“Bolaga yaratilgan sharoit mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga mustahkam asos bo‘ladi” — Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev bolalarga bag‘ishlangan xalqaro sammit ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida bolalarni himoya qilish, tibbiy yordam va ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi. 'Bolaga yaratilgan sharoit mamlakatning taraqqiyotiga mustahkam asos bo‘ladi', dedi u.

“Bolaga yaratilgan sharoit mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga mustahkam asos bo‘ladi” — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” nomli butunjahon sammiti ochilishi munosabati bilan ishtirokchilarga tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbari anjumanni tashkil etishda hamkorlik qilayotgan BMT va uning Bolalar jamg‘armasi — YUNISEF, Jahon banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro ijtimoiy ta’minot uyushmasi hamda boshqa hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Mirziyoyev bolalar farovonligini ta’minlashda ularning bugungi ehtiyojlarini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, har bir bola mehr, xavfsizlik, sifatli ta’lim va zarur tibbiy yordam olish huquqiga ega. Bolaning qadri uning kelajakdagi kasbi yoki daromadi bilan o‘lchanmasligi kerak.
“Bolaning sog‘lom o‘sishi va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan sharoit mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga ham mustahkam asos bo‘ladi. Shu bois bolalikka yo‘naltiriladigan mablag‘lar davlat siyosatida izchil va barqaror o‘rin egallashi zarur”, — dedi prezident.
Davlat rahbari O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, maktabgacha ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy xizmatlarni oilalarga yaqinlashtirish, nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi hamda bolalarni zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilish bo‘yicha islohotlar davom etayotganini ta’kidladi.
U keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, amalga oshirilgan islohotlar natijasida tug‘ruq jarayonida onalar o‘limi va bolalarning o‘sishdan ortda qolishi ikki baravarga qisqargan. Maktabgacha ta’lim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizga oshgan, olti yoshli bolalarning qariyb 100 foizi maktabga tayyorlovga jalb etilgan. Oliy ta’lim bilan qamrov esa 9 foizdan 45 foizga, ya’ni besh baravarga ko‘tarilgan.
Shuningdek, oila va bolalar ehtiyojlarini erta aniqlash hamda yordam ko‘rsatishga qaratilgan ijtimoiy himoya tizimi orqali so‘nggi besh yilda bolalar kambag‘alligi qariyb to‘rt baravarga qisqargan. Keyingi ikki yilda inklyuziv maktablar soni besh baravar ko‘paygan, nogironligi bo‘lgan bolalarning 85 foizdan ortig‘i ta’lim xizmatlariga jalb etilgan.
Prezident islohotlar natijasi har bir oila hayotida sezilishi kerakligini ta’kidlab, bolaga shifokorning o‘z vaqtida yetib borishi, maktabda o‘qish uchun zarur sharoit mavjudligi va zo‘ravonlikka uchragan bolaning ishonch bilan yordam so‘ray olishi kabi mezonlarni muhim deb atadi.
Davlat rahbari oilani qo‘llab-quvvatlash bolaning xavfsizligi va eng ustun manfaatlarini ta’minlashni anglatishini qayd etdi. Bu ota-onalarga o‘z vaqtida yordam berish, bolaning oiladan ajralib qolishining oldini olish va zarur hollarda unga xavfsiz, barqaror oilaviy parvarish topishni talab qiladi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, hozir O‘zbekistonda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarning 100 foizi oila bag‘rida tarbiyalanmoqda.
“O‘zimizda „Bir bolaga yetti mahalla ota-ona“, degan hikmat bor. Unda bolaga befarq bo‘lmaslik, oilani yolg‘iz qoldirmaslik ma’nosi mujassam. Bugun bu an’ana davlatning aniq kafolatlari, malakali mutaxassislar xizmati va har bir bolaning shaxsiy daxlsizligiga hurmat bilan mustahkamlanishi kerak”, — dedi prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy tajribadagi mehr va hamjihatlikni ilg‘or xalqaro bilimlar bilan boyitish, bolalarga o‘z tili va madaniy ildizlaridan kuch olish bilan birga boshqa xalqlarga hurmat bilan qarashni o‘rgatish muhim. Har bir bola millati, tili, e’tiqodi, salomatligi yoki oilasining daromadidan qat’i nazar, mustaqil fikrlash, ijod qilish va bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Prezident qurolli mojarolar, majburiy ko‘chish, iqlim o‘zgarishi va iqtisodiy qiyinchiliklar bolalar hayotiga og‘ir ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, davlatlar mas’uliyatini bajarishi, xalqaro hamkorlik esa milliy imkoniyatlarni to‘ldirishi zarurligini aytdi.
