Bola bog‘cha eshigida qoladigan eng katta omonat
Namanganda 5 yoshli qizga nisbatan qilingan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq holat juda ko‘p savolni muhokamaga

**Bola bog‘cha eshigida qoladigan eng katta omonat**
Namanganda 5 yoshli qizga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq holat juda ko‘p savollarni kun tartibiga olib chiqdi: ota-ona farzandini bog‘chaga topshirganda, uni kimga ishonadi?
– Bundan keyin uyda o‘tirasan, qizimizni bog‘chaga bermaymiz. O‘zim ro‘zg‘orni bir navi qilib tortarman, onasi...
– O‘zim ham qo‘rqib qoldim, dadasi. Ammo, qiynalib qolasiz-da?
– E-e, hechqisi yo‘q. Hali u bog‘chada zo‘ravonlik, hali bu bog‘chada kaltaklash, endi bunisi juda ortiqcha... Xavotirdaman!
Bu oddiy oilaviy suhbatga o‘xshaydi. Aslida esa bugun ko‘plab ota-onalar ichida kechayotgan qo‘rquvning aks-sadosi.
Yuqoridagi voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq xabar jamoatchilikni xavotirga soldi. Ayniqsa, har kuni farzandini bog‘chaga olib boradigan ota-onalar uchun bu voqea «Bolam u yerda xavfsizmi?» degan savolni yanada keskinlashtirdi.
Ota-ona bolasini bog‘chaga olib boradi. Eshik oldida uning qo‘lidan ushlab, kiyimini to‘g‘rilaydi, peshonasidan o‘padi.
– Yaxshi o‘tirgin, bolam, men seni kechqurun olib ketaman.
Bola bunga ishonadi. Ota-ona esa tarbiyachiga, mudiraga, muassasaga, bolani himoya qilishi kerak bo‘lgan butun tizimga ishonadi. Ammo bola har qanday xavfni kattalardek anglay olmaydi. O‘z huquqini talab qilish imkonidan yiroq. Qo‘rqsa, ko‘pincha jim qoladi. Uyalsa, gapirmaydi. Nima bo‘lganini tushuntirishga so‘z topolmasa, voqeani ichiga yutib yuradi. Shu bois bog‘cha eshigidan kirgan bola bilan birga katta mas’uliyat ham muassasa ichiga kiradi.
Rivoyatlardan birida bir kuni bola otasidan so‘rabdi:
– Ota, odamlar nega katta bo‘lgach, hamma narsani biladigan bo‘lib qoladi?
– Chunki, ular ko‘p narsani ko‘rgan bo‘ladi,
— deb javob beribdi ota.
Bola biroz o‘ylab turib:
– Unda nega kattalar bolalarni eshitishmaydi? Biz ular ko‘rmagan narsani ko‘rgan bo‘lishimiz mumkin-ku?
— debdi.
Ota jim qolibdi.
Bu kichik rivoyatda katta haqiqat bor: bola ham ko‘radi, sezadi, qo‘rqadi, og‘riydi. Faqat uni kattalardek ifoda eta olmaydi. Shu bois bolaning jimligini «hammasi joyida» deb tushunmaslik kerak.
**Bola ishonadi. Kattalar-chi?**
Yaqinda bir yosh ona so‘zlab bergan voqea ham kishini chuqur mulohazaga chorlaydi. Uning aytishicha, farzandi bir necha kun davomida bog‘chadan vahima ichida qaytgan. Tarbiyachi unga baqirgan, hatto: «Onangga aytsang, seni o‘ldiraman», — deb tahdid qilgan. Xodim esa buni inkor etib: «U bir bola bo‘lsa, shunga ishonasizmi?!» — deya o‘zini oqlagan. Aslida esa bola to‘g‘ri gapirgan edi, uning qo‘rquvi bejiz emasligi tez orada ma’lum bo‘ldi.
– Hartugul, bor kuchim bilan kirishib, vaziyatni oydinlashtirdim. Tarbiyachi nafaqat mening farzandimni, balki boshqa bolalarni ham qo‘rqitib, kamsitib, ularga doimiy ravishda baqirib kelgan ekan...
— deydi ona kuyunib.
Bugun qaysidir ota-ona haq-huquqini talab qilib ovoz chiqarsa, uni darrov «shantajchi», «shovqinchi» yoki «vaziyatni bo‘rttiruvchi»ga chiqarib, undan uzoqlashishga urinishadi. Aslida esa bunga jigarbandining taqdiridan xavotirga tushayotgan ota-onaning tabiiy munosabati deb qarash lozim. Hatto eng og‘ir vaziyatlarda ham bolalar bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berishga qiynaladi. Bola gapirganda, uning ovozi kattalarning hayqirig‘i ostida qolib ketmasligi kerak. U qo‘rqib emas, balki kattalarga ishonib gapira olsagina, jamoatchilikni tashvishga solayotgan bog‘chalar ichkarisidagi og‘riqli muammolarga haqiqiy yechim topiladi.
