayniqsa katta jamoa bilan... Torfzorda esa bunga oylab vaqt ketishi mumkin.
Biz suvni juda chuqurga, tubigacha yuborishimiz kerak, bu esa juda katta miqdordagi suvni talab qiladi. Hozir esa suvni topish qiyin."
Doktor Novitani yanada xavotirga solayotgan narsa shundaki, uning jamoasi yongʻinlar ilgari hech qachon yongʻin yuz bermagan joylarga tarqalayotgani haqida xabar bergan.
"Shunday qilib, biz nafaqat odatiy qaynok nuqtalardagi yongʻinlar bilan kurashyapmiz, balki ularning yangi hududlarda paydo boʻlayotganini ham koʻryapmiz," deydi u.
Palangkarayada odamlar ushbu apokalipsisning tugashini juda-juda xohlashmoqda. Ammo bu yaqin orada sodir boʻlishi uchun, ehtimol, tabiat kuchi kerak boʻladi.
Palangkaraya Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Riduan Bi-bi-siga "jamoatchilik, harbiylar va politsiyaning birgalikdagi barcha favqulodda harakatlari bilan yongʻinlar oʻchiriladi, deb umid qilamiz", deydi.
"Shunga qaramay, ayni vaqtda yongʻinlar hali ham davom etmoqda," deya qoʻshimcha qiladi u. "Shunday ekan, biz nimaga umid qila olamiz? Eng katta umidimiz - Qodir Xudo bizga tez orada yomgʻir yuborishidir."