Sammitda muhokama qilinishi taklif etilgan birinchi yo‘nalish bola hayotining ilk davridan uzluksiz ko‘makni kuchaytirishdan iborat. Buning uchun ona salomatligi, to‘g‘ri ovqatlanish, erta rivojlanish va maktabgacha ta’limni o‘zaro bog‘lash, bola va oila ehtiyojlarini imkon qadar erta aniqlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, bolalarning og‘ir kasalliklarini erta aniqlash va davolashda xalqaro hamkorlikni kengaytirish taklif qilindi. Xususan, bolalar onkologiyasi sohasida mutaxassislar tajriba almashishi, tashxis imkoniyatlari va sifatli dori vositalaridan foydalanishni yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.
“Bolaning yashash joyi uning yordam olish imkoniyatini cheklab qo‘ymasligi kerak”, — dedi Mirziyoyev.
Prezident birinchi xonimlarning bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbusning jamoatchilik va xayriya salohiyati tibbiy ekspertlar tavsiyalari, ehtiyojga asoslangan yordam hamda mablag‘larning ochiq sarflanishi bilan uyg‘unlashtirilishi lozim. Hamkorlik milliy sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlashga xizmat qilishi kerak.
Sammitdagi yana bir ustuvor yo‘nalish bolalar uchun xavfsiz ta’lim va raqamli muhitni ta’minlashdan iborat. Prezident kiberbulling, ekspluatatsiya va shaxsiy ma’lumotlardan suiiste’mol qilishga qarshi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Ayni paytda bolalarning bilim olishi, ijod qilishi va xavfsiz muloqot imkoniyatlarini kengaytirish, ularga, ota-onalar va pedagoglarga raqamli savodxonlik bo‘yicha amaliy ko‘mak berish taklif qilindi.
Mirziyoyev bolalarning fikrini qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb etish muhimligini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar uchun yaratilayotgan xizmatlar haqida ularning o‘z fikrlarini eshitish zarur. Bunda ishtirok bolaning yoshiga mos, ixtiyoriy va xavfsiz tashkil etilishi kerak.
Prezident xalqaro hamkorlikni davom ettirish uchun Samarqand platformasini amaliy muloqot mexanizmi sifatida shakllantirishdan manfaatdorlik bildirdi. Ushbu platforma mavjud tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali tajribalarni almashish, ixtiyoriy qo‘shma loyihalarni tayyorlash va natijalarni muhokama qilishga xizmat qilishi mumkin.
Mirziyoyev sammitning yakuniy deklaratsiyasidagi umumiy maqsadlarni amaliy ishlarga aylantirish uchun mas’ullar, resurslar va muddatlar belgilangan rejalarni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, kelishilgan ko‘rsatkichlar asosida natijalarni ochiq muhokama qilish o‘zaro ishonchni mustahkamlashini qayd etdi.
“Bunda e’tiborimiz, ayniqsa, yordamdan chetda qolayotgan bolalarga qaratilishi zarur. Farovonlik yo‘lidagi taraqqiyot har bir bolaning hayotida sezilganida umumiy yutug‘imizga aylanadi”, — dedi davlat rahbari.
Prezident bolalarning qayerda va qanday oilada tug‘ilishini tanlay olmasligini, ammo ularning xavfsiz ulg‘ayishi, qobiliyatini kashf etishi va kelajagini qurishi uchun sharoit yaratish davlatlar qarorlariga bog‘liqligini ta’kidlab, Samarqandda boshlangan hamkorlik bolalar hayotini yaxshilaydigan aniq ishlar bilan davom etishiga umid bildirdi.