Bog‘cha deganda ko‘z oldimizga rang-barang devorlar, o‘yinchoqlar, shinam xonalar, yotoqxona va oshxona keladi. Biroq bola uchun bu maskan faqat bino va devorlardan iborat emas. U yerda go‘dakning butun hayoti — ovqatlanishi, uxlashi, o‘yinlari, quvonchu ko‘z yoshlari hamda qo‘rquvlari o‘tadi. Shu sababli bog‘chadagi har bir katta yoshli xodim bola taqdirining muayyan qismiga javobgardir. Tarbiyachi shunchaki oddiy ishchi, mudira esa shunchaki rahbar emas. Tizimdagi har bir shaxs — bolalar xavfsizligining ajralmas qismi. Agar shu qismlardan biri vazifasini lozim darajada bajarmasa, muammo bitta xona doirasida qolib ketmaydi, balki butun tizimga putur yetkazadi.
Namangandagi holat jamoatchilikning hissiyotli munosabatlaridan ham kattaroq va jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda. Mudhish voqea aslida qachon va qayerda sodir bo‘lgan?
Nahotki bog‘cha rahbariyati voqeadan go‘yoki keyin xabar topgan bo‘lsa? Nega mudira bola bilan bog‘liq holatni ochiq-oydin o‘rganish o‘rniga vaziyatni xaspo‘shlashga, uni jamoatchilikdan yashirishga urindi? Aybsiz bo‘lsa, nega tekshiruvdan qo‘rqish kerak?
Voyaga yetmagan qizaloq yolg‘iz tashqariga chiqsa-yu, tarbiyachi xabarsiz qolsa: u qachon chiqib ketgan, qachon va qanday ahvolda kirib kelayotganini u hech narsa bilmaydi go‘yoki. Narkotik qabul qilgan xo‘jalik bo‘limi mudiri jinsiy zo‘ravonlikni takroran sodir etib kelgan-u bog‘cha mudirasi bilmaydi go‘yoki. Ishga qabul qilinayotganda, xo‘jalik mudirining qaysi jihatlari qo‘llab-quvvatlanib, munosib vazifaga qo‘yilgan? Vaziyatdan silliq chiqib ketishga urinayotgan bog‘cha mudirasi hech o‘z farzandi yoki nevarasini shunday ahvolda ko‘z oldiga keltirarmikin?
**«Bosti-bosti» bolani himoya qilmaydi**
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning eng xavfli ko‘rinishi — uni xaspo‘shlash va yashirishga urinishdir. «Oilaviy sir», «Bola noto‘g‘ri tushungan», «Vaziyatni bo‘rttirmang», «Muassasa obro‘siga putur yetadi» qabilidagi yondashuvlar muammoni aslo hal etmaydi. Aksincha, bunday loqayd munosabat mavjud xavfni navbatdagi bolaga olib o‘tadi, xolos.
Ma’lumki, O‘zbekistonda 2024-yilda «Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Unda bolalarni zo‘ravonlikning turli shakllaridan himoya qilish, xavf ostidagi bolalarni aniqlash va vakolatli organlarni xabardor qilish mexanizmlari belgilangan. Ushbu qaror bolaga qo‘l ko‘tarish, uni tahqirlash yoki ruhiy bosim o‘tkazish «tarbiya usuli» emasligini ko‘rsatadi.
Demak, bolaga nisbatan zo‘ravonlik faqat jismoniy shikast yoki tan jarohati yetkazish bilangina o‘lchanmaydi. Go‘dakni qo‘rqitish, ruhan xo‘rlash va kamsitish ham jiddiy huquqiy masaladir. Amaldagi qonunchilikda bolalarni zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlaridan himoya qilish prinsiplari qat’iy belgilab qo‘yilgan. Xulosa shuki, qonun ham bu boradagi javobgarlik va mas’uliyatni tobora kuchaytirmoqda.
Muammo faqat zo‘ravonlik bilan cheklanib qolmaydi. Chunki go‘dak ota-onasining ijtimoiy mavqei, tanish-bilishi yoki cho‘ntagining qalinligiga qarab baholanmasligi lozim. Bog‘cha eshigi oldida barcha bola teng bo‘lishi shart: bu yerda kimning otasi kimligi, qancha pul topishi yoki kimni tanishi emas, balki bolaning shaxsi va uning o‘zi muhim.
