Bolgariyada bir oy ichida EMCO’ning ikkinchi o‘q-dori omborida portlash yuz berdi

Bolgariyada bir oy ichida EMCO’ga tegishli ikkinchi o‘q-dori omborida portlash sodir bo‘ldi
Bolgariyaning Gabrovo viloyatidagi o‘q-dori omborlarida portlash va yong‘in yuz berdi. Hodisa 11-sentyabr kuni kechqurun Tryavna va Tsareva Livada oralig‘idagi Gorni Varpishta qishlog‘i yaqinida ro‘y bergan.
Bolgariyaning NOVA telekanali xabariga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlar soat 23:04—23:10 oralig‘ida kelib tushgan, shundan ko‘p o‘tmay 112 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilingan.
Obyekt hududida jami 11 ta ombor mavjud. Yong‘in avval ulardan birida boshlangan, keyin esa yaqin atrofdagi yana ikkita omborga tarqalgan. Hududda bir necha portlash ovozi eshitilgan.
Gabrovo viloyati gubernatori Kristina Sidorovaning aytishicha, omborlarda porox va o‘q-dorilar saqlangan bo‘lishi mumkin. So‘nggi portlash yarim tunga yaqin qayd etilgan.
Hodisa paytida omborlarda odamlar bo‘lmagan. Hududda bo‘lgan ikki nafar qo‘riqchi vaqtida xavfsiz joyga chiqishga ulgurgan. Qurbonlar ham, jarohatlanganlar ham yo‘q.
“Uchta o‘t o‘chirish brigadasi vaziyatni nazorat qilmoqda. Davom etayotgan portlashlar xavfi sabab qutqaruvchilar omborlarga yaqinlashmagan, yong‘inning tarqalishi dronlar yordamida kuzatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Hodisa joyi to‘liq o‘rab olingan va aholini ogohlantirish uchun BG-Alert tizimi ishga tushirilgan. Eng yaqin aholi punkti obyektdan bir kilometrdan ko‘proq masofada joylashgan.
Avgust oyida EMCO’ga qarashli boshqa o‘q-dori omborida ham portlash va yong‘in yuz bergan edi. O‘shanda ham jabrlanganlar qayd etilmagan.
Portlash bo‘yicha tergov ham davom etmoqda. Gabrovo prokuraturasi bir nechta ekspertiza tayinlagan, 11 nafar guvoh so‘roq qilingan. Bolgariya Davlat milliy xavfsizlik agentligi — DANS va politsiyaga qo‘shimcha tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish topshirilgan. Tergovchilar hozircha hodisaning hech bir ehtimoliy sababini istisno qilmagan.
Avvalgi hodisadan keyin olib borilgan tozalash ishlari davomida harbiylar 60 ta portlamagan turli kalibrdagi o‘q-dorini topgan. Ulardan ikkitasi joyida yo‘q qilingan, shuningdek, qariyb ikki tonna metall parchalari yig‘ilgan. Hududni tozalash ishlari 8-sentyabrda yakunlangan edi.

