Bobur Bekmurodov: Pedofillar uchun oʻlim jazosi bolalar uchun xavf tugʻdiradi
«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov pedofillar va qotillar uchun oʻlim jazosi tarafdori ekanini yana bir bor maʼlum qildi. OʻzLiDeP deputati va «Yuksalish» rahbari Bobur Bekmurodov bu yagona guvoh sifatida bolalarning oʻzlari uchun xavf tugʻdirishini aytib javob qaytardi va sud xatolari ehtimolini eslatib oʻtdi.

Bobur Bekmurodov: Pedofillar uchun oʻlim jazosi bolalar uchun xavf tugʻdiradi
29 sentyabr kuni Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiyalar fraktsiyalari bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha turlari, jumladan, jinsiy zoʻravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini koʻrib chiqishga kirishdi. Bu Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi davlat bogʻchasining 5 yoshli tarbiyalanuvchisiga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etilgani haqidagi shov-shuvli ish fonida yuz bermoqda.
Bundan oldin «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ushbu taklif boʻyicha ovoz berishda betaraf qolishini maʼlum qilgan edi. U ikki kun avval eʼlon qilgan oʻz fikrini yana bir bor takrorlab, pedofiliya va qasddan odam oʻldirish, ayniqsa, bolalarni oʻldirganlik uchun oʻlim jazosini qaytarish zarurligini taʼkidladi.
Deputat 2011 yilda Osloda 77 kishining hayotiga zomin boʻlgan va 300 dan ortiq kishini jarohatlagan yirik terakt tashkilotchisi, 21 yillik qamoq jazosini oʻtayotgan «norvegiyalik mahluq» Anders Breyvikni eslatdi. «Biz kimdan oʻrnak olyapmiz?» — deya soʻradi u va «agar bizning pedofilimiz ham sharoit soʻrasa, unga ham sharoit yaratib berishga majbur boʻlamiz», deb qoʻshimcha qildi.
Alisher Qodirovning fikricha, oʻlim jazosi ogʻir jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
OʻzLiDeP deputati va «Yuksalish» harakati rahbari Bobur Bekmurodov Alisher Qodirovga eʼtiroz bildirdi.
U bolalarga nisbatan jinoyat sodir etgan shaxslarga beriladigan jazo qattiq va muqarrar boʻlishi kerakligini taʼkidladi: umrbod ozodlikdan mahrum qilish, afv etish imkoniyatini butunlay istisno qilish va muddatidan oldin ozodlikka chiqishni taqiqlash.
Oʻlim jazosini qoʻllash esa, birinchidan, Konstitutsiyaga ziddir. Ikkinchidan, bu bolalarning oʻzlari uchun xavf tugʻdirishi mumkin.
«Agar bolani zoʻrlash ham, oʻldirish ham oʻlim jazosi bilan jazolanadigan boʻlsa, jinoyatchiga yagona guvohni, yaʼni bolaning oʻzini hayotdan mahrum qilishga hech narsa toʻsqinlik qilmaydi», — dedi u.
«Biz xalqaro majburiyatlarimizni va sud xatolari ehtimolini doimo yodda tutishimiz kerak», — deya qoʻshimcha qildi Bobur Bekmurodov.
«Bolalarni himoya qilish boʻyicha asosiy saʼy-harakatlar boshqa narsaga qaratilishi kerak deb hisoblayman. Bu jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish va ularning bolalar bilan ishlashini umrbod taqiqlash, maktab va mahallalarda xavfni erta aniqlash, tergov harakatlarini tezkor va kechiktirmasdan oʻtkazish, shuningdek, jabrlanuvchi bolalarga psixologik yordam koʻrsatishdir», — dedi u.
Bundan oldin OʻzLiDeP fraktsiyasi yigʻilishida bolalarga nisbatan shilqimlik qilish holatlari jinoyat emas, balki maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida notoʻgʻri tasniflanayotgani kabi muammo ham tilga olingan edi.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2023 yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy shilqimlik qilish boʻyicha 56 ta material kelib tushgan. 2024 yilda bu koʻrsatkich 129 tani, 2025 yilda esa 141 tani tashkil etgan. 2026 yilning birinchi yarmida bunday materiallardan 44 tasi kelib tushgan.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, ayrim hollarda jinoyat alomatlari sifatida koʻrib chiqilishi mumkin boʻlgan harakatlar maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida rasmiylashtirilgan.
Uch yil davomida 44 ta holatda jinoyatlar yashirilib, maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida taqdim etilgan.

