Boltiqbo‘yi davlatlari dronlardan himoyalanish uchun Yevroittifoqdan yarim mlrd yevro so‘radi — OAV

Boltiqbo‘yi davlatlari dronlardan himoyalanish uchun Yevroittifoqdan yarim mlrd yevro so‘radi — OAV
Latviya, Litva va Estoniya mudofaa vazirlari dronlardan himoyalanish uchun zudlik bilan 500 million yevro ajratishni so‘rab Yevrokomissiyaga murojaat qildi.
Xat bilan tanishgan nashrga ko‘ra, vazirlar so‘nggi oylarda Rossiya tomondan kelayotgan tahdid sezilarli darajada kuchayganini ta’kidlagan. Xat mualliflari dronlarga qarshi mudofaa tizimlari uchun qo‘shimcha mablag‘ 2026-yil oxirigacha ajratilishiga umid qilmoqda.
Nashr manbalariga ko‘ra, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen mudofaa vazirlarining xatini qabul qilib olgan. Yevrokomissiya unga qachon javob berishi hozircha noma’lum.
So‘nggi oylarda dronlar Latviya, Litva va Estoniya havo hududini bir necha bor buzib kirgan. Ayrim holatlarda ular Rossiyaning radioelektron urish vositalari ta’sirida yo‘nalishini yo‘qotgan Ukraina dronlari bo‘lib chiqqan.
15-sentyabrga o‘tar kechasi Ukrainaga uyushtirilgan hujumda qatnashib, yo‘nalishidan chetga chiqqan Rossiya droni Litva hududi ustida urib tushirilgan. Litva rasmiylariga ko‘ra, dronda portlovchi modda bo‘lgan.

