Bolalar buyumlari banki toʻliq ish kunida ishlaydigan koʻproq ota-onalarga yordam bermoqda
Bankni boshqarayotgan er-xotin talab juda yuqori boʻlgani sababli bolalar ozuqasiga "oʻta kuchli ehtiyoj" sezayotganlarini aytmoqda.

Bolalar buyumlari banki toʻliq ish kunida ishlaydigan koʻproq ota-onalarga yordam bermoqda
Kavita va Karvinder Dhillon toʻliq ish kunida ishlaydigan koʻproq odamlar ularning bolalar buyumlari bankidan foydalanayotganini aytmoqda
Birmingemdagi bolalar buyumlari banki toʻliq ish kunida ishlaydigan, ammo farzandlari uchun eng zarur narsalarni sotib olishga qiynalayotgan odamlar soni ortib borayotganini va ularga yordam berayotganini maʼlum qildi.
Kavita Kaur Dhillon va uning turmush oʻrtogʻi Karvinder Soho Roud koʻchasida joylashgan «Handsworth Baby and Family Bank»ni boshqaradi. Ushbu bank taglik (pampers), bolalar aralashmasi (smes), kiyim-kechak va oʻyinchoqlar kabi zarur buyumlarni bepul tarqatadi.
Er-xotinning soʻzlariga koʻra, ular avvaliga yordam bergan odamlarning aksariyati kam taʼminlangan oilalar boʻlgan, ammo hozirda kundalik xarajatlar uchun yordamga muhtoj boʻlgan ishlaydigan oilalar soni ortib bormoqda.
«Bizga boshqa kiyim-kechak kerak emas, kundalik eng zarur narsalar — bolalar aralashmasi, tagliklar, nam salfetkalar va gigiyena vositalari zarur», dedi Kavita.
Karvinderning aytishicha, soʻnggi yillarda talabning turi oʻzgargan.
«Ilgari bizga asosan tagliklar kerak boʻlardi», dedi u.
«Kundalik yashash xarajatlari oshgani sari, odamlarga kundalik ehtiyojlar uchun koʻproq yordam kerak boʻlmoqda».
Er-xotin hozirda bolalar aralashmasiga juda katta ehtiyoj borligini va omborda koʻpincha atigi bir nechta quti qolayotganini aytishdi.
«Chiroyli kiyinganingiz yoki yaxshi mashina haydashingiz sizga yordam kerak emasligini anglatmaydi», dedi Kavita.
«Hech kim odamlarning sharoitini bilmaydi. Odamlar hukm chiqarishi mumkin, lekin haqiqat shundaki, odamlar qiynalmoqda».
Bank tagliklar, kiyim-kechak, oʻyinchoqlar va bolalar aralashmasi kabi bepul zarur mahsulotlarni taqdim etadi
Er-xotinning «Dhillons Boutique» doʻkoni ichida faoliyat yuritadigan ushbu bank 2024 yildan beri oilalarga yordam berib kelmoqda.
Kavitaning aytishicha, bankning doʻkon bilan bir joyda joylashgani yordam soʻrashdan tortinish hissini kamaytirishga yordam beradi.
«Siz bizning doʻkondan chiqib ketayotganingizda, odamlar sizni biror narsa sotib oldi deb oʻylashadi, vaholanki, siz shunchaki bizning bolalar bankimizdan foydalangan boʻlasiz», dedi u.
U bu yerni «issiq va samimiy maskan» deb taʼrifladi va ochilganidan beri talab tinimsiz oʻsib borayotganini aytdi.
Er-xotin uchun oilalarga yordam berish hamon loyihaning eng quvonarli qismi boʻlib qolmoqda.
«Men uchun kimgadir yordam bera olganimni, uning yaxshi boʻlib, tabassum qilganini bilish katta baxt», dedi Kavita.
U qiynalayotgan har bir kishini sukut saqlab azob chekmaslikka chaqirdi.
«Bundan uyalish yoki qoʻrqish kerak emas. Yordam soʻrashning hech qanday uyatli joyi yoʻq».

