Boeing 737 Max halokati bo‘yicha sud qarori chiqarildi
AQShdagi sud Boeing kompaniyasini 2019-yilda Efiopiyada halokatga uchragan 737 Max samolyotida vafot etgan BMT xodimining oilasiga 29 mln dollar tovon puli to‘lashga majbur qildi. Mazkur aviahalokatda bortda bo‘lgan 157 kishining barchasi halok bo‘lgan edi.

Chikago sudi Boeing kompaniyasini 2019-yilda Efiopiyada yuz bergan 737 Max aviahalokatida vafot etgan shaxslardan birining oilasiga 29 million dollar (taxminan 25 million yevro) miqdorida tovon puli to‘lashga majbur qildi.
Bu qaror 157 kishining hayotiga zomin bo‘lgan ushbu fojia bilan bog‘liq hal etilmagan oxirgi fuqarolik da’volaridan biri bo‘yicha qabul qilindi. Da’voni BMTning Jahon oziq-ovqat dasturida ishlagan irlandiyalik Maykl Rayanning bevasi kiritgan edi.
Boeing avvalroq ushbu aviahalokat bilan bog‘liq boshqa ishlar doirasida ham ko‘p million dollarlik to‘lovlarni amalga oshirishga majbur bo‘lgan. Shunga qaramay, so‘nggi yillarda halok bo‘lganlarning aksariyat yaqinlari Amerika aviasozlik kompaniyasi bilan suddan tashqari kelishuvlarga erishgan. Bunday kelishuvlar doirasida Boeing tomonidan to‘langan umumiy mablag‘ miqdori oshkor etilmagan.
2019-yil 10-mart kuni Boeing 737 Max samolyoti parvozga ko‘tarilganidan olti daqiqa o‘tib halokatga uchragan. Bortdagi barcha 157 kishi, jumladan besh nafar Germaniya fuqarosi halok bo‘lgan.
Bu Boeing 737 Max modelining qisqa vaqt ichida sodir bo‘lgan ikkinchi yirik aviahalokati edi. Bir necha oy oldin, 2018-yil oktyabrida Indoneziyada xuddi shu modeldagi samolyot halokatga uchrab, 189 kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi.
Ikkala aviahalokat bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar Boeing 737 Max samolyotlarining dasturiy ta’minotidagi muammolarni va uchuvchilarni tayyorlashdagi kamchiliklarni aniqladi.
Shundan so‘ng, Boeing 737 Max samolyotlarining parvozlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida vaqtincha to‘xtatildi. Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) ushbu modelning parvozlarini taqiqladi. AQSh, Kanada, Rossiya va boshqa davlatlarda ham shunga o‘xshash cheklovlar joriy etildi.
737 Max samolyotlarining uzoq vaqt parvoz qila olmasligi Boeing uchun jiddiy moliyaviy oqibatlarga olib keldi va kompaniya milliardlab dollar zarar ko‘rdi.
2020-yildan boshlab Boeing aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va samolyot tizimlariga o‘zgartishlar kiritish ishlarini amalga oshirgach, turli mamlakatlarda 737 Max uchun joriy qilingan cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilina boshladi.

