Bobur shahrida tadbirkorlar uchun yerlarning boshlang‘ich narxi ikki barobar arzonlashtiriladi

Bobur shahrida tadbirkorlar uchun yerlarning boshlang‘ich narxi ikki barobar pasaytiriladi
Andijondagi Bobur shahrida tadbirkorlar uchun yerlarning boshlang‘ich narxi ikki baravar arzonlashtiriladi. Bu haqda davlat rahbarining ushbu viloyatga tashrifi davomida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Bobur shahri aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. 2025-yil aprelida prezident Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri nomini berishni taklif qilgandi.
To‘rt ming gektar qir-adirda bunyod etilayotgan shahardagi qulay uylarga 25 ming aholi ko‘chib o‘tdi. Yana 200 ming kishiga mo‘ljallangan 800 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi boshlandi. Bu yerda savdo komplekslari, biznes markazlari, mehmonxonalar, xususiy ta’lim, tibbiyot va sport obyektlarini barpo etishni istagan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi.
Bunday obyektlarda investitsiyaning qaytish muddati uzoq bo‘lishini hisobga olib, yerning boshlang‘ich narxini uy-joy qurilishi uchun ajratiladigan yerlarga nisbatan ikki barobar arzon belgilashga rozilik bildirildi. Yerlarni yangi shartlarda auksionga qo‘yish topshirildi.
Kelgusi yil Milliy tiklanish va Navoiy, O‘zbekiston va Bobur, Amir Temur hamda “Yangi aylanma yo‘li” ko‘chalari kesishmalarida yana uchta yirik yo‘lo‘tkazgich quriladi. Asaka tumanining markazini aylanib o‘tuvchi ko‘prik ham ishga tushiriladi.

