Bolalar adabiyoti bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
O‘zbek tilida bolalar va o‘smirlar uchun yaratilgan badiiy asarlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan respublika tanlovi yakunida 23

Bolalar adabiyoti bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi
Bugun, 23-oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida «Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar» respublika ijodiy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirda Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda universitet rahbariyati, pedagoglar va tanlov g‘oliblari qatnashdi.
Tanlov 2026-yilning sentyabr–oktyabr oylarida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda universitet hamkorligida tashkil etildi. Uning bosh maqsadi bolalar va o‘smirlar uchun yoshiga mos, mazmunli va badiiy saviyasi yuqori asarlar yaratilishini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tilida mutolaaga qiziqishni oshirish hamda iste’dodli mualliflarni rag‘batlantirishdan iborat.
Tanlov uchun arizalar va ijodiy ishlar maxsus platforma orqali qabul qilindi. 15 sentyabrga qadar jami 198 ta ijodiy ish kelib tushdi. Ularni baholash uchun 12 nafar mutaxassisdan iborat ekspertlar guruhi jalb etildi.
Ekspertlar asarlarning mazmuni, badiiy saviyasi, o‘quvchilar yoshiga mosligi va tanlov maqsadlariga muvofiqligini tahlil qildi. Baholash jarayonida xolislik, mustaqillik va shaffoflik tamoyillariga rioya qilindi.
Tanlovga taqdim etilgan asarlarda tabiat va atrof-muhitga munosabat, tarixiy xotira, kelajak haqidagi tasavvurlar, o‘zini anglash va shaxsiy tanlov kabi mavzular yoritilgan. Ular orasida «Diqqat! Daraxt gapiradi», «Tarixning tirik izlari», «Kelajak sari bir qadam», «Kelajak noma’lum» va «O‘zimni tanladim» kabi asarlar bor.
Ta’kidlanishicha, baholashda faqat asarlarning mavzusi va nomi bilan cheklanib qolinmagan. Ulardagi badiiy ifoda, mazmun izchilligi va mo‘ljallangan yosh toifasiga muvofiqlik ham inobatga olingan.
Ijodiy ishlar kitobxonlarning yoshi va adabiy ehtiyojlariga qarab bir necha yo‘nalishga ajratildi. Jumladan, 6–10 yoshli bolalar uchun ertaklar, 11–14 yoshli bolalar uchun ertak va hikoyalar, 15–17 yoshli o‘smirlar uchun esa hikoyalar saralandi.
Tanlov yakunida ekspertlar xulosasiga ko‘ra, 23 ta asar bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan adabiy to‘plamlarga kiritishga tavsiya etildi. Ushbu asarlar asosida yosh toifalariga mos uchta to‘plam shakllantirildi.

