«Bolalarimizni maktab partasiga qaytardik» – prezident
Davlat rahbari bugungi kunda bolalar oʻqishi, izlanishi, kamol topishi va katta orzular bilan yashashi uchun sharoit yaratilganini taʼkidladi.

«Bolalarimizni maktab partasiga qaytardik» – prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda maktabdagi yillarini yodga olib, oʻsha paytlarda oʻquvchilar har yili 4–5 oy paxta yigʻimiga safarbar etilganini aytdi.
«Men 11 yillik maktab attestatini olganman. Lekin 11 yil toʻliq oʻqimaganman. Maktabga borganman, ammo har yili 4–5 oy paxtada boʻlganman», – dedi prezident.
Davlat rahbari bolalarning oʻqishi, izlanishi, kamol topishi va katta orzular bilan yashashi uchun barcha sharoit yaratilganini taʼkidladi.
«Taʼlimni rivojlantirish Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning eng muhim boʻgʻinidir», – dedi prezident.
Soʻnggi oʻn yilda 1 million 800 ming oʻrinli bogʻchalar va 1,5 million oʻrinli maktablar qurildi, 10 mingdan ortiq bogʻcha va maktab zamonaviy koʻrinishga keltirildi.
Davlat rahbari taʼlimda binolar va sharoit bilan birga, eng avvalo, mazmun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etdi.
«Biz bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, oʻqituvchilarni taʼlim jarayoniga qaytardik», – dedi u islohotlarning eng katta natijasi haqida toʻxtalib.
Har bir bola oʻqishi, izlanishi, kamol topishi va katta orzular bilan yashashi kerak. Bu orzular amalga oshishi uchun esa eng yaxshi darsliklar, kuchli va malakali oʻqituvchilar zarur.
«Biz bugun bolaga nimani bersak, ertaga uning natijasini mamlakat kelajagida koʻramiz», – dedi prezident.