Afsuski, bu oddiy haqiqatni hali ham anglab yetmagan muassasalar yo‘q emas. Cho‘ntagi baquvvat kishining farzandi uchun lang ochilgan eshiklar qo‘li kalta oilaning bolasi uchun yopilgan, tanish-bilishchilikni bola huquqidan ustun qo‘yuvchi tizimlar hanuz «yashamoqda».
Bog‘cha kimningdir imtiyozi emas, balki har bir bolaning teng huquqliligi va xavfsizligi kafolatlanishi lozim bo‘lgan maskandir. Bolalardan birining otasi mansabdor, boshqasiniki ishsiz, birining onasi qimmatbaho mashinada kelar, kimdir esa farzandini piyoda yetaklab kelar, ehtimol. Ammo ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir bolaning haq-huquqi va xavfsizlik ta’minoti bir xil bo‘lishi shart. Bunday mezonlarga ko‘z yumilayotgani esa, shubhasiz, muassasa ichkarisidagi eng og‘riqli nuqtadir. Mavjud ichki to‘siqlar yetmaganidek, himoyasiz va jismoniy jihatdan zaif bolaga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonliklar jamiyatning sabr kosasini to‘ldirishi tabiiy.
**Mening bolam emas-ku...**
Shu bois ham bola huquqlarini himoya qilish faqat ota-onaning burchi emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyati ekanligi bejiz ta’kidlanmayapti.
Ota-ona bog‘chadagi farzandining har bir daqiqasini kuzatib o‘tirish imkoniyatiga ega emas. U ishlaydi, ro‘zg‘or tebratadi, kundalik tirikchilik bilan band bo‘ladi. Shu bois ham jigarbandini maktabgacha ta’lim tashkilotiga ishonib topshiradi. Demak, ota-ona bog‘cha eshigidan chiqib ketgan lahzadan boshlab mas’uliyat yo‘qolib ketmaydi, aksincha, ushbu ulkan vazifa to‘liq muassasa zimmasiga o‘tadi.
Har kuni ertalab ota-ona farzandini bog‘cha eshigi oldiga olib keladi. Bola qo‘lida kichik sumkacha. Ichida kiyim, o‘yinchoq, daftar. Ammo ota-ona bog‘cha opaga sumkachadan ko‘ra kattaroq narsani topshiradi. Ishonchini. «Bolamni asraysiz» degan ishonchni. Bola esa eshikdan kirib ketadi. U kattalarga, tarbiyachiga, bog‘chaga ishonadi. Bola ishonchini mas’uliyat bilan his qilish esa butun tizimning burchi.
Namangandagi mudhish holatdan keyin eng katta savol: «Aybdorlarga necha yil beriladi?» emas, balki «Ertaga boshqa bir bola shu holatga tushmasligi uchun bugun tizimda nimani o‘zgartiramiz?» degan haqli savol bo‘lishi kerak. Chunki bir murg‘ak qalb taqdiriga yetkazilgan zararni endi ortga qaytarib bo‘lmaydi. Biroq uning og‘rig‘i boshqa bolalarni asrash yo‘lida achchiq saboq bo‘lishi lozim. Buning uchun esa bola gapirganda uni eshitish, qo‘rqqanida himoya qilish va kattalarning xatosini «bosti-bosti» qilmaslik eng to‘g‘ri yo‘ldir.
5 yoshli qizaloq taqdiri bilan bog‘liq jinoyat allaqachon vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan huquqiy baholangan. Albatta, mansabdor yoki mas’ul shaxs o‘z vazifasini to‘laqonli bajarmagan bo‘lsa, u ham qonun doirasida baholanadi. Eng muhimi, aybdorlarni sud va vakolatli organlar aniqlaydi. Jamoatchilik esa haqiqat, shaffof tekshiruv va bola manfaatlari himoya qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida ma’lumot olgan mas’ul shaxsning harakatlari ham, voqeani yashirishga uringan xodimning javobgarligi ham ochiq va shaffof bo‘lishi shart. Chunki bitta aybdorni jazolash bilan muammo tugamaydi. Tizim saboq olmasa, bu holat yana takrorlanishi mumkin.
Bola bog‘cha eshigida qoldiriladigan eng katta omonat ekan, uni ko‘z qorachig‘idek asrash va bu mas’uliyatni yurakdan his etish har bir xodimning qonuniy hamda vijdoniy burchidir. Omonatga xiyonat qilishga hech kimning aslo haqqi yo‘q.

