Mahalliy

“Bolalarimizni maktabga ham berolmayapmiz” - Zangiotada 120 xonadon egalarining muammosiga yechim topilmayapti

Zangiota tumanidagi Navroʻz massivida yuzlab aholi qariyb 7 yildan buyon uy-joylarini qonuniy rasmiylashtira olmayapti. 2019-yilda ularning oʻz uylari “dom” qurish uchun olinib, kompensatsiya berilgan va yangi uy qurish uchun yer ajratilgan. Ammo hujjatlarda yerlar sugʻoriladigan ekin yeri sifatida qayd etilgan. Bu esa roʻyxatdan oʻtish, farzandlarni maktabga joylashtirish va boshqa masalalarda qiyinchilik tugʻdirmoqda.

“Bolalarimizni maktabga ham berolmayapmiz” - Zangiotada 120 xonadon egalarining muammosiga yechim topilmayapti

Navroʻz massividagi aholi vakillarining aytishicha, bu hududda qariyb 120 ta xonadon mavjud. Ularning aksariyati 2019-yildan beri shu manzilda yashab kelayotgan bo‘lsa-da, doimiy roʻyxatdan oʻtish imkoniga ega emas.

«Shuncha vaqtdan beri hokimiyatga, prokuraturaga, viloyat hokimligiga, vazirlikka murojaat qildik. Hammasidan javob xati oldik, ammo ijobiy natija bo‘lmadi. Hokim ham faqat vaʼda beradi, lekin natija yo‘q”, deydi murojaatchilardan biri.

Vatandoshlarning soʻzlariga ko‘ra, bu masala avvalgi tuman hokimi davrida ham bir necha bor ko‘tarilgan. Yangi rahbariyatga ham murojaat qilingan, biroq muammo hanuzgacha hal etilmagan.

Murojaatchilar aytishicha, kadastr organlari ularga mol-mulkka egalik huquqiga oid maʼlumotlar hamda QR-kodli hujjatlar bergan. Ammo bu maʼlumotlarni elektron tizimlarda tekshirishga uringanda natija chiqmagan.

“Kadastr bo‘yicha mol-mulkka egalik huquqi chiqqan. Lekin internetda tekshirsangiz, hech qayerda ko‘rinmaydi. Bizga berilgan qog‘ozdagi kodlar orqali maʼlumot chiqmayapti. QR-kod bo‘lgani bilan qo‘limizdagi qog‘oz shunchaki chiqindi bo‘lib qolyapti”, deydi yana bir murojaatchi.

Aholining taʼkidlashicha, bu holat hujjatlariga nisbatan ishonchsizlikni yanada kuchaytirmoqda.

“Mana shu beshta ko‘chada yashaydiganlarning hammasi hozir go‘yo noqonuniy turgandek. Aslida bizga qonuniy qaror berilgan, yer ajratilgan. Lekin keyin “sug‘oriladigan yerga bunday qaror berish mumkin emas”, deyishyapti. Demak, bu yer hokimlikning xatosi bilan bizga berilgan. Hozir xohlagan odam sudga berib, hokimning qarorini bekor qildirishi va uylarimizni buzdirishi mumkin, degan xavotir bor. Biz aynan shundan qo‘rqyapmiz. Yuqoridan bu masaladan bexabar kelgan odam hujjatlarimizni koʻrsa, “sizlar noqonuniy yashayapsizlar”, deb qolishi mumkin”, deya taʼkidlaydi murojaatchilardan biri.

Manzil boʻyicha roʻyxatdan oʻta olmayotganlar farzandlarini maktabga joylashtirish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va boshqa masalalarda muammolarga duch kelmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.