Mahalliy

Bolalar yölakda emas, avtomobil yölida: Şayxontohur hokimiyati "20 kunda" deb vaʼda berdi

Toşkentning Şayxontohur tumanidagi 21-davlat boğçasiga farzandini olib keladigan ota-onalar bir neça yildan beri piyodalar yölagisiz qolgan. Ular bolalarini avtomobil harakatlanadigan yöldan olib ötişga majbur. Ota-onalardan biri öğlini maşina turtib ketganini aytdi. Hududdagi binolar buzilib, maydon temir panjara bilan örab olinganidan keyin avval mavjud bölgan piyodalar yölagi yopilib ketgan.

Bolalar yo‘lakda emas, avtomobil yo‘lida: Shayxontohur hokimiyati "20 kunda" deb vaʼda berdi

Sebzor ko‘chasidagi 21-DMTT oldida piyodalar uchun alohida yo‘lak yo‘q. Ota-onalar farzandlarini bog‘chaga olib kelish va olib ketishda avtomobil harakatlanadigan yo‘ldan yurishga majbur bo‘layotganini aytmoqda.

Aholining aytishicha, hududdagi binolar buzilib, maydon temir panjara bilan o‘rab olinganidan keyin avval mavjud bo‘lgan piyodalar yo‘lagi yopilgan. Muammo bir necha yildan beri davom etmoqda. Bu yerda bog‘chadan tashqari maktablar va oliy taʼlim muassasasi ham joylashgan. Shu bois yo‘lakning yo‘qligi faqat bog‘chaga keladigan oilalargagina emas, boshqa piyodalarga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda.

«Albatta, xavfli. Lekin qayerdan yurishim kerak? Trotuar bo‘lmasa, shu yerdan yurishga majburman. Boshqa yo‘l yo‘q», - deydi mahalliy aholi vakili.

«Bolalarim sho‘x, yugurib ketib qolishidan qo‘rqaman. Yomg‘ir yog‘ganidan keyin bu yer loy bo‘lib ketadi. Uchtа bolani bir vaqtda olib o‘tish juda qiyin. Ayrim haydovchilar tez o‘tib ketishadi, bola bormi yoki “kolyaska” bormi, qaramaydi. Shu yerda piyodalar yo‘lagi bo‘lsa, bolalarim bilan xavfsiz yurardim», - deydi farzandlarini bog‘chaga olib keladigan onalardan biri.

«Katta o‘g‘limni ham mashina turtib ketgan. Velosipedda ketayotganida orqasidan mashina kelib urgan. Bu yerda bolalar ko‘p yuradi, lekin piyodalar uchun yo‘lak yo‘q. Har kuni bolalarimni olib o‘tganda xavotirdaman», - deydi mahalliy ota-onalardan biri.

«Bolalarni logopedga yoki sport to‘garagiga olib borish uchun ko‘chaning narigi tomoniga o‘tishimiz kerak. Svetoforgacha borish uchun ham aylanib yurishga to‘g‘ri keladi, u yergacha esa trotuar yo‘q. Shu yerda piyodalar yo‘lagi va xavfsiz o‘tish joyi tashkil etilsa, yaxshi bo‘lardi», - deydi suhbatdoshlardan biri.

Gap shundaki, bu yerdagi piyodalar yo‘lagining yopilishiga sabab bo‘lgan hudud «REAL QURILISH BUILDING» MChJga tegishli. Qurilish ishlari boshlanmagan bo‘lsa-da, maydon temir panjara bilan o‘rab qo‘yilgan. Natijada avval mavjud bo‘lgan piyodalar yo‘lagi yopilib, bog‘cha bolalari, maktab o‘quvchilari va talabalar avtomobil harakatlanadigan yo‘ldan yurishga majbur bo‘lmoqda. Bu maʼlumot Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining fuqaro murojaatiga bergan javobida ham qayd etilgan.

Jarayonga hokim o‘rinbosari jalb qilinib, hududdagi vaziyat ko‘zdan kechirildi.

Hokim o‘rinbosari Rasul Kuchkarov muammo qurilish ishlari va hududning o‘rab qo‘yilgani bilan bog‘liqligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda qurilishi to‘xtab qolgan elchixona obyekti bor. Hokimiyat vakili to‘siqlarni surish va hududni tozalash orqali piyodalar uchun vaqtinchalik yo‘lak tashkil etish rejalashtirilayotganini bildirdi.

«Yechim qila olamiz. Hozir mana, qurilishi to‘xtab turgan elchixonamiz bor, o‘shaning oldidagi “zabor”larni surib, tozalab, vaqtincha bo‘lsa ham fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida standart o‘lchamdagi trotuar qilib beramiz. Buning uchun 15–20 kuncha vaqt kerak bo‘ladi. Tayyorlash ishlari bor. Vaqtincha bo‘lsa ham, qor-yomg‘irda odamlar xavfsiz yuradigan yo‘lak bo‘ladi», - dedi Rasul Kuchkarov

Hokim o‘rinbosari hudud renovatsiya maydoni ekanini ham qayd etib, to‘siqlarni ochish va surish orqali aholi uchun yo‘lak tashkil etishga harakat qilinishini aytdi. Murojaatlar masalasida esa Rasul Kuchkarov bu muammo bo‘yicha rasmiy murojaat kelib tushmaganini bildirdi.

Qizig‘i shundaki, aholi vakillari ushbu masala yuzasidan ikki marta murojaat qilganini aytmoqda. Qolaversa, ularning qo‘lida aynan hokim o‘rinbosari nomidan yuborilgan javob xati ham bor. Hokimiyat vakili 15–20 kun ichida vaqtinchalik standart o‘lchamdagi trotuar tashkil etilishini va aholi xavfsizligi taʼminlanishini maʼlum qildi. Endi asosiy masala - vaʼda qilingan ishlar belgilangan muddatda amalga oshirilishida.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.