Bombalar oʻgʻirlab ketilgan yoshlarni qutqarishga toʻsqinlik qilmoqda, deydi Nigeriya politsiyasi
Oʻgʻirlab ketilgan 19 nafar yoshlardan birining otasi BBC’ga xavotirdan uch kundan beri ovqat yemaganini aytdi.

Nigeriya politsiyasi: Bombalar oʻgʻirlab ketilgan yoshlarni qutqarishga toʻsqinlik qilmoqda
Oʻgʻirlab ketilgan yoshlardan birining otasi Omotosho Adevale uch kundan beri tinchligi yoʻqligini va ovqat yemaganini aytmoqda
Nigeriya politsiyasi qurolli shaxslar tomonidan 19 nafar milliy yoshlar xizmati chaqiriluvchilari ushlab turilgan lagerni topganliklarini, biroq hududga portlovchi moddalar oʻrnatilgan deb hisoblaganlari sababli oldinga siljiy olmayotganliklarini maʼlum qildi.
Politsiya komissari Audu Bossoning aytishicha, dronlar oʻtgan hafta janubi-sharqiy Imo shtatida oʻgʻirlab ketilganidan keyin Milliy yoshlar xizmati korpusi (NYSC) boʻlajak aʼzolari olib ketilgan lagerni aniqlashga yordam bergan.
Lagerning aniq joylashuvi oshkor etilmagan va politsiya oʻgʻirlik ortida turganlarning nomlarini maʼlum qilmagan.
Farzandi olib qochilganlar orasida boʻlgan Omotosho Adevale BBC’ga oʻgʻrilar 50 million nayra (37 680 dollar; 28 440 funt sterling) miqdorida toʻlov talab qilganini, buni toʻlay olmasligini aytdi.
"Koʻnglimda halovat yoʻq. Uch kundan beri ovqat yemadim".
Adevale hukumatni aralashishga chaqirdi.
Payshanba kuni oʻgʻirlab ketilgan guruh janubi-gʻarbdagi Ibadan shahridan Abia va Akva Ibom shtatlaridagi NYSC yoʻnalish lagerlariga ketayotganida, Imo shtatidagi Umunoxa yaqinida qurollangan shaxslar ularning avtobuslariga hujum qilgan.
NYSC Nigeriyadagi aksariyat universitet va politexnika bitiruvchilari uchun bir yillik majburiy dasturdir. Unda ishtirok etuvchilar, yaʼni korpus aʼzolari, mamlakatning turli hududlariga ishlash, jamoatchilik xizmatini oʻtash, shuningdek, milliy birlikni targʻib qilish uchun yuboriladi.
Jurnalistlar bilan suhbatda Bosso oʻgʻrilarning iziga tushilganini aytdi.
"Dron bizga ularning joylashgan joyini aniq koʻrsatdi. Ammo bizdagi maʼlumotlarga koʻra... lager qoʻlbola portlovchi qurilmalar bilan minalashtirilgan", dedi u.
Politsiya qutqaruv operatsiyasiga tayyorgarlik koʻrayotgan bir paytda buldozerlar va zirhli texnikalar olib kelinmoqda.
Toʻlov evaziga odam oʻgʻirlash Nigeriyadagi asosiy xavfsizlik muammosi boʻlib, unda ham jinoiy guruhlar, ham qurolli guruhlar ishtirok etadi.
Imo shtatidagi oʻgʻrilik keng xavotirga sabab boʻldi, chunki ommaviy odam oʻgʻirlash holatlari Nigeriya janubida shimoliy hududlarga qaraganda kamroq uchraydi.
Toʻlov toʻlash noqonuniy hisoblanadi va rasmiylar oilalarni bunday qilmaslik haqida qayta-qayta ogohlantirgan, garchi oʻgʻirlanganlarning qarindoshlari koʻpincha ularni ozod qilish uchun toʻlov toʻlashga majbur boʻlishsa-da.
Soʻnggi oʻgʻrilik milliy yoshlar xizmati uchun Nigeriya boʻylab sayohat qilayotgan yoshlar duch kelayotgan xavf-xatarlarni yana bir bor koʻrsatdi va islohotlar oʻtkazish talablarini yangiladi.
NYSC ilgari zoʻravonlik yoki oʻgʻirlab ketish xavfi tufayli xavf darajasi yuqori deb hisoblangan hududlarga aʼzolarini yubormasligini bildirgan edi. Janubi-sharqiy Nigeriyaning aksariyat qismi ilgari yuqori xavfli toifaga kiritilmagan edi.
Janubi-sharqda avvalgi baʼzi odam oʻgʻirlash holatlari separatist guruhlar, jumladan, Biafra tub xalqlari (Ipob) bilan bogʻlangan.
Rasmiylar hozirgi oʻgʻrilikni hech bir guruh bilan bogʻlamagan.

