Mahalliy

Bolalar musiqa va san’at maktablaridagi ta’lim sifati bo‘yicha madaniyat vaziriga parlament so‘rovi yubordi

Madaniyat vaziriga bolalar musiqa va san’at maktablaridagi ta’lim sifati bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi.

Qonunchilik palatasining 11-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida bolalar musiqa, san’at va ixtisoslashtirilgan maktablaridagi ta’lim sifati hamda ularni zarur jihozlar bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Ushbu masalada deputatlar Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga parlament so‘rovi yuborishdi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, bolalar musiqa va san’at ta’limi tizimini takomillashtirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni malakali pedagoglar bilan ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, respublika bo‘ylab 326 ta bolalar musiqa va san’at maktabi qurilgan. Ko‘plab o‘quv binolari rekonstruksiya qilinib, musiqa cholg‘ulari va o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan.

Biroq, deputatlarning hududlarda o‘tkazgan o‘rganishlari va ta’lim muassasalaridan olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, sohada tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, Termiz, Farg‘ona, Urganch, Samarqand va Navoiy shaharlaridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari, Andijon shahridagi Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi, Toshkent shahridagi R. Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktabi va boshqa bir qator muassasalar binolari kapital ta’mirga muhtojligi aniqlangan.

Shuningdek, 2020-yil 4-fevraldagi prezident qarorida 2021/2022-o‘quv yilidan Buxoro, Qarshi, Namangan va Urganch shaharlarida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi huzurida ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internatlarini tashkil etish belgilangan bo‘lsa-da, bu vazifa to‘liq bajarilmagan. Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi bilan bog‘liq loyiha ham amalga oshirilmagan. Maktab uchun Buxoro shahridagi Bunyodkor MFY hududidan 1 gektar yer maydoni ajratilib, 43 mlrd so‘mlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan, ammo mablag‘ ajratilmagani sababli qurilish ishlari boshlanmagan.

Ayrim musiqa va san’at ta’limi muassasalarida o‘quvchilar soni binolarning loyiha quvvatidan yuqori ekani ham aniqlangan, bu esa o‘quvchilar uchun zarur ta’lim muhitini yaratishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, ayrim maktablarda mashg‘ulot xonalarining akustik holati talab darajasida emas. Maxsus sinf xonalari va konsert zallari yetishmasligi ham muammolardan biri sifatida qayd etilgan.

Kadrlar masalasida ham kamchiliklar mavjud. Ayrim muassasalarda konsertmeysterlar va tor ixtisosliklar bo‘yicha pedagoglar yetishmayapti. Majlisda san’at ta’limi muassasalarini zarur jihozlar va o‘quv-uslubiy vositalar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish, ta’lim sifati va kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Shuningdek, pedagoglarning malakasini oshirish va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda maktab-internatlarni tarbiyachilar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan madaniyat vaziridan asoslantirilgan tushuntirish berish so‘raldi.

Qonunchilik palatasining 28-aprel kungi majlisida ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga avtomobil foto va video qayd etish texnika vositalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi samaradorligi yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqilgandi. Foto-video qayd etish tizimida ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonida texnik xatolar tufayli jarimalar noto‘g‘ri hisoblanayotgani, ayrim haydovchilarga asossiz ravishda ma’muriy jazo choralari qo‘llanayotgani ta’kidlangan. Deputatlar yo‘llarning ayrim qismlarida asfalt sifati talabga javob bermasligi, yo‘l chiziqlari ko‘rinmasligi yoki noto‘g‘ri chizilgani ham qoidabuzarliklarga sabab bo‘layotganini bildirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.