Boltiq dengizida anomal issiq sabab zaharli suvo‘tlari tarqaldi

Boltiq dengizida g'ayritabiiy issiqlik tufayli zaharli suvo'tlarining tarqalishi kuzatilmoqda.
Boltiq dengizi qirg'oqlarida kuzatilayotgan anomal issiqlik natijasida zaharli ko'k-yashil suvo'tlari keng tarqalib ketdi. Shu sababli, sog'liqni saqlash mutaxassislari aholini ayrim plyajlarda cho'milishdan saqlanishga chaqirmoqda. Ushbu suvo'tlari terida qichishish va oshqozon-ichak tizimida muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Quyosh nurlarining ko'pligi va suv haroratining ko'tarilishi suvo'tlari ko'payishi uchun qulay sharoit yaratmoqda. Rostok shahar hokimiyati Boltiq dengizining ayrim plyajlarida cho'milish xavfli ekanligi haqida ogohlantirmoqda. Rostok shahar Yong'in xavfsizligi, qutqaruv xizmati va falokatlarni boshqarish boshqarmasi 15-avgust kuni ushbu suvo'tlarining zahar ishlab chiqaruvchi sianobakteriyalar ekanligini tasdiqladi.
Ta'kidlanishicha, ko'k-yashil suvo'tlari teriga tegsa, shish, qichishish yoki allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Og'ir holatlarda esa ko'ngil aynishi va oshqozon-ichak muammolariga olib keladi. Sog'liqni saqlash boshqarmasi ayniqsa bolalar va itlar uchun ehtiyotkor bo'lishni tavsiya qilmoqda. Itlarga bu suvdan ichirish qat'iyan man etiladi.
Cho'milishga to'liq taqiq qo'yilmagan. Ogohlantirish Varnemyunde sohilidagi 30-hududdan 36-hududgacha bo'lgan qismga tegishli. Biroq, Rostok shahar rasmiylari suvo'tlarining tarqalishini aniq bashorat qilib bo'lmasligini ta'kidlamoqda, chunki bu shamol va ob-havo sharoitlariga bog'liq. Shu sababli, sohilning katta qismi xavf ostida qolishi mumkin.
**Bu qanday suvo'tlari?**
Aniqroq aytganda, ko'k-yashil suvo'tlari uzun yashil o'simlik emas, balki bakteriyalardir. Ular ko'pincha suvda suzib yuradi va suv yuzasida ko'k-yashil shilimshiq qatlam hosil qiladi. Rostok shahar rasmiylari o'z bayonotida issiq, quyoshli ob-havo va ozuqaga boy suvda ularning tez ko'payishini tushuntirdi. Shamol va oqimlar bu to'plamlarni qisqa vaqt ichida boshqa joyga olib ketishi mumkin.
Varnemyundedagi Leybnits Baltika dengizini tadqiq qilish instituti ma'lumotlariga ko'ra, bu suvo'tlari salomatlik uchun xavfli zahar ishlab chiqaradi. Odatda, bu zahar kam miqdorda bo'lsa, sog'lom odamga zarar yetkazmaydi. Qolaversa, barcha ko'k-yashil suvo'tlari ham zahar ishlab chiqaravermaydi.
Biroq, tez shakllanadigan bu qatlamlarda zahar miqdori oshib ketishi mumkin. Bu inson terisini qichishtiradi, suv yutib yuborilsa, ko'ngil aynishi va qusishni keltirib chiqaradi. Leybnits institutining ta'kidlashicha, zararlangan suvni ichgan hayvonlar, masalan, qoramollar, itlar va o'rdaklar o'rtasida ilgari o'lim holatlari ko'p kuzatilgan. Avvalroq polshalik erkak 55 soat to'xtatmasdan Boltiq dengizini suzib o'tgani haqida xabar berilgandi.

