“Bor, “lyuboy"ingga chiq”. Nurafshonda mahalla yetakchilarini haqoratlagan yoshlar ishlari bo‘limi rahbari ishdan olindi
Tarmoqlarda Nurafshon shahri yoshlar ishlari bo‘limi rahbari Mirkarim Ahmadjonovning mahalla yetakchilarini haqoratlagani aks etgan audio tarqaldi. Xizmat tekshiruvidan so‘ng aybini tan olgan mulozim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Uning ishidagi boshqa kamchiliklar yuzasidan surishtiruv davom etmoqda.

Nurafshon shahar yoshlar ishlari bo‘limi rahbari Mirkarim Ahmadjonov mahallalardagi yoshlar yetakchilarini haqorat qilgani va ularga bosim o‘tkazgani sababli lavozimidan ozod etildi. Bu holat Ahmadjonovning yoshlar yetakchilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishidan olingan audioyozuv tarqalganidan so‘ng ma’lum bo‘ldi.
Tarqalgan audioyozuvda bo‘lim rahbari xodimlarni sha’niga tegadigan so‘zlar bilan haqorat qilgani va ularni "eshak" deb atagani eshitiladi. U, shuningdek, kunlik ma’lumotlar, hisobotlar va jadvallarni to‘ldirish ishlariga yengil-yelpi yondashilganiga e’tiroz bildirgan. Yig‘ilishda ayollar ham bo‘lishiga qaramay, rahbar ularni haqorat qilishda davom etgan.
Ahmadjonovning so‘zlari orasida: "Mahallanga borsa, chiqmaysanlar… Eshak, hammasi bir go‘r…Bor, “lyuboy"ingga chiq…Senlarga yoqyaptimi shunaqa sassiq gap? Ikki soat oldin aytsam, yarim soat kech kelasanlar. Biror kimga gapirayotganim yo‘q, mana yarim soat kech kelganlaringni. Senchi? Yo yaxshilikka, anavi osh-anaqadan javob beryapsanmi sen menga?" kabi iboralar mavjud.
Yig‘ilish davomida xodimlardan biri "sansiramang" deya e’tiroz bildirganida, bo‘lim boshlig‘i u bilan alohida gaplashib olishini va "yoqmayotgan bo‘lsa, arizangni yoz" deya tahdid qilgani ham eshitilgan.
Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Nurafshon shahar hokimligi tomonidan ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasida tarqalgan xabarlar o‘z tasdig‘ini topgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 18-avgust kuni sodir bo‘lgan. Ahmadjonov yig‘ilish davomida xizmat odobi va kasbiy etika talablarini qo‘pol ravishda buzgan. Shuningdek, uning ish faoliyatida boshqa bir qator kamchiliklar ham aniqlangan.
Mansabdor bilan o‘tkazilgan suhbatdan so‘ng, u o‘z aybini tan olgan va mehnat shartnomasini bekor qilishni so‘ragan. Natijada u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Hozirda uning ish faoliyatidagi boshqa kamchiliklar yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning ham g‘alla planini bajarmagan fermerlarni haqoratlab, tahdid qilgani aks etgan audio tarqalgandi. Unda "Yopmasang, tiqib yuboraman… Ey, qo‘zichoq, yop, tushundingmi?" deyilgan. Keyinchalik Antikorrupsiya agentligi taqdimnomasidan so‘ng viloyat hokimligi tomonidan odob-axloq qoidalarini buzgan tuman rahbariga hayfsan berilgan.
Farg‘onada esa Quva tumani hokimi Halimjon Umarovning fermerlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda axloq qoidalariga zid harakatlar qilgani va ularni haqoratlab, yerini topshirishni talab etgani aks etgan audio tarqalgandi. Antikorrupsiya agentligi taqdimnomasidan so‘ng unga ham hayfsan berilgan.
Gazeta inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov hamda siyosatshunos Farhod Tolipov bilan mansabdorlarning fuqarolar bilan qo‘pol munosabatda bo‘lishi inson huquqlari nuqtai nazaridan qanday baholanishi, ular odamlar bilan kommunikatsiyani qanday yo‘lga qo‘yishi kerakligi kabi savollarga javob izlashga uringandi.

